Onasiga kechasi qo‘ng‘iroq qilish janjalga sabab bo‘ldi: yigit 16 yilga qamaldi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Xonqa tumanida 21 yoshli I.Q. onasiga kechasi qo‘ng‘iroq qilgan M.P. bilan janjallashib, natijada bir kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
- Sud hukmi bilan u 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
- Voqea 9 aprel kuni sodir bo‘lib, yigit avval M.P. bilan, keyin esa uning sinfdoshlari bilan tortishib qolgan.
- M.X. janjalni to‘xtatmoqchi bo‘lganida, I.Q. uni oshxona pichog‘i bilan urib o‘ldirgan.
Xorazm viloyati Xonqa tumanida onasining sinfdoshlari bilan yuzaga kelgan nizo fojia bilan yakunlandi. 21 yoshli yigit choyxonadagi janjal vaqtida bir kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Sud hukmi bilan u 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda «Daryo» sud hujjatlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 9 aprel kuni sodir bo‘lgan. O‘sha kuni taxminan soat 21:00 da M.P. ismli erkak sinfdoshi N.ga qo‘ng‘iroq qilib, boshqa sinfdosh qizlarni ham to‘plab, choyxonaga kelishini so‘ragan.
Bu suhbatni eshitgan ayolning o‘g‘li I.Q. jahli chiqib, telefonni onasining qo‘lidan olgan. U erkakdan nega kechki payt onasiga qo‘ng‘iroq qilayotganini so‘ragan. Natijada ikkisi o‘rtasida tortishuv boshlangan.
Suddagi ko‘rsatuvida I.Q. telefon orqali gaplashuv chog‘ida M.P. uning o‘zi va ota-onasini haqorat qilganini bildirgan.
Shundan so‘ng yigit erkakning qayerda ekanini so‘rab, otasi bilan birga u aytgan choyxonaga borgan. U yerda M.P. va uning uch nafar sinfdoshi tashqariga chiqqan.
I.Q. avvaldan tanigan Sh. bilan vaziyatni muhokama qilayotganida, M.P. orqasidan kelib, uning bo‘ynidan bo‘g‘gan. Ikkisi o‘rtasidagi olishuv vaqtida ular yerga yiqilgan. Keyin I.Q. otasiga ham tashlanishganini ko‘rib, uni mashinaga o‘tqazib, olib ketgan. Ularning mashinasiga tosh otilib, eshiklari tepilganidan so‘ng yigit otasini uyiga olib borgan.
Biroq u yerda qolmagan. I.Q. otasini uyda qoldirib, yana choyxonaga qaytishga qaror qilgan. Taxminan soat 22:00 da mahalladagi do‘kondan qarzga oshxona pichog‘ini olib, voqea joyiga yo‘l olgan.
Choyxonaga ikkinchi marta kelgan yigit M.P.ga qo‘ng‘iroq qilib, tashqariga chiqishini so‘ragan. Ular ko‘chaga chiqqan paytda marhum M.X. janjalni to‘xtatish va ikkisini ajratishga uringan.
I.Q. nizosi M.P. bilan ekanini aytib, avvalgi uchrashuvdagi xatti-harakatlari uchun undan uzr so‘rashini talab qilgan. Biroq tortishuv davom etgan.
Sudlanuvchining ko‘rsatuviga ko‘ra, M.X. uning va ota-onasining sha’niga haqoratli so‘zlar aytgan. Shundan keyin I.Q. o‘zini boshqara olmay qolganini bildirib, qo‘lidagi pichoqni uning ko‘kragiga sanchgan.
Oqibatda M.X. voqea joyida vafot etgan. Keyin I.Q. M.P.ga ham pichoq bilan zarba berishga uringan. Biroq pichoq tig‘ining sinishi sababli u yengil tan jarohati bilan tirik qolgan.
Sudda ayblanuvchi pichoqni o‘zini himoya qilish maqsadida olganini, hech kimni o‘ldirish niyati bo‘lmaganini va voqealar kuchli ruhiy hayajon ta’sirida yuz berganini aytgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Bog‘ot tuman sudi I.Q.ni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «g» bandi hamda 25, 97-moddasi 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topgan.
Sud hukmiga ko‘ra, unga jazolarni qisman qo‘shish tartibida uzil-kesil 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.






























Izohlar 0
…