22:53 / 19.09.2020
735

Noto‘g‘ri talqindan kimga naf yoxud davlat xizmatchisini tasvirga tushirish uchun rozilik talab qilinmaydi

Noto‘g‘ri talqindan kimga naf yoxud davlat xizmatchisini tasvirga tushirish uchun rozilik talab qilinmaydi
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi loyihasi yangiliklaridan biri bu – fuqaroning o‘z tasviriga bo‘lgan huquqi himoyasini ta’minlashga qaratilgan alohida modda kiritilayotganidir.

Oxirgi paytlarda ayrim ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari tomonidan ushbu yangilikni davlat xizmatchilari tasvirini himoya qilishga qaratilgan qilib ko‘rsatish holatlari uchramoqda. Bunday tushunmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida, fuqaroni tasvirga tushirishga va undan foydalanishga rozilik olish masalasida yana bir bor tushuntirish berish lozim deb hisoblaymiz.

Tasvirga tushirishga va undan foydalanishga rozilik olish hamda istisnolar
Fuqarolik kodeksi loyihasiga kiritilayotgan “Fuqaroning tasviriga bo‘lgan huquqini himoya qilish” deb nomlangan moddaga ko‘ra, fuqaroni tasvirga tushirish (uning foto va video tasvirini hamda uning tasviri aks etgan tasviriy san’at asarini yaratish), shuningdek uning tasviridan foydalanish uchun ushbu fuqaroning roziligi, agar fuqaro voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, uning qonuniy vakillari roziligi, vafot etgan bo‘lsa, farzandlari, eri (xotini) yoki ota-onasining roziligi talab etiladi.

Ya’ni, umumiy qoida tariqasida har qanday fuqaroning foto yoki video tasviridan foydalanish uchun uning roziligi talab qilinadi.
Shu bilan birga, bu umumiy qoidadan istisno, ya’ni fuqaroni tasvirga tushirish va undan foydalanishga rozilik olishni talab qilmaydigan quyidagi holatlar mavjud:

1) tasvirdan davlat yoki jamiyat manfaatlari uchun foydalanilganda rozilik talab etilmaydi. Bunday foydalanishga huquqbuzarlikka qarshi kurashish, davlat xavfsizligini ta’minlash, tasvirdagi shaxsning jinoyat sodir etganligi yoki bedarak yo‘qolganligi sababli qidiruv e’lon qilish, davlat va jamoat arboblari hamda ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalar taniqli vakillarining tasviridan jamiyat uchun katta qiziqish uyg‘otadigan axborotni tarqatish maqsadlarida foydalanish, shuningdek davlat xizmatchilarini xizmat vazifalarini bajarish jarayonida tasvirga tushirish va bunday tasvirlardan foydalanish hollari kiradi.

Ya’ni, tasvirdan shaxsiy manfaatlarda emas, balki davlat va jamiyat manfaatlarida foydalanilganida, shu jumladan davlat xizmatchisini xizmat vazifasini bajarish jarayonida tasvirga tushirilganda va bu tasvirlardan foydalanilganda rozilik olish talab qilinmaydi (bunday holatga bugungi kundagi qonunchilikdan ham misol keltirish mumkin. Vazirlar Mahkamasining 01.12.2018 y. 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, Yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga qayd qilish huquqiga ega).

2) fuqaro ommaviy tadbirlarda (konsert, bayram sayillari va boshq.) va jamoat joylarida (umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, ta’lim muassasalari, hayvonot bog‘i, istirohat bog‘lari, ko‘chalar va boshqa jamoat joylarida) tasvirlangan bo‘lib, bunday tasvirdan foydalanishdan maqsad faqat ushbu joylardagi umumiy jarayonlarni namoyish etish bo‘lgan hollarda rozilik talab etilmaydi.

Ya’ni, jamoat joylarida yoki ommaviy tadbirlarda fuqaroni shaxsni tasvirga olish va bu tasvirdan foydalanish uchun rozilik talab qilinmaydi. Faqat buning sharti tasvirga olish ob’ekti bevosita shu shaxs bo‘lmasligi kerak;

3) Shuningdek, fuqaroni tasvirga tushirish va (yoki) uning tasviridan foydalanishdan maqsad ushbu fuqaroning huquqlarini himoya qilish bo‘lganda, fuqaroning haq evaziga tushirilgan tasviridan ushbu tasvirni tushirishdan ko‘zlangan maqsadlarda foydalanilganda, fuqaroning o‘zi hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalarda e’lon qilgan tasvirdan foydalanilganda ham rozilik talab etilmaydi.

