23:38 / 18.06.2018
4 484

Ahmad Farg‘oniyning noyob asari Farg‘onaga olib kelindi

Ahmad Farg‘oniyning noyob asari Farg‘onaga olib kelindi
Ahmad Farg‘oniy nomidagi Farg‘ona viloyati axborot kutubxona markaziga Turkiya milliy kutubxonasi tomonidan qimmatli manbaa — Ahmad Farg‘oniyning turk tilida nashr qilingan nodir kitobi taqdim etildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri xabar qilmoqda.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan, mamlakatimiz vakillari Anqarada bo‘lib kutubxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishgan edilar. Ana shu ijodiy safar samarasi natijasida Ahmad Farg‘oniyning asosiy noyob astronomik asari “Kitob al-harakat as-samoviya va
javomi’ ilm an-nujum” (“Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi”) viloyat axborot kutubxona markazidan joy oldi.

Ushbu astronomik kitob XII – XIII asrlarda Yevropada lotin tiliga ikki marta, Yevropa davlatlari tillariga bir necha marotaba tarjima qilinib universitetlarda astronomiyadan asosiy darslik sifatida qo‘llanilgan. 1669 yili mashhur Golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius al-Farg‘oniy asari arabcha matnini qayta va yangilangan lotincha tarjimasi bilan nashr ettirganidan so‘ng, al-Farg‘oniy shaxsiyati va uning asari Yevropada shuhrat qozondi.
"Ahmad Farg‘oniyning 1119 yilda yozilgan ushbu asari dunyoda yagona nusxa va u Turkiya milliy kutubxonasida saqlanmoqda. Shu kungacha kutubxonamizda allomaning hayoti va ijodi haqida ma’lumotlar, turli olimlarning risolalari bo‘lsa-da, bazamizda unga tegishli birorta asar yo‘q edi. Turkiya milliy kutubxonasi bilan bevosita hamkorligimiz natija berganidan va taklifimiz qanoatlantirilganidan juda xursand bo‘ldik. Turk tilidagi tarjima kitobi axborot texnologiyalardan yuqori unumda foydalanilgan holda chop etilgan. Kitobda asarning tarjimasi bilan birgalikda foto nusxasi ham keltiriladi", - deydi viloyat axborot kutubxona markazi direktori Shohidbek Aslonov.

Viloyat axborot kutubxona markazi xodimlari yil oxiriga qadar “Samoviy harakatlar va umumiy ilmi nujum kitobi”ni o‘zbek tiliga mukammal tarjima qilib, kitobxonlar e’tiboriga havola etishni rejalashtirishgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ahmad Farg‘oniyning noyob asari Farg‘onaga olib kelindi