AQSHda bir kishi Powerball'da 847 mln dollar yutib oldi

AQSHda bir kishi Powerball'da 847 mln dollar yutib oldi

AQSHning Nyu-Jersi shtatida sotilgan chipta egasi Powerball lotereyasida 847 million dollarlik jekpotni qo‘lga kiritdi. Bu lotereya tarixidagi to‘qqizinchi eng yirik yutuq bo‘ldi. Bu haqda Nyu-Jersi lotereyasi rasmiy xabar bergan.

2026 yil 4 noyabr kuni o‘tkazilgan o‘yinda omadli chipta egasi oltita raqamning barchasini to‘g‘ri topgan. Yutuqli chipta Nyu-Jersi shtatining Bergen okrugidagi Montveyl shahrida joylashgan Wegmans supermarketi orqali sotilgan.

G‘olibda pulni olishning ikki xil imkoniyati bor. U 847 million dollarni 29 yil davomida 30 ta to‘lov shaklida qabul qilishi yoki soliqlar ushlab qolinishidan oldin 363,1 million dollarni biryo‘la olishi mumkin.

Biroq yutuqning bir qismi soliqlarga ketadi. Nyu-Jersi lotereyasi qoidalariga ko‘ra, 5 ming dollardan ortiq yutuqlardan federal soliq uchun 24 foiz, 500 ming dollardan yuqori yutuqlardan esa shtat solig‘i uchun 8 foiz ushlab qolinadi. Bu dastlabki ushlab qolish stavkalari bo‘lib, g‘olibning yakuniy soliq majburiyati soliq deklaratsiyasi asosida aniqlanadi.

G‘olibning shaxsi hozircha oshkor etilmagan. Nyu-Jersi qonunchiligiga ko‘ra, lotereya yutug‘i sohiblari o‘z ismini jamoatchilikka bildirmaslik huquqiga ega.

Mazkur djekpotga qadar 35 ta Powerball tiraji davomida hech kim bosh sovrinni qo‘lga kirita olmagan edi. Undan avvalgi yirik yutuq 2026 yil 12 avgust kuni Illinoys shtatida qayd etilgan. O‘shanda bir kishi 1,04 milliard dollarlik jekpotni yutib, pulni bo‘lib olish o‘rniga 450,5 million dollarni biryo‘la olishni va ismini oshkor qilmaslikni tanlagan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar