17:50 / 09.06.2018
4 742

Olti marta sudlangan qo‘shmachining so‘nggi bekati

Olti marta sudlangan qo‘shmachining so‘nggi bekati
Illyustrativ surat. Foto: «Kievvlast.com.ua»
2018 yil 2 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining ochiq sud majlisida 1974 yil 3 iyunda Jizzax shahrida tug‘ilgan, 1 nafar farzandi bor, hech qayerda ishlamaydigan, muqaddam 5 (!) marotaba sudlangan, qo‘shmachilik va firibgarlikni o‘ziga kasb qilib olgan Elmurodova Nazira Nishonovnaning (ism-shariflar o‘zgartirilgan, o‘xshashliklar tasodif) jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqildi. Elmurodova Nazira Nishonovna o‘zi kim, nima sababdan bu foniy dunyoda o‘zini o‘tga, olovga urib, bir necha marotaba sudlanishga ulgurgan, uni birov majburlaganmi, yoki unga nohaqliklar qilinganmi?

Nazira Elmurodovaning tarjimai holiga qisqacha nazar solaylik. U dastlab, 2005 yil 12 aprelda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan JKning 168-moddasi 3-qismi «a» bandi, 227-moddasi 2-qismi «a» bandi, 25.273-moddasi 5-qismi bilan 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan, baxtiga shu davrda amnistiya e’lon qilinib, jazodan 2005 yil 29 dekabrda amnistiya aktiga asosan ozod qilingan.

2006 yil 20 sentyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan JKning 168-moddasi 3-qismi «a» bandi, 227-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan JKning 59-moddasiga asosan 6 yil ozodlikdan mahrum qilingan, yana jazodan 2009 yil 28 avgustdagi amnistiya aktiga asosan ozod qilingan, 2011 yil 24 noyabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan JKning 168-moddasi 2-qismi «b,v» bandlari, 165-moddasi 2-qismi «a,v» bandlari bilan 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, yana 2011 yil 05 dekabrdagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan.

Hayot naqadar go‘zal, jinoiy faoliyatimni bemalol davom ettirsam bo‘laveradi, deb o‘ylab yana jinoyat sodir qilib, 2014 yil 01 iyulda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan JKning 131-moddasi 1-qismi bilan 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan, 2014 yil 19 dekabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Zarbdor tuman sudi tomonidan JKning 168-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan unga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi amnistiya aktiga asosan tugatilgan. 2015 yil 8 mayda jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan JKning 131-moddasi 2-qismi «a,b» bandlari bilan 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan, lekin bundan u biror bir xulosa chiqarmagan.

To‘g‘rida, xohlasa-xohlamasa har yili amnistiya to‘g‘risida farmon qabul qilinmoqda, hattoki Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ham berilmaydigan «AYoL» degan imtiyozi bor, bemalol foydalansam bo‘laveradi deb o‘ylagan. Xayoliga biror marotaba ham «Har bir narsada chegara, me’yor bo‘lishi lozim» degan fikr kelmay, bu so‘zlarni o‘zining lug‘at boyligidan olib tashlab, «Menga hamma narsa mumkin» degan fikrni kiritib qo‘ygan.

Shuncha gaplardan va jazolardan xulosa qilmasdan, Nazira Elmurodova yana yoshligini qo‘msab, Jizzax shahar, Obod mahallasi, X.Do‘stligi shoh ko‘chasi 101B-uy 6-xonadonda ijarada yashab kelib, moddiy manfaatdor bo‘lish maqsadida yashash xonadonida fohishaxona tashkil qilib, 2018 yil 21 yanvar kuniga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida, Sh.Rashidov tumani, Uchtepa mahallasi, Yoshlik ko‘chasida yashovchi Z.Q.ni, Zafarobod tumani, Yorqin QFY, Oxunboboyev shoh ko‘chasi 9-uy 2-xonadonda yashovchi O.A.ni va Zomin tumani, Navoiy QFY, Peshog‘ar qishlog‘ida yashovchi, 2002 yil 11 iyulda tug‘ilgan, voyaga yetmagan Gulnigor Bo‘riyevalarni shahvoniy maqsadlarda foydalanish uchun yollab, ularning erkiga zid ravishda uyida saqlab kelib, fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlab, uyiga kelgan mijozlarga ma’lum bir haq evaziga qo‘shib, ularning fohishaligidan foydalanib, shuning orqasidan kun kechirib kelganiga nima deysiz.

