date
views 3 226

XMT: Majburiy mehnatga barham berishga oid ushbu hujjat juda to‘g‘ri va qat’iy qaror bo‘ldi

XMT: Majburiy mehnatga barham berishga oid ushbu hujjat juda to‘g‘ri va qat’iy qaror bo‘ldi
Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida bug‘doyni vaqtida sug‘ormagani uchun olti mutasaddining suv oqib turgan ariqqa kiyimi bilan tushirilgani bilan bog‘liq holat internet va ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik tomonidan keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga asosan majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik va uning har qanday ko‘rinishiga barham berish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu holat keskin tanqid qilindi.

Majlisda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda bolalar va majburiy mehnatning oldini olishga qaratilgan amaliy choralar ko‘rilgani haqida ta’kidlab o‘tgan.

Shunga qaramay, ayrim joylarda eskicha ishlash prinsipidan voz kecholmayotgan, uni qo‘msayotgan rahbarlar ham yo‘q emasligiga e’tibor qaratildi. Bugungi islohotlarning mazmun-mohiyatini yetarli darajada tushunib yetmayotgan ana shunday rahbarlarning xatti-harakatidan davlatimiz rahbari norozi ekani, bu kabi kamchiliklarga qarshi qat’iyat bilan kurashish, majburiy mehnatga biror-bir sohada yo‘l qo‘ymaslik lozimligi aytildi.

Yig‘ilishda ishtirok etgan Xalqaro mehnat tashkilotining uchinchi tomon monitoringi loyihasi Bosh texnik maslahatchisi Jonas Astrup o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

– Asosiysi bu holat emas, ushbu holatga davlat, hukumatning munosabati, ya’ni pozitsiyasi. Davlatingiz rahbari tomonidan qabul qilingan majburiy mehnatga barham berishga oid ushbu hujjat juda to‘g‘ri va qat’iy qaror bo‘ldi. Buni Xalqaro mehnat tashkilotining vakili sifatida qo‘llab-quvvatlayman, – dedi u.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » XMT: Majburiy mehnatga barham berishga oid ushbu hujjat juda to‘g‘ri va qat’iy qaror bo‘ldi