16:02 / 18.02.2019
15 893

Shahzoda Muhammedova: "Turmush o‘rtog‘imning shartiga ko‘ndim..." (foto)

Shahzoda Muhammedova: "Turmush o‘rtog‘imning shartiga ko‘ndim..." (foto)
Uning atrofida gap-so‘zlar ko‘paygani sari ko‘payib boryapti: «Endi O‘zbekistonga qaytib kelmasmish», «Biznesini topshirganmish», «To‘yini o‘zi o‘tkazibdi», degan mazmunda. Mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida aktrisa va dizayner Shahzoda Muhammedova bilan telefon orqali bog‘landik. To‘ydan so‘ng turmush o‘rtog‘i bilan Moskvaga jo‘nab ketgan suhbatdoshim barcha savollarga ro‘yi-rost javob berdi.

— Turmushga chiqqach, Moskva shahriga jo‘nab ketdingiz. Er-xotin bo‘lak yashayapsizlarmi?
— Ha! Aslida, to‘ydan so‘ng ma’lum muddat Toshkentda qolib, qaynota-qaynonamning xizmatida bo‘lishni niyat qilgandim. Afsuski, bunday bo‘lmadi. To‘y arafasida turmush o‘rtog‘im Toshkentda ko‘p vaqt qolib ketgani uchun Moskvada hal qilinishi kerak bo‘lgan ishlari ko‘payib ketdi. Shu sababli to‘yimizning ertasigayoq jo‘nab ketdik. Hozirda Rossiya davlatining poytaxtida yashayapmiz. Umr yo‘ldoshim maktabni tamomlagach, kollej va institutni shu yerda tamomlagan. Asosiy ish faoliyati ham Moskva shahrida. Kim biladi deysiz, ehtimol, qachondir Toshkentga qaytarmiz.

— Kelinlik vazifalari nima bo‘lyapti? Avvalgi suhbatlarimizda bu haqida ko‘p gapirar edingiz...
— Turmush o‘rtog‘imning oila a’zolari Toshkentda istiqomat qilishadi. Biz, er-xotin bo‘lak yashasak-da, kelinlik vazifalarini bajarishga harakat qilyapman. Chunki bu mening qizlik orzuim! Har kuni turli xil pishiriqlar, taomlaru salatlar tayyorlayman. Ammo sepimga tikkan ko‘ylaklarimni kiya olmadim. Turmush o‘rtog‘im «Juda ko‘p ko‘ylak tikkaningizni bilaman. Lekin meni oldimda do‘ppi va yana shunga o‘xshash boshkiyimlarda yurmang. Qulay, zamonaviy kiyinib yuring», dedi. Men uning talabini to‘g‘ri tushundim. Sepim uchun yaratilgan liboslarda esa o‘zim uchun fotosessiya o‘tkazdim. Mayli-da, esdalik bo‘lib qoladi.

— Qaynota – qaynonangiz sizni qanday qabul qilishdi?
— Shukr, ular meni yaxshi qabul qilishdi. Garchand, xizmatlarini qila olmagan bo‘lsam-da, kunora internet orqali qo‘ng‘iroqlashib, xabarlashib turamiz. Qaynona-oyijonim zamonaviy ayol, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni biladilar. Qaynopalarim bilan ham ahilmiz. To‘y arafasida ular atelemizda libos buyurtma qilishgandi. Ana shunda ular bilan yaqin bo‘lib qoldik.

— Instagramga kunora turli xil taomlaru pishiriqlar rasmini joylayapsiz. Nahot Shahzoda pishir-kuydirdan ortmay qolgan bo‘lsa?
— Rassom-dizayner bo‘lganim uchun interer, uy jihozlarini tanlash, pishir-kuydir masalalariga ijodkorona yondashaman. Ayniqsa, oshxonada taom tayyorlasam, u, albatta, o‘zgacha bo‘lishiga harakat qilaman. Bugun uy bekasi rolida maza qilib taom tayyorlayapman. Shu bahonada o‘zim ham dam olyapman. Bundan ikki yarim oy oldin hammasi tamoman boshqacha edi: har kuni allamahalgacha ateleda band bo‘lardim, kechalari libos tikardim, chizma chizardim, yana viloyatlarga to‘y xizmatlariga ham borib kelardim. Bularning barchasi nihoyatda katta kuch talab etar edi. Ateleda yordamchilarim ko‘p bo‘lsa-da, libosdagi eng murakkab ishni o‘zim bajarishga odatlangandim. Bir so‘z bilan aytganda, tinimim bo‘lmasdi. Ammo bunday hayot tarzi meni ham ruhan, ham jismonan zo‘riqtirgan ekan. Hozir asosiy vaqtim uy ishlari, pishir-kuydir bilan o‘tyapti. Bilsangiz, buning ham o‘zgacha gashti bo‘larkan.

