21:39 / 11.01.2021
1 966

Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni saylovlardagi g‘alabasi bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni saylovlardagi g‘alabasi bilan tabrikladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning saylangan prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi va uni prezident saylovidagi g‘alabasi hamda Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.

«Ushbu g‘oyatda muhim siyosiy tadbirlarning yakunlari mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirildi.

O‘z navbatida, Sadir Japarov O‘zbekiston prezidenti va ko‘p millatli xalqiga zamonaviy xatarlarni yengib o‘tishda va koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashishda qardosh Qirg‘izistonga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.

Telefon muloqoti chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ularni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish davri bo‘lishi lozimligi qayd etildi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston ko‘p qirrali hamkorligini rivojlantirish borasida avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekani alohida ta’kidlandi.

Bular, avvalo, Davlat chegaralarini delimitatsiya qilish borasidagi qo‘shma ishlarning natijadorligini oshirish, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat, energetika va qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani kuchaytirish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvni kengaytirish, samarali transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari va boshqa jihatlar.

Hukumatlararo komissiyalar ishini faollashtirish, shuningdek, hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha qator tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar doirasida aniq va konstruktiv muloqotni davom ettirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi
[i][/i]», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

10 yanvar kuni Qirg‘iziston prezidenti lavozimi uchun bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari saylovlarda Sadir Japarov 80 foizga yaqin ovoz to‘plab, g‘alaba qozondi. Saylovlarda jami 17 nomzod kurash olib borgandi. Saylovda saylovchilarning 39,75 foizi qatnashgan.

Qirg‘izistonda 2020 yil oktabridagi tartibsizliklardan keyin avvalgi prezident Sooronboy Jeenbekov iste’fo bergan va mamlakatda muddatidan oldingi prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi belgilangandi.

Sadir Japarov 2017 yildan buyon 2013 yilda Issiqko‘lda tartibsizliklar keltirib chiqarishda ayblanib, 10 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tayotgan edi. Oktabrdagi parlament saylovlaridan keyingi tartibsizliklar chog‘ida namoyishchilar uni qamoqdan ozod qilishdi, ko‘p o‘tmay u bosh vazir etib tayinlandi. Jeenbekovning iste’fosidan keyin esa u prezident vazifasini bajaruvchiga aylangandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev Sadir Japarovni saylovlardagi g‘alabasi bilan tabrikladi