Oz emas, ko‘p emas sudlanuvchi N. Elmurodovaning xonadoniga jinsiy aloqa qilish maqsadida kelgan mijozlardan qizlar bilan bir marotabadan jinsiy aloqa qilishlari uchun 40.000 so‘mdan olib, evaziga ularga xonadonida fohisha sifatida saqlab kelgan Z.Q. va voyaga yetmagan Gulnigor Bo‘riyevalarni taklif qilib, mijozlarga «tanlash huquqi»ni yaratib berib, Z.Q. va voyaga yetmagan Gulnigor Bo‘riyevalarga mijozlar bilan jinsiy aloqa qilishlari lozimligini, aks holda uyidan yalang‘och holatda haydab chiqarishini, ular yashaydigan mahallasiga borib, fohishalik bilan shug‘ullanib yurganligini aytib sharmanda qilishni bildirganicha ularni qo‘rqitib, bir kunda 10 nafargacha mijozlar bilan jinsiy aloqada bo‘lishga majburlagani har qanday chegaradan chiqib ketgan. «Ham g‘arlik, ham peshkirlik» degani shu emasmi?

«Soqqa»sini ko‘proq to‘lagan mijozlarga imtiyoz sifatida xonadonida saqlab kelayotgan qizlarni «Ijara»ga berishni yo‘lga qo‘yganligi, uning «tadbirkorlik» sohasidagi yorqin qirralaridan biriligidan dalolat beradi. Bu gaplarga ishonmasangiz voyaga yetmagan Gulnigor Bo‘riyevadan so‘rang, sizga shartlarini tushuntirib beradi. Mijozlarga bir soatdan keyin uyiga qaytarib olib kelib topshirish sharti bilan 70.000 so‘m evaziga «hali ko‘p minilmagan» degan ta’rif bilan maqtab voyaga yetmagan Gulnigor Bo‘riyevani 3 nafar shaxs bilan bir paytning o‘zida jinsiy aloqa qilish uchun oldindan to‘lov asosida ijaraga berganiga, bu shovvozlar esa daryo bo‘yiga, ya’ni tabiat qo‘yniga voyaga yetmagan Gulnigor Bo‘riyevani olib borib, navbat bilan jinsiy aloqa qilganligiga, aqli raso odamning ham ishonmasligi aniq. Lekin afsuski bu gaplarning barchasi rost, shunday bo‘lgan, sud majlisi davomida bu gaplarning barchasi o‘z tasdig‘ini topgan.

Sud hay’ati sudlanuvchi N.Elmurodovaga nisbatan jazo tayinlashda jinoyatlarni g‘araz va boshqa past niyatlarda sodir etganligini jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb, aybiga qisman iqrorlik bildirib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini jazoni yengillashtiruvchi holat deb inobatga olib, unga olloh tomonidan berilgan «Ayol» va «Ona» degan imtiyozini hisobga olgan holda JKning 57-moddasini qo‘llab, uning jinoiy qilmishi kvalifikatsiya qilingan moddalar sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosining eng kam qismidan ham kamroq jazo 6 (olti) yil 6 (olti) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Sud hay’ati, sudlanuvchi N. Elmurodovaga yana bir marotaba o‘z hayotini ko‘z oldiga keltirib, qilmishlaridan, bosib o‘tgan hayot yo‘lidan, harom-xarish ishlaridan o‘ziga tegishli xulosalar chiqarish uchun imkoniyat ya’ni «o‘tirib o‘ylash imkoniyati»ni yaratib berdi.

Manba: Xabar.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Olti marta sudlangan qo‘shmachining so‘nggi bekati