23:06 / 25.09.2018
6 277

“OblGAI” boshligʻi: “Ochiqchasiga gaplashamiz”

“OblGAI” boshligʻi: “Ochiqchasiga gaplashamiz”

Yaqinda, kutilmaganda biz, samarqandlik jurnalistlarni viloyat IIB YHXB boshigʻi Abdunabi Nosirovning shaxsan oʻzi “OblGAI”ga chaqirib qoldi. Brifingga.

Ammo biz u kishini brifing oʻtkazgani “qoʻymadik”, tadbir “matbuot anjumani”ga aylantirildi. Rost-da, ozib-yozib “GAI”larning kattasi bilan bir koʻrishamiz-u, u kishining gaplarini tinglab, oʻzimiz bir soʻz demay, ketaveramizmi? Bizda ham rosa yigʻilib qolgan savollar bor.

Avvalo, shuni aytishim kerakki, Abdunabi Nosirovning anjuman boshidanoq bizga aytgan dangal gapi maʼqul boʻldi: “Bugun ochiqchasiga gaplashamiz”. Rostdan ochiqchasiga gaplashdik, bunga maqolani toʻliq oʻqisangiz, guvoh boʻlasiz.

A.Nosirov 2018 yil 30 avgustda Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati xavfsizligi kunini oʻtkazish va yoʻl-transport hodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori haqida va bu qaror ijrosini taʼminlash yuzasidan viloyatda nima ishlar qilinishi borasida gapirdi. Haftaning har juma kuni “Yoʻl harakati xavfsizligi targʻibot kuni” deb eʼlon qilinganini, shuningdek, har oyning uchinchi juma kunida respublikaning barcha mintaqalarida “Avtomobilsiz kun” aksiyasi oʻtkazilishini maʼlum qildi. Bu tadbir ekologik holatni yaxshilash, atmosfera havosini muhofaza qilish, avtomobilsiz harakatlanish mumkinligi va zarurligini namoyish etishga qaratilganini aytar ekan, shunday dedi:

− Albatta, bu tadbir bilan avariyalar kamayadi, inson oʻlimi kamayadi, deya olmayman, bu taqdir irodasi, ammo, hech boʻlmaganda, shu kuni yoʻllarda mashina kamayib, atrof-muhitga yetkaziladigan zarar kamayadi, piyodalar sal erkinroq yuradi, qolaversa, tabiiyki, falokatlar ham kamroq boʻladi.

Biz bilgan yana bir yangilik shu boʻldiki, qaror ijrosi doirasida endi maktablarda yoʻl harakati qoidalari, yongʻinlarning oldini olish, favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish boʻyicha oʻquv dasturlarini oʻz ichiga olgan “Hayotiy faoliyat xavfsizligi” majburiy fani joriy etilar ekan.

“OblGAI” boshligʻi bizga viloyatda boʻlayotgan koʻplab qoidabuzarliklarni ham tavsiflab berdi:

— Shu paytgacha biz jurnalistlarning koʻpgina savollariga toʻgʻri javob berishdan qochib keldik, baʼzan yashirdik, baʼzan aytishga haqimiz boʻlmadi va hokazo. Ammo endi ochiq aytamiz, shaharda, umuman, viloyatda yoʻl harakati qoidalarining qoʻpol tarzda buzilishlari mavjud. Yashirmayman, respublikamizda har yili uch ming kishi yoʻl transport hodisalari tufayli dunyodan oʻtmoqda. Samarqandda ham oʻlim bilan tugaydigan avariyalar oz emas. Endi ochiq aytaman: Samarqand shahrida tungi soat 3:00 va 4:00 orasida “kattakonlar”ning arzanda bolalari ishtirokida “gonka”lar boʻlib turibdi. Mana, yaqinda kazo-kazolar oraga tushganiga qaramasdan, shunday bir poyga ishtirokchilarini tutib, ishni sudga oshirdik. Sud qarori eʼlon qilingach, sizlarga barchasining ismi shariflari, suratlari, videolavhalari bilan beramiz, oshkor qilasizlar.

