22:50 / 01.03.2019
5 081

Tadbirkorlar uchun: Bojxonalarda “yashil” va “koʻk” yoʻlaklar ishga tushirildi (foto)

Tadbirkorlar uchun: Bojxonalarda “yashil” va “koʻk” yoʻlaklar ishga tushirildi (foto)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi “Bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish va Oʻzbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan bojxona sohasida Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi amaliyotga joriy etilib, tovar va transport vositalari uchun ham bojxona nazoratida maxsus yoʻlaklar joriy etildi.

Jumladan, 2018 yil 1 dekabrdan boshlab “sariq” va “qizil” yoʻlaklar ishga tushirilgan boʻlsa, 2019 yil 1 martdan boshlab “yashil” va “koʻk” yoʻlaklar joriy etildi.

Ushbu tizimni toʻlaqonli amalga kiritish orqali “yalpi” bojxona nazoratini oʻtkazishdan voz kechgan holda, xavf profillari yoki tasodifiy tanlov asosida tovar va transport vositalarining bojxona nazorati quyidagi yoʻlaklardan biriga yoʻnaltirilgan holda amalga oshiriladi:

“yashil yoʻlak”, bunda xavf darajasi past boʻlgan tovar va transport vositalarini chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganda, bojxona nazorati shakllari ularga nisbatan amalga oshirilmaydi.

“qizil yoʻlak”, bunda bojxona nazorati shakllari xavf darajasi yuqori koʻrsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi.

“sariq yoʻlak”, bunda bojxona deklaratsiyasi, hujjatlar va maʼlumotlarni tekshirish boʻyicha bojxona nazorati shakllari xavf darajasi oʻrta koʻrsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi.

“koʻk yoʻlak”, bunda xavf darajasi oʻrta koʻrsatkichga ega yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlangan tovarlarga nisbatan bojxona nazorati shakllari ular chiqarib yuborilgandan soʻng amalga oshiriladi.

Ushbu tizim tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvi yuzasidan amalga oshiriladigan bojxona operatsiyalarining oʻtkazilishini tezlashtirish bilan bir qatorda bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishlarini aniqlash, prognoz qilish va ularning oldini olishda muhim rol oʻynaydi.

Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun maʼmuriy toʻsiqlarni kamaytirishga, bojxona nazorati xajmining kamayishiga, sifatining oshishiga, halol tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini ragʻbatlantirishga xizmat qiladi.

Tadbirkorlar endilikda Davlat bojxona qoʻmitasining bojxona.uz sayti orqali bojxona yuk deklaratsiyasining maqomi hamda uning qaysi yoʻlakka joylashtirilganligi toʻgʻrisida real vaqt rejimida maʼlumot olish imkoniyatiga ham ega boʻlishdi. Bu esa mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish yoʻnalishidagi muhim yangilik hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tadbirkorlar uchun: Bojxonalarda “yashil” va “koʻk” yoʻlaklar ishga tushirildi (foto)