23:20 / 31.07.2018
4 878

Yegan og‘iz uyalar yoxud mehmondorchilik niqobidagi korrupsiya

Yegan og‘iz uyalar yoxud mehmondorchilik niqobidagi korrupsiya
Bugun dunyo har jabhada shiddat bilan rivojlanib bormoqda; ma’naviyat, ilm-u fan, siyosat, iqtisod, sport… Aqlini tanigan dunyo mamlakatlari siyosatchilari rivojlanishning har qanday turiga choh qazuvchi illatlar bilan beayov kurashmoqda. Jamiyatning ildam rivojlanishiga to‘sqinlik qiluvchi eng katta “dinozavrlar”dan biri, bu — korrupsiya! Ayrim davlatlar, masalan, Xitoyda korrupsiyaga qarshi, hatto o‘lim jazosi ham qo‘llaniladi. Bundan ko‘rinmoqdaki, korrupsiya qog‘ozga o‘ralgan eng jirkanch va qabih jinoyat.

Ikki-uchta tilni mukammal bilib, oliy ma’lumotli bo‘lgan holda jamiyatda o‘z o‘rnini topa olmay, bugun Amerikada taksichilik qilayotgan, ingliz tili imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tib, o‘qish uchun Koreya yarim oroliga borib, o‘sha yerda dengiz paromlarida mardikorlik qilayotganlar ham aynan korrupsiyadan jabr tortgan do‘stlarimiz bo‘ladi!

“Yoshlar Ittifoqi”ning tuman kengashlari va maktablardagi tarkibiy qismlariga o‘rnashib olib, “yetakchilik arqoni”ni mahkam ushlab olgan, ammo qilayotgan ishining natijasi ko‘rinmayotgan, suhbatlashsangiz na dunyoqarashi, na bilim saviyasi yetarli bo‘lmagan, bir oyda hech bo‘lmasa bitta kitobni o‘qishga ruhiy istagi bo‘lmagan yangi “to‘rachalar” ham ana shunday “jigarchilikka” burkangan korrupsiyaning haqqoniy ko‘rinishi hisoblanadi. Misol axtaraversam, yuzlab turdagi korrupsiya ko‘rinishlarini sanab bera olaman.

Biz bugun chorak asr davomida qo‘lga kiritgan ko‘plab yutuqlarimiz bilan birga juda katta “minus”larimiz ham borligini tan olyapmiz. Muhimi, ayta olyapmiz, yoza olyapmiz.

Shaxsan prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘zi kamchilik va xatolarimizni qattiq tanqid qilgan holda, bunga qarshi chora-tadbirlar ko‘lamini yanada kuchaytirmoqda. Kuchli, mard siyosatchi o‘laroq maydonga kelib, korrupsiyaga qarshi kurashni boshlab yubordi. Uzoq vaqt kuttirmadi.

28-yanvar kuni prezidentimiz Qashqadaryo viloyatiga tashrifida bu yutug‘imiz haqida shunday dedi:

“Futbolchi bolalarimiz korrupsiyasiz adolat bilan qanday natijaga erishish mumkinligin ko‘rsatib berishdi. Osiyo chempionatida qatnashgan terma jamoadagi bolalar jaydari bolalar. Birortasining ortida tanishi yo‘q”.

Bugun xuddi shu jaydari futbolchilarimiz kabi Vatanga sadoqatli, ong-tafakkuri baland, bilimli, ammo “tankasi yo‘q” yoshlarimiz juda ko‘plab topiladi yurtimizda. Faqat ularga yo‘l ochish va qo‘llab-quvvatlash zarur. Natija esa uzoq kuttirmaydi!

Endi yana og‘riqli masalaga qaytay. Barcha viloyat va tumanlarda tekshiruvlar va surishtiruv ishlari Vazirlik idoralari xodimlari tashrifi va ishtirokida tez-tez amalga oshirib kelinadi. Ulg‘ayib, jamiyat hayotini chuqur tushunib borganim sayin bunday ijtimoiy-siyosiy hodisalarni jiddiy va zimdan kuzatib boraman. Har gal “yuqoridan komissiya kelyapti”, degan xabar tarqalgach, tuman idoralari, ta’lim, tibbiyot boshqarmalarida va boshqa tarmoqlarda “pitir-pitir” boshlanadi. Xatolarni to‘g‘rilash, kamchilikrni berkitish va yana allambalo qusurlarni xaspo‘shlash uchun “yugur-yugur”, “chop-chop” avjiga minadi.

Ta’lim boshqarmasida maktablarga qattiq buyruq beriladi: “Davomatlar bekam-u ko‘st bo‘lsin! Normativ qog‘ozlaring joyida bo‘lishi shart. (Xuddi o‘qituvchilarning normativ qog‘ozlari ta’lim sifatini oshirib ko‘rsatayotganday. Byurokratizm bizni rivojlanishdan orqaga tortayotganini hali-beri tushunmaymiz shekilli.)

