16:53 / 31.07.2020
2 698

«Muhtoj oilalarga ajratilgan bir martalik yordam nima uchun naqd pul shaklida tarqatilmoqda?»

«Muhtoj oilalarga ajratilgan bir martalik yordam nima uchun naqd pul shaklida tarqatilmoqda?»
Akmalxon Ortiqov/Foto: Xalqaro press-klub
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Akmalxon Ortiqov p​​​​​rezident farmoni bilan pandemiya davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublika budjetidan ajratilayotgan bir martalik moddiy yordam nima uchun naqd pul shaklida berilayotganiga oydinlik kiritdi.

«Joylarda ehtiyojmand aholining holidan xabar olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim holatlarda oziq-ovqat to‘plami yoki dori-darmon shaklida yetkazib berilayotgan moddiy yordamni tarqatishda kamchiliklar uchrayotgani, hamma mas’ullar ham bu masalaga vijdon bilan yondashmayotgani uchun Qurbon hayiti arafasida ajratilgan bir martalik moddiy yordam pullarini ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalarga naqd pul shaklida tarqatish to‘g‘risida topshiriq bo‘ldi.

Moddiy yordam pullari viloyat darajasida moliyalashtirilgach 4 ta sektor rahbari – viloyat hokimi, prokurori, IIB va soliq boshqarmasi boshliqlari mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlari asosida naqd pullarni bankdan olib, o‘zlarining vertikallaridagi sektor rahbarlariga topshirishadi va mazkur jarayonda viloyatdagi sektorlarning rahbarlari shaxsan ishtirok etadi. Ya’ni pullarni qaysidir bir idoraning kichik xodimi yoki kassiriga ishonib topshirib qo‘yganmiz yo‘q. Davlatning vakolatli odamlariga ishonib topshirildi bu pullar
», deydi Akmalxon Ortiqov.

Vazir o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, yordam pullari ega-egasiga yetkazilgani, o‘rta yo‘lda kimlardir ularni o‘zlashtirib yubormasligini nazorat qilish ham tegishli organlarga yuklatilgan.

«Eng asosiysi, joylardagi mas’ullar ishlarning natijasi bo‘yicha viloyatdagi 4 ta sektor rahbariga axborot berishadi, buning uchun hisobdorlik belgilangan. Yordam pullari ega-egasiga yetkazilgani, o‘rta yo‘lda kimlardir ularni o‘zlashtirib yubormasligini nazorat qilish ham tegishli organlarga yuklatildi. To‘g‘ri, bu jarayonda tashkiliy jihatdan qandaydir kamchiliklar bo‘lishi mumkin. Agarda ajratilgan pul muhtoj oilalar ro‘yxatiga kiritilgan kimlargadir yetmay qoladigan bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda ham yetkazib berish ko‘zda tutilmoqda.

Joylardagi sektor rahbarlari kechadan boshlab o‘ziga biriktirilgan sektorda yashovchi ehtiyojmand oilalarning uylariga borgan holda pullarni alohida konvertlarda tarqatishmoqda. Konvertlarda oila boshlig‘ining ism-sharifi va ajratilgan pul miqdori yozib qo‘yilgan. Kimga qancha berilgani to‘lov qaydnomasida ham qayd etib boriladi, ya’ni ikki yoqlama nazorat tizimi amalga oshiriladi
», deydi Akmalxon Ortiqov.

Eslatib o‘tamiz, «Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoniga ko‘ra, Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlari («temir daftar»)ga kiritilgan 400 mingdan ko‘proq oilalarga O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan.

Prezident farmoniga muvofiq muhtoj oilalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasining hududiy bo‘limlariga — 200 milliard so‘m ajratilmoqda. Bir martalik moddiy yordam pullarini ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxatlariga kiritilgan oilalarga 2020 yil 15 avgustga qadar yetkaziladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Muhtoj oilalarga ajratilgan bir martalik yordam nima uchun naqd pul shaklida tarqatilmoqda?»