11:30 / 16.02.2021
3 019

«Bunaqa ‘genialniy’ g‘oyalar keladigan hokim va deputatlarni boshiga qoyil!» — Rasul Kusherbayev

«Bunaqa ‘genialniy’ g‘oyalar keladigan hokim va deputatlarni boshiga qoyil!» — Rasul Kusherbayev
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev Surxondaryoda tadbirkorning yerini Konstitutsiyaga zid ravishda olib qo‘yish bilan bog‘liq holat haqida ma’lum qildi. Deputat Telegram-kanalida e’lon qilgan postida hokim va uning noqonuniy qarorini tasdiqlab bergan deputatlar kengashini tanqid qildi.

- "Amaldorlar, shu jumladan, hokimlar qonunlarni hurmat qilib, shaxsiy manfaati yo‘lida buzishni to‘xtatmasa rivojlanish bo‘lmaydi, investitsiya kirmaydi.

Surxondaryo viloyatining Denov tumani hokimligi buni tushunishi kerak. Birovning mulki tortib olinishiga va shu orqali noqonuniy qaror qabul qilinishiga uxlab o‘tirib, ovoz berayotgan tuman kengashi deputatlari ham uyg‘onishi lozim.

1999 yili Denov tumani hokimining qarori bilan «Orzu K» nomli tadbirkorlik sub’ektiga savdo markazi uchun yer ajratib berilib, tadbirkor tomonidan savdo markazi qurilgan ekan. So‘ng 2003 yildagi hukumat qaroriga asosan savdo markazining 51 foizi majburiy ravishda tadbirkordan olinib, hokimlikka o‘tkazilgan. 2017 yili esa ushbu savdo markazi hududida yong‘in chiqib, yengil konstruksiyali do‘konlar yonib ketadi. Savdo markazining qolgan qismi qoladi.

Aynan o‘sha kunlarda savdo markaziga tashrif buyurgan sobiq viloyat hokimi E.Turdimov «joyni olib, to‘liq hokimlikka o‘tkazinglar!», degan topshiriq beradi. Bu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Denov tumani hokimligi tadbirkor hisobiga qurilgan savdo markazini olib, «Xalqabod-Denov» nomli MCHJga o‘tkazish haqida qaror qabul qiladi.

Biroq uzoq sudlashuv natijasida bu qaror o‘zgartirilib, joy ilgarigi egasiga qaytariladi. Joyni tortib olishga bo‘lgan urinishlar bu bilan to‘xtamaydi.

Tumanga yangi kelgan hokim va deputatlar boshlig‘i R.Pardayev yaqinda Xalq deputatlari Denov tumani Kengashidagi deputatlar ixtiyoriga amalda 49 foiz ulushga egalik qilib kelayotgan tadbirkorga tegishli savdo markazini olib qo‘yib, boshqa sub’ektga berib yuborish haqida qarorni tasdiqlashni kiritadi.

Ushbu qarorga asos sifatida go‘yoki bir qator tadbirkor, fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasiga hamda yuqori turuvchi organlarga qilgan murojaatlari asos ekan.

Bunaqa «genialniy» g‘oyalar keladigan hokim va deputatlarni boshiga qoyil! Fuqarolar qonuniymi, yo‘qmi nima so‘rasa ham, muhayyo qilib qaror chiqarib beraveradigan deputatlar kengashi paydo bo‘libdimi?

Shu joyiga qonunlardan bexabar, xususiy mulk daxlsiz degan Konstitutsiyaviy qoidadan bexabar tuman hokimini bo‘shatish haqida ham fuqarolardan murojaat bo‘lsa deputatlar mard bo‘lib, bo‘shatishga qaror qila olisharmikan?

Odamlar eshikma eshik, yillab sarson yuradi. Bu sarsongarchilikka ko‘z yumib yurgan hokim va qo‘l ostidagi deputatlar esa kimnidir mulkini tortib olishdek yog‘li ishga kelganda fuqarolarning murojaatlarini asos qilib, shartta qaror chiqarib yuborsa-ya. Kimdir kimdirni «buyurtmasi»ni bajarayotganga o‘xshamayaptimi?

Xullas, kulishni ham yig‘lashni ham bilmaysan: biz hali ham nafsi vijdonidan ustun, qonunlarni hurmat qilmaydigan hokimlari bor, hokimi nima desa ko‘zni yumib tasdiqlab beraveradigan, qo‘rqoq deputatlari bor jamiyatda yashayapmiz shekilli
", - deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bunaqa ‘genialniy’ g‘oyalar keladigan hokim va deputatlarni boshiga qoyil!» — Rasul Kusherbayev