13:00 / 12.11.2020
1 502

Abduhakimov: «Velosipedda yuraman desangiz, har o‘n metrda ariq uchraydi, yo yo‘l buzilgan bo‘ladi, yo zina chiqib qoladi»

Abduhakimov: «Velosipedda yuraman desangiz, har o‘n metrda ariq uchraydi, yo yo‘l buzilgan bo‘ladi, yo zina chiqib qoladi»
11 noyabr kuni Toshkentda viloyat hokimlarining turizm va sportni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun tashkil etilgan o‘quv-seminarining ochilishida bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ham ishtirok etdi. U o‘z nutqida yechimini kutayotgan ayrim kamchiliklarga to‘xtalgan, deb yozmoqda «Kun.uz» nashri.

Bosh vazir o‘rinbosari ko‘chalardagi piyoda va veloyo‘laklar qoniqarsiz ahvolda ekaniga alohida urg‘u berdi.
«Yoshlarimiz, boshqa katta yoshli aholimiz ham jismoniy mashg‘ulot bilan shug‘ullangisi keladi. Lekin joy yo‘q. O‘zimning misolimda aytadigan bo‘lsam, bir nechta viloyat rahbarlari bilan ko‘chalarda yurib ko‘rdik. Uzoq bir qishloqni aytmayapman, yirik shaharlarimizdagi holat ham yurib bo‘lmaydigan darajada. Na yugursa bo‘ladi, na velosipedda yursa. Belgilangan yo‘l belgilari yo‘q. Velosipedda yuraman desangiz, har o‘n metrda yo ariq uchraydi, yo yo‘l buzilgan bo‘ladi, yo zina chiqib qoladi va hokazo.

Samarqandni misol qilsak, viloyat hokimi shahar va tuman rahbarlari bir hafta ko‘chalarni piyoda aylansin, deb qaror chiqardi. Nimaga viloyat hokimi shunaqa qaror qildi? Negaki, kattakon rahbarlar mashinada yuraversa, oddiy odamlarimiz, fuqarolar piyoda yurayotgan yo‘laklar yoki veloyo‘laklar qanaqa holatda ekanini bilmaydi. Ular ko‘chalardan mashinani vang‘illatib hammayoqni chang bostirib o‘tib ketadi. Nima degani bu? Umuman, bilmadim bu qanaqa holat bo‘ladi
», – degan Aziz Abduhakimov.

Avvalroq Aziz Abduhakimov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahridagi veloyo‘lakchalarni ko‘zdan kechirgan va haydovchilarni o‘z mashinalarini veloyo‘lakchalarga qo‘ymaslikka chaqirgandi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident farmoniga asosan, 2021 yil 1 mayga qadar O‘zbekiston shaharlari va har bir tuman markazida piyoda va velosipedda yurish uchun «Salomatlik yo‘laklari», «Velosiped yo‘laklari» quriladi.

Mazkur yo‘laklarning umumiy uzunligi 3–5 kilometr bo‘lib, o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘ladi. Ularga energotejamkor, harakat sensorlari bilan jihozlangan yoritish tizimlari o‘rnatiladi. Yo‘laklar boshlanishi, oralig‘i va yakunini ko‘rsatuvchi yo‘l belgilari va yorug‘lik qaytaruvchilar bilan to‘liq ta’minlanadi. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayliklar yaratilishi ko‘zda tutilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Abduhakimov: «Velosipedda yuraman desangiz, har o‘n metrda ariq uchraydi, yo yo‘l buzilgan bo‘ladi, yo zina chiqib qoladi»