19:26 / 19.07.2020
3 102

Qashqadaryoda SEOM rahbarlari 917,8 million so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgan

Qashqadaryoda SEOM rahbarlari 917,8 million so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgan
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qashqadaryo viloyat sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazining sobiq rahbari Sh.Sh, viloyat DSENM (Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi) bo‘lim boshlig‘i R.B. mansab vakolatlarini suiiste’mol qilgani aniqlangan. Qashqadaryo viloyati maxsus komissiyasining rasmiy kanalida xabar qilinishicha, ayni vaqtda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish prokuraturaga yuborilgan.

Ma’lum qilinishicha, viloyat SEOM va DSENMning bir guruh mas’ul shaxslari, markaz hisobiga tushishi lozim bo‘lgan 480,1 million so‘m mablag‘larini, markazda ishlamagan fuqarolarga ish haqi hisoblab to‘lab borgan. Ishlagan xodimlarga ortiqcha ish haqi hisoblangani oqibatda 271,6 million so‘m davlatga zarar yetkazgan.

Shuningdek, «gipoxlorid kalsiy» dezinfeksiya vositasi haqiqiy bahosidan 166,1 mln. so‘m qimmat narxlarda sotib olingan. Shu tarzda jami 917,8 million so‘m budjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Bosh prokuratura Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Buxoro va Navoiy viloyatlari sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazlari mansabdorlari dezinfeksiya qilish vositalarini qimmat narxlarda xarid qilish orqali bir necha yuz million so‘m davlat mablag‘ini o‘zlashtirganini xabar qilgan edi. Shuningdek, Namangan viloyatida 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilgan Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi shifokorlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)