Germaniyada robot 16 yoshli qizga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilganlikda gumon qilinmoqda

Germaniyaning Kyoln shahrida 16 yoshli qizga nisbatan jinsiy tegajog‘lik sodir etilgani haqidagi voqea politsiya tekshiruviga sabab bo‘ldi. Bild nashrining yozishicha, hodisada taxminan 1,2 metr bo‘yli robot ishtirok etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 11 oktyabrga o‘tar kechasi shahar markazidagi restoran yaqinida yuz bergan. O‘sha paytda qiz ikki dugonasi bilan birga bo‘lgan. Robot unga yaqinlashib, orqa qismiga qo‘l tekkizgan va jinsiy xarakterdagi harakatlarni sodir etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, robotning 16 yoshli egasi va uning 19 yoshli tanishi hodisani videoga olgan. Ular robotning harakatlariga izoh berib, voqeani ijtimoiy tarmoqdagi jonli efir orqali namoyish etgan bo‘lishi mumkin.
Voqea joyiga politsiya chaqirilganidan so‘ng, huquq-tartibot xodimlari hodisaga aloqador shaxslarni aniqladi. Robot esa avtomobil yukxonasiga yashirib qo‘yilgan holda topilgan.
Politsiya robotni va gumondorlarga tegishli ikkita mobil telefonni olib qo‘ydi. Hozirda qurilma qanday boshqarilgani, uning harakatlari ataylab yo‘naltirilganmi yoki yo‘qmi, shu jumladan hodisaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan jinsiy tegajog‘lik gumoni bilan tergov boshlangan. Tergov yakunlari va robotning harakatlariga kim mas’ul bo‘lgani haqidagi xulosalar hozircha ma’lum emas.































Izohlar 0
…