16:38 / 20.11.2018
5 201

Samarqandlik qiz rashk tufayli sevgilisining mashinasini yoqib yubordi

Samarqandlik qiz rashk tufayli sevgilisining mashinasini yoqib yubordi
Rashk tufayli sevgilisining mashinasini yoqib yuborgan qiz ikki yilga qamaldi.

Baxt bilan baxtsizlikning orasi — bir qadam, deydi donishmandlar.

Haqiqatan ham, baxtiyor kunlarga shukr qilmaslik, bepisandlik va kibr-havoga berilish, oxir-oqibat, bunday noshukr kimsani to‘g‘ri yo‘ldan adashtiradi, baxtsizlik domiga yetaklaydi.

Afsuski, hayotda buni tasdiqlaydigan achchiq misollar bot-bot uchrab turadi. Baxtiyor (ism-familiyalar o‘z­gar­ti­ril­di) bilan Gulsanamning qismatini olaylik.

Ularning ko‘cha-ko‘yda, odamlar ko‘z o‘ngida ochiq-oydin birga yurishganini ko‘r­ganlar yaqinda ikki yoshning to‘yi bo‘ladi, deb o‘ylashgani tayin. To‘y esa, negadir orqaga surilgandan-surilaverdi.

Aslida ikki yosh bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan, o‘zaro munosabatlari juda qalin edi. Bundan ularning oila a’zolari ham yaxshi xabardor bo‘lgan.

Biroq hayot faqat shirin damlardan iborat emas ekan. Bunday deyishimizga sabab — shu yilning yanvar oyida nima bo‘ldi-yu, Baxtiyor bilan Gulsanam gap talashib qoladi. Shundan so‘ng Baxtiyor qizning xonadoniga qadam bosmay qo‘ya­di. Buning ustiga u may oyida ishlash uchun xorijga ketib qoladi. Gulsanam oradan o‘n kun o‘tgach, Baxtiyorning chet elga ketganidan xabar topadi.

Qiz yigitga: «Menga aytmasdan nima uchun chet elga ketib qoldingiz», deb telefon orqali xabar jo‘natadi. Ko‘p o‘tmay xorijdan unga qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Baxtiyor uni ham xorijga olib kelish niyatida eka­nini aytib, qizga tasalli beradi.

Ammo va’da ijobat bo‘l­maydi, bunga imkon ham topilmaydi. Gap shundaki, Baxtiyor inon-ixtiyorini o‘ziga topshirib qo‘ygan Gulsanamga xiyonat qiladi. Olis yurtda begona juvon bilan er-xotindek yashay boshlaydi.

Bundan xabar topgan Gulsanam tabiiyki, qattiq ranjiydi, rashk vasvasasida halovatini butunlay yo‘qotadi.

Bu orada Gulsanam ayni damda Baxtiyor bilan birga yashayotgan Toyloq tumanilik o‘sha notanish juvon bilan ham telefonda gaplashadi. Uning shubha-gumonlari to‘g‘ri chiqayotgandi. Chunki Baxtiyor keyingi payt­larda Toyloq tumanida ishlagan. Demak, Toyloqdan o‘ziga boshqa ma’shuqa topgan va so‘ng birga xorijga ketgan.

Rashk olovida jizg‘anak bo‘layotgan Gulsanamning ko‘­ziga hech narsa ko‘rinmasdi. U Baxtiyordan o‘ch olish payiga tushadi. Qanday qilib bo‘l­sa-da, uni yana o‘z yoniga qaytarish yo‘llarini axtara boshlaydi.

Baxtiyor xorijga ketishidan avval «Neksiya» rusumli avtomashinasini bosh­qa­rib yurishi uchun ukasi Elshodga ishonchnoma rasmiylashtirib bergandi. Gulsanamning hayoliga ana shu avtomashinani yoqib yuborib, Baxtiyordan o‘ch olish fikri keladi. U qabih rejasini amalga oshirishdan avval Baxtiyorga qo‘ng‘iroq qiladi.

— Qo‘lingdan kelganini qil, — dag‘dag‘ali javob qaytaradi Baxtiyor.