Javobgarlik masalasi
Fuqaroni tasvirga tushirish va tasviridan foydalanishda uning roziligini olish talabiga rioya qilinmaganda qanday javobgarlik kelib chiqishi masalasini ham to‘g‘ri talqin qilish muhim. Huquq buzilishi fuqarolik-huquqiy munosabatdan kelib chiqqani uchun bu holatda javobgarlik ham fuqarolik-huquqiy xarakterga ega bo‘ladi (ma’muriy yoki jinoiy javbogarlik kelib chiqmaydi).

Ya’ni, o‘zining tasviridan roziligisiz foydalanishga duch kelgan fuqaro ikkinchi tarafdan o‘zining tasvirini (fotoapparat, kamera, mobil telefon va boshqa uskunalar xotirasidan) o‘chirib tashlashni, tasviri aks etgan narsalarni yo‘q qilish va muomaladan chiqarishni, shuningdek ommaviy axborot vositalaridan, internet tarmog‘idan, tashqi reklama va reklama xususiyatiga ega bo‘lgan tarqatma materiallardan olib tashlashni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Agar bu talablar bajarilmasa, fuqaro (vafot etgan bo‘lsa – uning farzandlari, eri (xotini) yoki ota-onasi, voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa – qonuniy vakillari) talablarni majburiy bajartirish, shuningdek o‘ziga yetkazilgan moddiy zarar va ma’naviy ziyonni undirish uchun sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Bunda, fuqaro o‘zi talab qilayotgan holatlarni, o‘ziga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazilganini isbotlashi lozim bo‘ladi.

Xorijiy tajriba
Shaxsni tasvirga tushirish uchun uning roziligini olish talabi rivojlangan mamlakatlarda ham mavjud. Masalan, Yevropa ittifoqining (EU) 2016/679-sonli Reglamentida (2018 yil 25 mayda kuchga kirgan) shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash (to‘plash, yozib olish, foydalanish, tarqatish va boshq.) shaxsiy ma’lumot sub’ekti o‘zining shaxsiy ma’lumotlarini bir yoki bir nechta aniq maqsadlarda qayta ishlashga rozilik bergan taqdirdagina qonuniy hisoblanishi belgilab qo‘yilgan. Ushbu Reglamentga ko‘ra, inson yuzining tasviri uning shaxsiy ma’lumotlari qatoriga kiradi.

MDH mamlakatlaridan Rossiya Federatsiyasi Fukarolik kodeksining 152.1-moddasida fuqaroning tasvirini tarqatish va undan foydalanish faqat shu fuqaroning, agar fuqaro vafot etgan bo‘lsa uning farzandlari, eri (xotini) yoki ota-onasining roziligi bilagn amalga oshirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.

Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 145-moddasiga ko‘ra, hech kim boshqa shaxsning tasviridan uning roziligisiz (agar shaxs vafot etgan bo‘lsa uning merosxo‘rlari roziligisiz) foydalanishi mumkin emas. Fuqaroning tasvirini e’lon qilish, foydalanish va tarqatish shu fuqaroning, agar fuqaro vafot etgan bo‘lsa uning farzandlari va eri (xotini) roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Bunday rozilik qonunlarda belgilangan hollarda yoki shaxs haq evaziga tasvirga tushgan hollarda talab etilmaydi.

Yakuniy fikr
Fuqaroning tasvirini himoya qilish bugungi axborot kommunikatsiya rivojlangan davrda juda muhim. Chunki, ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning tasvirlaridan foydalangan holda ularning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi, oilaviy va shaxsiy sirini oshkor etuvchi ma’lumotlar tarqatish hollari kam emas. Oqibatda, jamiyatda fuqarolar o‘rtasida turli nizolar kelib chiqmoqda.

Aslida, amaldagi Fuqarolik kodeksining 99-moddasida fuqaroning tasvirga bo‘lgan huquqi tortib olinmasligi, o‘zga usul bilan boshqa shaxsga berilmasligi hamda himoya qilinishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, tasvirga bo‘lgan huquq daxlsizligi chegaralari aniq belgilanmagan.
Fuqarolik kodeksi loyihasiga tasvirga bo‘lgan huquqni himoyasini ta’minlashga qaratilgan alohida modda kiritishdan maqsad yuqorida ko‘rsatilgan huquqiy bo‘shliqni to‘ldirish hamda barcha fuqarolarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasini ta’minlashdir.

A’zam Madaminov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)