— Pazanda ekaningizni ko‘p ta’kidladingiz. Xo‘sh, turmush o‘rtog‘ingiz siz pishirgan qaysi taomni maqtab yeydi?
— O‘zimizning milliy taomlarimizdan xonimni yoqtirib yeydi. U ko‘proq baliqdan tayyorlanadigan ovqatlarni xush ko‘radi. Ayniqsa, baliq sho‘rva jonu dili. Ochig‘i, baliqdan «Uxo» deb nomlanadigan suyuq taom tayyorlanishini bilmasdim. Turmush o‘rtog‘im «Bugun ovqatga «Uxo» tayyorlang», deganida, «Bu qanday taom ekan?» deb o‘ylanib qoldim. Keyin esa darhol internetdan retseptini izlab topdib, tayyorlashni o‘rganib oldim. Hozir ancha qo‘lim kelishib qolgan. Turmush o‘rtog‘imga ham tayyorlagan taomlarim manzur bo‘lyapti.

— Zamonaviy kelinlar usulidan foydalanibsiz-da?..
— Menimcha, bugun hamma kelinlar taomlaru pishiriqlar retseptini internetdan o‘qib yoki video darslardan ko‘rib, o‘rganishyapti. Bu juda qulay.

— Yaxshi. Adashmasam, umr yo‘ldoshingiz xonanda Manzuraning klipida suratga tushgan edi?
— Ha, shunday. Lekin turmush o‘rtog‘im aktyor emas, arxitektor. Qurilish kompaniyasi rahbari. Agar san’atkor bo‘lganida, u bilan oila qurmagan bo‘lardim.

— Sabab?
— Avvaldan buni xohlamaganman. San’atkorga turmushga chiqmayman, derdim, doim. Xonanda Manzuraning klipida suratga tushishi esa tasodifan yuz bergan. Turmush o‘rtog‘im asosiy ish faoliyatidan tashqari konsertdasturlarini tashkillashtirish bilan ham shug‘ullanadi. O‘tgan yil Manzura Moskvada konsert berganida tanishib qolishgan va suhbat davomida klipda suratga tushish taklifi bildirgan. Bor gap shu.

— Boyadan beri to‘y haqida gaplashayapmiz-u, qanday tanishganingiz haqida so‘ramabman.
— Xabaringiz bor, ikki marta «Moda Rossii» xalqaro moda festivalida ishtirok etdim. Meni u yerga xalqaro madaniyat ishlari bo‘yicha mas’ul shaxs Sirojiddin Tohirov taklif etgandi. Samolyotimiz Moskva shahri aeroportiga kelib qo‘nganida, bizni Sirojiddin Tohirovning yaqin do‘sti, ya’ni «kuyovbola» kutib olgan. Bizni tanishtirishgan, bir-birimiz haqimizda qisqacha ma’lumotga ega bo‘lganmiz.

— Shu yigit taqdirim bo‘lsa-chi, deb o‘ylaganmisiz?
— Yo‘q. O‘shanda bor diqqatim festivalga qaratilgandi. Xayolimda 15-20 ta ko‘ylakni dazmol qilish, namoyishni chiroyli o‘tkazish kabi o‘ylar charx urardi. Sevgi-muhabbat haqida umuman o‘ylamaganman.

— Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Siz Toshkentga qaytib keldingiz, u esa Moskvada qoldi...
— Uyga qaytganimdan so‘ng ko‘p o‘tmay sovchilar kela boshladi. O‘zimcha «Har doimgidek so‘rab kelishyapti-da», deb e’tibor qilmadim. Ana shunday kunlarning birida onam «Moskvada yashaydigan bir o‘zbek yigitidan sovchi keldi», dedilar. «Sovchi kimdan ekan? Men uni taniymanmi?», deganimda, onam bo‘lajak turmush o‘rtog‘imning ismini aytdi. «Yo‘g‘-e, bo‘lishi mumkinmas. Axir unda menga nisbatan biror iliqlik borligi sezilmadi-ku? Alohida e’tibor ko‘rsatganini ham bilmadim. Hatto telefon raqamimni ham so‘ramadi, qanday qilib sovchi qo‘yadi?» – deya o‘ylab, o‘yimga yetolmasdim. Sovchilar ikki marta kelib, ketishganidan so‘ng u menga «SMS» yozdi. Lekin men uning turmush qurish taklifini qabul qilmadim. «Biz boshqa-boshqa odamlarmiz. Meni o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarim, orzu-xavaslarim bor», degandim. U esa «Hech nimadan xavotir olmang. Barchasi amalga oshadi», dedi. Keyin «Siz meni tanlamaganingizdan hali afsus qilasiz», deb gapini davom etdi. To‘g‘risi, uning gap-so‘zidan o‘ylanib qoldim: «Shunchalik o‘ziga ishonadimi? Uni rad etib, keyin afsus qilsam-chi?», deb. Suhbatimiz davomida «Menga ishoning, men sizni baxtli qilaman. Faqat bir shartim bor, nimagaki o‘z mehnatingiz bilan erishgan bo‘lsangiz, ya’ni mashina, atele, qimmatbaho narsa-buyumlar – barchasini ota-onangizning uyida qoldirib kelasiz. Bundan buyog‘iga nima kerak bo‘lsa, barini o‘zim muhayyo qilaman», deganida, unga nisbatan hurmatim oshdi. Qolganidan xabaringiz bor: fotiha, to‘y...

— Hozir atele ishlari bilan kim shug‘ullanyapti?
— Boshqaruvni onamga topshirganman. Ateleda malakali ishchilar faoliyat yuritishadi. Men ularga to‘liq ishonaman. Buyurtma bergan mijozlarga internet orqali liboslar chizmasini jo‘natib turibman.

— Darvoqe, aktrisalikni davom ettirasizmi?
— Film ssenariysi menga va turmush o‘rtog‘imga ma’qul kelsa, kinoda suratga tushaman.

— Mavzudan biroz chetlashib, so‘rasam: yaqin dugonangiz — Muqaddas Sa’dullayeva ikkinchi bor ona bo‘ldi. Instagramda birinchilardan bo‘lib tabriklaganingizga qaraganda, Yigitali bilan munosabatlaridan xabaringiz bo‘lgan?..
— Bilasizmi, hech qachon dugonamning shaxsiy hayotiga aralashmaganman. U doim o‘zi uchun o‘zi qaror qabul qilgan. To‘g‘risi, uning farzand kutayotganidan xabarim yo‘q edi. Balki bu masalada gapirishga xijolat bo‘lgandir.

— Rostdan ham hech nimani bilmasmidingiz?
— Homiladorligini to‘y arafasida bildim. «Kimga turmushga chiqding?» deb so‘raganimda, u aktyor Yigitali Mamajonovni aytdi. Hayron bo‘lib «Nega aynan u?» deb savol berdim? Muqaddas «Shu inson taqdirim bo‘lsa kerak. Baxt nima ekanini endi his qilyapman», dedi. Shundan keyin ortiqcha so‘z demadim. To‘g‘ri, Muqaddas bilan dugonamiz, ammo shunday bo‘lsa-da, uning hayotiga aralashishga haqqim yo‘q. U shuni ma’qul ko‘ribdimi, baxtli bo‘lsin. Farzandli bo‘lganida uning uchun xursand bo‘ldim.

— Yaxshi. Keling, endi o‘zimizning suhbatga qaytsak, Shaxzoda to‘yini o‘zi o‘tkazibdi, degan gap chiqdi...
— Yo‘g‘-e, juda unchalikmasdir. Rostdan shunday deyishyaptimi?

— Eshitganimni aytdim.
— Boya aytganimdek, turmush o‘rtog‘imning talabi bilan bor «bisotim» ni Toshkentda qoldirib keldim. Umr yo‘ldoshim juda g‘ururli yigit. Erkak kishi oilasi, ayoli, farzandlarini ta’minlashga mas’ul, deb hisoblaydi. To‘yimizni ham o‘zi o‘tkazdi. Men bir so‘m ham sarflamadim! Faqat to‘y g‘oyasi meniki, xolos. Bordi-yu, buning aksi bo‘lganida to‘yni to‘xtatar edim. Chunki ayol kishining puliga yashaydigan, o‘z orzu-havaslariga erishadigan erkaklarni umuman hurmat qilmayman.

— Xotirjam va asosiysi baxtli yashayotganingizdan xursandmiz. Turmushingizga ko‘z tegmasin!
— Minnatdorman!
Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Shahzoda Muhammedova: "Turmush o‘rtog‘imning shartiga ko‘ndim..." (foto)
[/banner_pushhouse