Ayni shunaqa “komissiyalar mavsumi”da tibbiyot boshqarmasi xodimlariga nazorat o‘rnatadi. Soat 15-16 larda huvillab qoladigan poliklinikalar kechki 18:00 da ham gavjum. Hamma shifokor va hamshiralar o‘z xonasida bemorlarga “sidqidildan” xizmat qilayotganining guvohi bo‘lasiz. Aslida, bemorlarning ham bu vaqtda “keti uziladi”. Chunki, aksar aholi soat 15:00 dan keyin shifokorning o‘z xonasida yo‘q bo‘lishiga ko‘nikma hosil qilib bo‘lgan yillar davomida.

Eng yomoni esa… tashkilot rahbarlari “yuqoridan” kelgan komissiyalarni “quyuqroq va baquvvatroq” mehmon qilib kuzatishni o‘zlarining “faxrli burchlari”, deb biladilar. Va “shunga yarasha choyxona palov, o‘zbekona lutf” kabi tadoriklarini ko‘rib qo‘yadilar.

Bunday jarayonlar necha yillar mobaynida ko‘zga tashlangan va quloqqa chalinib kelgan, oddiy, tabiiy holdek bo‘lib ketgan. “O‘zbekona lutfu karam” ostidagi “harakatlar va xarajatlar” korrupsiyaning “yumshoq”, ammo jiddiy ko‘rinishi emasmi?!

Qaysidir tashkilot xodimi g‘udranib yurganini eshitib qolaman: “Uff… “anavilarni” ziyofatiga pul yig‘ilyapti yana falon mingdan…”

Ha, bale! Yig‘asiz-da, g‘ij-g‘ij kamchiliklar-u xatolar qobig‘iga o‘ralashib qolganinggizdan keyin.

Yig‘asiz-da, o‘z ishingizni do‘ndirib qo‘ya olmayotganinggiz uchun! Axir, “yegan og‘iz uyalar…” degan donishmand xalqimizning purhikmat gapi bekorga aytilmagan-ku, do‘stim!

Siz “uch-to‘rt so‘m” puldan qochmang, “problema” kimga kerak?!

Ha, bunday gaplarni zaharhandaliksiz yozib bo‘lmayapti!

Bugun, joylardagi muammolarni o‘rganish, bartaraf etish, kerakli o‘rinda jazo choralarini qo‘llash kabi jiddiy mas’uliyatli vazifa bilan kelgan Vazirlik idoralari xodimlari va boshqa komissiya a’zolari, hududdagi rahbarlarning “beminnat, o‘zbekona lutfu marhamati, mehmonnavozligidan yayrab bahramand bo‘lgach”, o‘z ishlarini qay darajada xolis bajara oladilar?!

Bir tashkilot ichida yuz berayotgan kamchiliklar va korrupsiyani aniqlash va unga shafqatsiz chora ko‘rishga anavi “quyuq ziyofatning qaynoq yuzi” yo‘l qo‘yarmikan keyin? “Quyuq mehmondorchilig-u, lutf-u karam” ostida yana qanday “tadbirlar” amalga oshayotgani bizga qorong‘u! Bo‘lmasa, Falonchixonning bunday-bunday xatolari, kamchiliklari aniqlanibdi” mazmunidagi gap-so‘zlarni eshitgach ham o‘sha “Falonchixon” o‘z lavozimida bafurja ish olib borayotganini qanday tushinish mumkin?!

Bugun o‘z lavozimining “imkoniyatlari”dan “mohirona” foydalanib “Lasetti” olishni, hashamatli uylar qurishni “niyat qilganlar” emas… maoshining ko‘tarilishiga ishonib, ayni paytdagisiga qanoat qilib ishlaydigan, Vatanga haqiqiy, sadoqatli, vijdonli kadrlar kerak!

Bugun millatga Prezidentning oldida yelkama-yelka turadigan hamfikr va hammaslak mardlar kerak!

Bugun xato va kamchiliklarni tan olib, ularning chora tadbirlarini yecha oladigan kuchli idrok va intellekt sohiblari kerak!

Buning uchun esa korrupsiya nomli baloi azimning ustidan g‘alaba qozonishimiz shart, hatto eng mayda unsurlarigacha.

Korrupsiya qobig‘idan halos etilgan yosh futbolchilarimiz o‘zlarini ko‘rsata olishdimi qisqa vaqtda, qolgan barcha sohada ham o‘zimizni ko‘rsata olamiz!
Bahriddin MUHAMMAD

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yegan og‘iz uyalar yoxud mehmondorchilik niqobidagi korrupsiya