Bu paytda qizning g‘araz niyatidan mutlaqo bexabar Elshod Gulsanamning oldiga yetib kelgandi. «Neksiya»ning orqa o‘rindig‘iga o‘tirgach, Gulsanam avval Elshodni, so‘ngra qo‘lidagi gugurt va qora sellofan idishdagi benzinni suratga tushiradi.

Shundan so‘ng u yelim idishdagi yoqilg‘ini avtomashina o‘rindiqlariga se­pa boshlaydi. Buni ko‘rgan Elshod qizning qo‘lidagi idishni tortib olishga harakat qi­ladi. Gulsanam esa, gugurt chaqadi va avtomashina ichida kuchli yon­g‘in boshlanadi.

Elshod o‘zi o‘tirgan old taraf eshigini ochishi bilan yon­g‘in uni tashqariga itqitib yuboradi. Yoqilg‘ini avtomashina saloniga sepayotgan paytida Gulsanamning kiyimlariga ham benzin sachragandi. Eshikni ochganida ko‘ylagini o‘t oladi…

Yong‘in oqibatida «Neksiya» avtomashinasi kuyib-kulga aylanadi.

Jabrlanuvchi Elshod Meliqulovning avtomashina ichida bo‘lgan fuqarolik pasporti, ishonchnoma, sug‘urta polisi, avtomashinaning texnik hujjati, haydovchilik guvohnomasi va ogoh taloni o‘rniga berilgan vaqtinchalik guvohnoma hamda 80 ming so‘m puli yonib ketadi.

Sud sudlanuvchi G. Zubaydullayeva sodir etgan — o‘zganing mulkini atrofdagilar uchun xavfli usulda qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazishda ifodalangan jinoiy xatti-harakat dastlabki tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan to‘g‘ri malakalangan deb topdi.

Biroq sudlanuvchi G. Zubaydullayevaga Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismi bilan qo‘yilgan ayb ortiqcha kvalifikatsiya qi­lingan, deb hisoblandi. Chunki sudlanuvchi G. Zubaydullayeva B. Meliqulovga «mashinangni yoqa­man, keyin onangni o‘ldiraman» deb telefon orqali xabar yuborgandi.

Ish hujjatlari va sud ter­govi davomida aniqlangan holatlarga ko‘ra, sudlanuvchi G. Zubaydullayeva mazkur ish bo‘yicha tergov organi tomonidan jabrlanuvchi deb e’tirof etilgan N. Samariddinovaga emas, balki uning o‘g‘li B. Meliqulovga tahdid qilgan. Bunday ho­latda sudlanuvchi G. Zubaydullayeva N. Samariddinovani o‘ldiraman deb qo‘rqitgan deya baholab bo‘l­maydi, buning uchun yetarli asoslar mavjud emas.

Shu sababli sud Jinoyat kodeksining 112-moddasi 1-qismini sudlanuvchining ayb­lovidan chiqardi va ishning shu qismini harakatdan tugatdi.

Sud sudlanuvchi G. Zubaydullayevani Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga nisbatan ikki yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Shuningdek, sud hukmida sudlanuvchidan jabrlanuvchi E. Meliqulovga akasi B. Meliqulovga tegishli «Nek­siya» avtomashinasiga ji­noyat­ oqibatida yetkazilgan 32 million so‘m moddiy zarar undirilishi qayd etildi.

Ha, Gulsanam hayotda adashdi — o‘shanda Baxtiyor bilan tanishganidayoq uni uyiga yetaklab keldi va katta xatoga yo‘l qo‘ydi. Bu adashish oqibati o‘ch bilan yakun topdi. Afsuski, o‘ch olish zamirida jinoiy qilmish yuz ko‘rsatdi.

Bu bilan G. Zubaydullayeva o‘z taqdiriga qora qismat bitilishiga sababchi bo‘l­di. Binobarin, o‘zlikni unutish, nikohning muqaddasligini tan olmaslik, oila qurishda ota-bobolarimizning milliy urf-odatlariga amal qilmaslik, azaliy qadriyatlarga rioya etmaslik, sharm-hayo, ibo va andishadan chekinish uni shunday baxtsizlikka giriftor etdi.

Manba: UzNews.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandlik qiz rashk tufayli sevgilisining mashinasini yoqib yubordi