A.Nosirov viloyat hududidan oʻtgan katta yoʻllarga oʻrnatilgan radarlarga ham izoh berib, bu borada sirlarni yashirib oʻtirmadi:

— Viloyat hududidan oʻtgan katta yoʻllar, ayniqsa, surxondaryolik, qashqadaryolik “uchar”lar yuradigan M-39 kabi yoʻllarga koʻp radarlar qoʻydik. Chunki aynan shu yoʻllarda haydovchilar tez yurishlari sababli ayanchli oqibatlar bilan yakunlanayotgan avariyalar koʻpayib ketgan, bu aholi noroziligiga sabab boʻlayotgan edi. Sirimiz edi-yu, sizlarga aytaman: shu yoʻllarga qoʻyilgan radarlarning ayrimlarim “mulyaj”, yaʼni soxta. Koʻrinishidan haqiqiysidan farq qilmaydi, chiroqchalari ham yonib turadi. Ammo ana shu soxta radarlar ham “uchar”larga taʼsir qilib, ular oʻrnatilgan joylarda sekin yurishiga va oqibatda avariyalar kamayishiga olib keldi.

Matbuot anjumanida jurnalistlar tomonidan bir necha yoʻllar oʻrtasidagi archalar kesib tashlangani, buning oqibatida manzara qashshoqlashgani haqida ham savollar berildi.

− Toʻgʻri, ayrim hududlarda archalarni kesib tashlashga erishdik. Viloyat va tuman hokimlarini zoʻrgʻa koʻndirib, shu archalarni kestirdik. Aslida, ana shu yoʻl oʻrtasiga ekilgan archalar falokatlar oʻchogʻi edi. Birgina misol: Bulungʻur tumani markazidan oʻtuvchi yoʻlda ana shu archalar orasidan yugurib chiqib qoladigan bolalar, baʼzan kattalarni mashina urib ketishi oqibatida har oyda bitta-ikkita oʻlim hodisasi boʻlib turadi. Bir oyda beshta fojea sodir boʻlgan paytlar ham boʻldi. Mana, archalarni kestirganimizga besh oy boʻldi, oʻlim bilan tugagan avariyalar yoʻq. Toʻgʻri, bitta oʻlim boʻldi, ammo unda marhumning oʻzi aybdor, rosa kayfi baland ekan, oʻzi mashina ostiga kirib ketibdi...

Anjumanda bitta haqli savol oʻrtaga tashlandi: avariyalarga koʻproq viloyat yoʻllarining rasvoligi, butun viloyatdagi koʻchalar, hatto Samarqand shahri markazidagi koʻchalar ham chuqurlar bilan “bezatilgani”, “normal” yoʻlning oʻzi yoʻqligi aytilib, yoʻl ham biror marta aybdor deb topilganmi? Yoʻl transport hodisasida haydovchi emas, yoʻlsozlarga chora koʻrilganmi?

− Hali amaliyotda bunaqasi kuzatilmagan, biror avariyada yoʻlsozlarga nisbatan chora koʻrilmagan, − dedi A.Nosirov. – Ammo mening ham koʻzim bor, men ham shu shaharga ishga keldim va hammasini koʻrib yuribman. Bundan keyin yoʻl transport hodisasi yoʻlning yomonligi, xususan, chuqurlar, “qoloq”lar, oʻyiqlar, oʻpirilishlar yoki quduqlarning qopqogʻi ochiq qolib ketganligi tufayli sodir boʻlsa, haydovchini emas, yoʻlsozlarni jazoga tortamiz.

A.Nosirov bizlarni qiziqtirgan bir taklifni ham eʼlon qildi:

− Xabaringiz bor, biz haydovchilar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz, kim qoidabuzarlikni oʻz mashinasidagi videoregistrator orqali tasvirga olib, bizga yuborsa, ularni pul mukofoti bilan ragʻbatlantirayapmiz. Xuddi shu singari, biz siz, jurnalistlarni ham shartnoma asosida ishlashga taklif qilamiz. Faoliyatimizni yoritsangiz, bitta boʻlsa ham yoʻl transport hodisasining oldini oladigan maqola yozsangiz, biz sizlarga yaxshigina qalam haqi toʻlaymiz. Bundan tashqari, xuddi “Mahalla posboni”ga oʻxshagan “Yoʻl posboni” degan ishga yoshlarni taklif qilamiz, ularga oylik maosh beramiz.

Matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar va, oʻz navbatida, YHX xodimlari ishlarining samaradorligini oshirish imkonini beruvchi amaliy takliflarini ham aytdilar.
Karimberdi Toʻramurod

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “OblGAI” boshligʻi: “Ochiqchasiga gaplashamiz”