16:30 / 04.03.2020
3 281

Ahmad Sa’d Damanhuriy: Moturidiy Aflotundan keyingi ikkinchi faylasuf

Ahmad Sa’d Damanhuriy: Moturidiy Aflotundan keyingi ikkinchi faylasuf
Samarqandda davom etayotgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya ta’limoti: o‘tmish va bugun” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning martabali mehmonlaridan biri – Turkiya islom ilmlari akademiyasi rahbari Ahmad Sa’d Ibrohim Abdurrahmon Usmon Damanhuriy Moturidiy shaxsiga taalluqli juda qimmatli fikrlarini baham ko‘rdi:

– Men 2007 yildan buyon Moturidiyning tafsir kitoblari bo‘yicha ilmiy izlanishlar, tadqiqotlar olib bora boshladim. Shundan buyon faoliyatimni to‘liq shu mavzuga bag‘ishladim. Islom tarixini o‘rganish jarayonida meni bir fakt juda hayron qoldirdi. Ahli sunna val jamoada ikki buyuk alloma nomi alohida e’tirof etiladi. Bular Imom Moturidiy va Imom Ash’ariy. Imom Ash’ariy haqida, uning hayoti va faoliyati xususida kitoblarda 100-200 sahifalik ma’lumotlar bor. Bunga “Tabaqoti shofiiya” nomli asarni misol keltirishimiz mumkin.

Moturidiy esa tarix kitoblarida juda kam tilga olingan. Birgina Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla asarida bor-yo‘g‘i 20 satr ma’lumotni uchratishimiz mumkin. Hanafiy mazhabiga oid kitoblarda ham bir necha satrlar bilangina cheklanilgan. Aynan shuning uchun men u kishining hayoti va faoliyatini chuqurroq o‘rganish harakatini boshlab, bu ulug‘ alloma to‘g‘risida kengroq ma’lumot to‘plashga kirishdim. Izlanishlarim natijasida 200 betlik “Saddus-sug‘ur bi siyrati alamiy Huda Abu Mansur” kitobini yozdim. Bu asar Moturidiy shaxsiga doir ayrim tushunmovchiliklarni bartaraf etish, buyuk imomning buyuk xizmatlarini ma’lum ma’noda e’tirof etilishiga erishishga qaratilgan.

Ushbu konferensiyani o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri musulmon ahlini Imom Moturidiy yoki boshqa Ahli sunna va al jamoa aqidasiga tegishli asl manbalardan yaxshiroq xabardor qilish, ayniqsa yoshlarga bu boradagi asl haqiqatni yetkazish. Imom Abu Mansur Moturidiy Islomiy aqida asoschisi bo‘lishi bilan birga, yirik falsafiy olim ham edi.

O‘z davrida Moturidiy Aflotundan keyingi ikkinchi falsafiy olim hisoblangan. Bu fakt ilmiy doiralar, dunyo ziyolilar tomonidan tan olingan. Keyinchalik Yevropada bu e’tirofni inkor etish maqsadida 800 yil keyin yashagan Jon Dok Moturidiyga qarshi qo‘yilib, ikkinchi faylasuf sifatida ko‘rsatiladi. Ayni mavzudagi nazariy manbalarni chuqur o‘rganib, zarur tahlillar olib borilsa, haqiqat qaror topadi.

Eng muhimi Imom Moturidiy shaxsi, uning hayoti va faoliyati, asarlari yoshlarimiz tarbiyasiga ulkan ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ahmad Sa’d Damanhuriy: Moturidiy Aflotundan keyingi ikkinchi faylasuf