22:17 / 26.02.2021
1 083

"Bu — siyosatimizga xiyonat" — Prezident balandparvoz gapiradigan rahbarlarni tanqid qildi

"Bu — siyosatimizga xiyonat" — Prezident balandparvoz gapiradigan rahbarlarni tanqid qildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlar muammolari yuzasidan o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida ayollar muammolarini hal qilish bo‘yicha masalaning yechimini topish zarurligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, joylarda xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish maqsadida 6,4 million ayol bilan muloqot qilingan, natijada 433 ming nafar xotin-qiz “Ayollar” daftariga kiritilib, elektron baza shakllantirilgan.

Shundan, 253 ming nafari ishsiz, 44 ming nafari tibbiy, 48,5 ming nafari huquqiy va psixologik yordamga muhtoj, 37 ming nafari boquvchisini yo‘qotgan, 33,5 ming nafari nogironligi bo‘lganlar, 9 ming nafari noturar joyda yashovchilar, 8 ming nafari esa nogironligi bo‘lgan farzandini tarbiyalayotgan yolg‘iz ayollarni tashkil etadi.

O‘tgan uch oyda respublika komissiyasi tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritilgan 80 ming nafar xotin-qizning (19 foiz) muammolari hal etilgan.

Davlatimiz rahbari mahalla raisi, uning xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari boshchiligidagi Ayollar maslahat kengashlari “xonadonbay” xotin-qizlar muammolarini aniqlab, sektor rahbarlari oldiga aniq va lo‘nda masalalarni qo‘yishi kerakligini qayd etdi.

Sektor rahbarlari, hokimning xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi bilan birga, aniqlangan muammolarning yechimi bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” ishlab chiqib, mahalliy kengashlarga kiritishi va ijrosi bo‘yicha har oyda xalq vakillariga hisobot berishi ta’kidlandi:
  • Tuman va shahar hokimining mahalla va iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosarlari ayollar bandligini ta’minlash, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy yordamga muhtoj nogironligi bo‘lgan ayollarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
  • hokimning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari tibbiy himoya va psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan bolalari mavjud yolg‘iz ayollarni qo‘llab-quvvatlash;
  • tuman “Xalq banki” rahbarlari xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilishga;
  • tuman prokurori, ichki ishlar va adliya bo‘limlari boshliqlari huquqiy yordam olishga muhtoj, zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga ko‘maklashishga mas’ul bo‘ladi.

Tuman xotin-qizlar va mahalladagi Ayollar maslahat kengashlari ajralishlarning oldini olish, notinch oilalardagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishga mas’ul bo‘ladi. Ushbu rahbarlar haftaning 2 kuni faqat ayollar masalalari bilan shug‘ullanadi.

Viloyat va respublika darajasidagi rahbarlar ham ushbu tizim asosida belgilangan yo‘nalishlarga mas’ul bo‘ladi. Respublika komissiyasi xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash sohasida davlat idoralarining hamkorligini muvofiqlashtirib boradi.

Menga balanparvoz gaplar kerak emas. Shodiyona va Bunyodkor mahallalaridagi ahvol joylarda vaziyat qanday ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Bu - siyosatimizga xiyonat. Mo‘’tabar ayolning izzat-ikromini joyiga qo‘ymas ekanmiz, qilayotgan barcha ishlarimiz behuda. Bugun yig‘ilishda so‘zga chiqadigan rahbarlar ham quruq hisobot emas, masalaning aniq yechimlari bo‘yicha takliflarini bersin, – dedi davlat rahbari.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » "Bu — siyosatimizga xiyonat" — Prezident balandparvoz gapiradigan rahbarlarni tanqid qildi