07:30 / 30.09.2018
14 916

Green Card-2020: Orzular lotereyasi

Green Card-2020: Orzular lotereyasi
Har yili kuz mavsumining oktyabr oyi boshlanishini dunyoning sanoqli mamlakatlaridan tashqari barchasining aholisi intiqlik bilan kutadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Eʼtiborli jihati ularni bitta niyat, bitta orzu oʻzaro bogʻlab turadi. Shuning barobarida ular bir-biriga raqobatchi ham hisoblanadi. Bu Amerikaga immigratsiya qilish yoki u yerda bir necha yil qonuniy yashab, ishlash huquqiga ega boʻlish orzusidir! Gap Green Card lotereyasi haqida bormoqda.

2020 yili AQSHga oila bilan yoki yakka holda qonuniy ravishda koʻchish imkonini beruvchi bu yilgi Grin karta lotereyasining anketasi 2018 yil 3 oktyabridan 6 noyabrgacha har yilgidek AQSH davlat departamenti huzuridagi maxsus sayt - https://dvlottery.sta... orqali toʻldiriladi.

Taʼkidlash oʻrinliki, grin karta anketasi qanday toʻldirilishi borasida aholining keng qatlami orasida aniq bilim boʻlmagani koʻplab tushunmovchiliklarga, aksar hollarda gʻarazli kishilarning tekin daromad manbaiga sabab boʻlmoqda. AQSH elchixonasi konsullik boʻlimi xodimlarining Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida oʻtkazgan tadbirida Grin kartaga doir shu va boshqa savollarga javob berildi.

Dastavval, Amerikaning Toshkentdagi elchixonasi konsullik boʻlimi xodimi Grin karta nima ekani, u qanday oʻynalishi, kimlarda yutuq imkoni kuchli ekani, anketa qanday qilib toʻgʻri toʻldirilishi, unda nimalarga eʼtibor qaratish zarurligi kabi savollarga toʻxtalgan taqdimot marosimini oʻtkazdi.

Xoʻsh, ushbu DV Lottery dasturida kimlar va qaysi mamlakatlar fuqarolari ishtirok eta oladi?

Soʻnggi besh yilda AQSHga 50 ming fuqarosi immigratsiya qilgan davlatlardan tashqari barcha davlatlar fuqarolari ushbu dasturda qatnasha oladi. Oʻzbekistonliklar ham dasturda ishtirok eta oluvchilar jumlasidandir. Qatnasha olmaydigan mamlakatlar roʻyxati yuqoridagi veb-manzilda tanishish mumkin. Bu yilgi lotereyada ishtirok etganlar orasidan dunyo boʻylab 55 ming kishi tanlab olinadi. Ular orasida AQSH fuqarolari va dasturda ishtirok eta olmaydigan mamlakatlar vakillari boʻlmasligi kafolatlanadi.

Yana bir muhim jihati lotereya anketasini toʻldirish mutlaqo bepul boʻlib, har bir fuqaro har bir toʻldirish yilida bir marta anketani toʻldira oladi, xolos. Bunda yana bir eʼtiborli jihati shundaki, agar sizning anketangiz lotereyada gʻolib boʻlsa, bu sizning AQSHga viza taqdim etilishini yoki u yerga ketishingizni kafolatlamaydi.

Anketa toʻldiruvchi hech boʻlmaganda oʻrta maʼlumotga ega boʻlishi, Oʻzbekiston sharoitida litsey yoki kollejni tamomlagan boʻlishi shart. Bundan tashqari anketaning toʻgʻri toʻldirilgani uchun har qanday holatda ham anketada ismi-sharifi qayd qilingan kishi masʼuldir. Shu bilan birga, konsullik xodimi oʻzbekistonliklar yoʻl qoʻyadigan koʻplab xatolar va eʼtiborsizliklar haqida soʻz yuritdi.

Maʼlum boʻlishicha, oʻzbekistonliklarning aksariyati anketani toʻldirishda boshqalarning, maʼlum bir haq evaziga yoki yutuq chiqqandan keyin toʻlash sharti bilan xizmatidan foydalanishadi. Qolaversa, ular bu yil bir kishiga shaxsiy maʼlumotlarini taqdim etgan boʻlsa, kelasi yili boshqa bir kishiga ham murojaat qilishadi.

Bu nimani anglatadi? Katta ehtimol bilan birinchi yili sizga anketani toʻldirib bergan kishi ham sizga bildirmasdan saqlangan maʼlumotlaringiz va suratingizdan foydalangan holda Grin karta uchun anketani toʻldiradi. Siz murojaat qilgan ikkinchi odam ham toʻldiradi. Shu bilan bu shaxs nomidan toʻldirilgan ikkita anketa ham lotereya tanlovidan avtomatik tarzda chiqarib yuboriladi.

Oʻzbekistonliklar yoʻl qoʻyadigan yana bir jiddiy xatolardan biri shundaki, ular anketani toʻldirishda boshqa fuqaroning yordamidan foydalanganlari yetmaganidek, undan oʻzlariga tegishli boʻlgan “confirmation number – tasdiqlov raqami”ni olishni unutishadi yoxud bu haqda xabarsiz boʻladi. Natijada mazkur raqamga ega kishi gʻolibdan firibgarlik bilan yoki sababsiz pul talab qilishda foydalanishi mumkin.


Shunga koʻra, boshqa kishining yordamidan foydalangan taqdirda ham mazkur tasdiqlov raqamini olishni unutmang!

Anketani toʻldirishdagi yana bir muhim jihati shundaki, anketaga joylanadigan fotosurat talab qilingan oʻlchamda va hajmda, soʻnggi olti oy ichida olingan boʻlishi kerak.

Oilali kishilar turmush oʻrtogʻi, 21 yoshga kirmagan farzandlarining barchasini suratlari bilan birga anketaga qoʻshishi talab etiladi. Aks holda, lotereyada gʻolib sifatida tanlanib, keyinchalik konsullikka turmush oʻrtogʻi va farzandlarining hujjatlarini topshirgan taqdirda ham viza olish ehtimoli kamayadi.

Shuningdek, bu yilgi Grin karta lotereyasi yoʻriqnomasiga kiritilgan yangi qoidalardan biri fuqaro nikohi bilan birga yashayotganlar endilikda oila sifatida lotereyada ishtirok eta olishmaydi. Ular birgalikda vizaga hujjatlarini topshira olishmaydi.

Konsullik xodimi, shuningdek, lotereya gʻolibi qiladigan xarajatlar haqida ham maʼlumot berib, toʻlovlar qaytarilmasligini bildirdi. Yaʼni, agar gʻolib boʻlgan kishi anketaga yuklangan fotosurati toʻldirilgan vaqtda olti oydan eski boʻlganini bilgan boʻlsa, yoki farzandi borligini bila turib, qasddan anketaga kiritmagan boʻlsa, yoxud anketa toʻldiruvchi xizmatidan foydalangan boʻlib, oʻsha toʻldiruvchi uning ism-sharifiga ikki marta anketa toʻldirganini bilgan boʻlsa, tibbiy koʻrik va viza suhbati uchun toʻlangan pullar qaytarilmaydi.

Yana bir jihatni eʼtiborga olish lozim boʻladiki, grin karta gʻolibi boʻlish, viza taqdim etilib, AQSHga borishga muvaffaq boʻlish – oʻsha shaxsga ish joyi, boshpana, ishsizlik maoshi, tibbiy sugʻurta bepul berilishini anglatmaydi.

Lotereya javoblari 2019 yil 7 maydan keyin anketa toʻldirilgan saytda eʼlon qilinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Green Card-2020: Orzular lotereyasi