MrBeast jamoasi Xivada: Ichan qal’a dunyo nigohida bo‘lishi mumkin!

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Mashhur YouTube blogeri MrBeast (Jimmy Donaldson) va uning jamoasi O‘zbekistonga tashrif buyurib, Xivaning Ichan qal’asida suratga olish ishlarini olib bormoqda.
- Bu tashrifning asosiy maqsadi mamlakatning tarixiy va madaniy merosini xalqaro auditoriyaga tanitishdir.
- Ichan qal’aning o‘ziga xos me’moriy obidalari va qadimiy ko‘rinishi xalqaro miqyosdagi videoloyihalar uchun katta qiziqish uyg‘otadi.
Dunyoning eng mashhur YouTube blogerlaridan biri MrBeast'ning (Jimmy Donaldson) suratga olish jamoasi Xorazm viloyatiga yetib bordi. Ayni paytda ijodiy guruh Xivaning tarixiy markazi — Ichan qal’ada tasvirga olish ishlarini olib bormoqda.
Toshkentdan Xivagacha davom etgan safar
MrBeast 9 oktyabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurgan. Bu uning Markaziy Osiyoga ilk safari hisoblanadi. Tashrif San’at va madaniyatni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, asosiy maqsad mamlakatning tarixiy va madaniy merosini xalqaro auditoriyaga tanitishdan iborat.
Dastlab blogerning o‘zi Toshkent va Samarqandga borishi rejalashtirilgan. Uning suratga olish jamoasi esa safarni davom ettirib, Buxoro va Xivadagi tarixiy obidalarni tasvirga olishga kirishgan. Toshkentdagi tashrifi davomida MrBeast ko‘plab muxlislar e’tiboriga tushgan. Bloger O‘zbekistondagi mashhurligini avvaliga yetarlicha baholamaganini tan olgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, minglab muxlislar avtomobili ortidan ergashgan.
Nega aynan Ichan qal’a?
Xivaning qadimiy Ichan qal’asi 1990 yilda UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. O‘zbekistonning xalqaro miqyosda e’tirof etilgan tarixiy maskanlaridan biri bo‘lgan ushbu hududda Kalta Minor, Islomxo‘ja minorasi, Juma masjidi va Ko‘hna Ark kabi noyob me’moriy obidalar joylashgan.
Qadimiy devorlar, tor ko‘chalar va asrlar davomida saqlanib qolgan me’moriy yodgorliklar Ichan qal’aga o‘ziga xos ko‘rinish beradi. Shu bois bu maskan xalqaro miqyosdagi videoloyihalar uchun ham katta qiziqish uyg‘otishi mumkin.
Video qachon e’lon qilinadi?
Hozircha suratga olinayotgan videoning qachon namoyish etilishi va qanday formatda tayyorlanishi haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Shuningdek, jamoa Ichan qal’aning aynan qaysi qismlarida tasvirga olish ishlarini olib borayotgani ham ochiqlanmagan.
Shunga qaramay, MrBeast jamoasining Xivaga tashrifi O‘zbekistonning boy tarixiy merosini xalqaro auditoriyaga tanitish nuqtayi nazaridan katta qiziqish uyg‘otmoqda.































Izohlar 0
…