23:15 / 07.09.2018
4 614

AQSH dollarlarini yurtimizdan yashirincha olib chiqilishi fosh etildi

AQSH dollarlarini yurtimizdan yashirincha olib chiqilishi fosh etildi
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Navoiy” chegara bojxona posti orqali respublikadan chiqib ketayotgan fuqaro Y.S.ning bezovtalanishi bojxonachilarda bejiz shubha uygʻotmagani maʼlum boʻldi, deb xabar bermoqda Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati.

Bojxona koʻrigi davomida ushbu shaxs choʻntaklaridagi 12400 AQSH dollarini yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi va bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovi paytida maʼlum qilmasdan turib, olib chiqmoqchi boʻlganligi fosh qilindi.

Foto: Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati
Uning hamrohi E.M. ham tavakkalga qoʻl urib, 10 ming AQSH dollarini choʻntagi va sumkasiga joylagancha, bamaylixotir chiqib ketaman deb oʻylagandi. Ammo, uning bu oʻylari bojxona postida puchga chiqdi.

Xuddi shunday holat viloyatning “Oybek” chegara bojxona postida ham fosh etildi. Mazkur post orqali qoʻshni davlatga chiqib ketayotgan chet el fuqarosi L.M. yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining ogʻzaki soʻrovi paytida maʼlum qilmasdan turib 140 ming Rossiya rublini olib chiqib ketayotgan paytda toʻxtatib qolindi.

“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan ham naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishga doir bojxona qoidabuzarliklari fosh qilindi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida “Toshkent-Olmata” reysi boʻyicha parvozga shaylangan qoʻshni davlat fuqarosi M.M.ga tegishli sumka belgilangan tartibda bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, unda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilmagan va bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovi paytida maʼlum qilinmagan 4924 AQSH dollari yashirilganligi maʼlum boʻldi.

Ayni shu reysning yana bir yoʻlovchisi, qoʻshni davlat fuqarosi R.N. ham 5 ming AQSH dollarini sumkasiga yashirgancha, bojxona nazoratidan chetlab olib chiqishga uringan paytda toʻxtatib qolindi.

Hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega boʻlgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga 5 000 AQSH dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdordagi naqd xorijiy valyutani yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan yoki Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega boʻlmagan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan naqd xorijiy valyutalarni olib chiqish ular tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga kirish chogʻida toʻldirilgan yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi asosida amalga oshiriladi.

Yaʼni, kirishda toʻldirilgan yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida koʻrsatilgan naqd xorijiy valyuta summasidan ortiqcha boʻlmagan miqdordagi naqd xorijiy valyutalarni olib chiqishga ruxsat etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » AQSH dollarlarini yurtimizdan yashirincha olib chiqilishi fosh etildi