23:26 / 02.03.2021
954

Qo‘shnisining ishonchiga kirgan ayol takroran o‘g‘rilikka qo‘l urdi

Qo‘shnisining ishonchiga kirgan ayol takroran o‘g‘rilikka qo‘l urdi
Mamlakatimizda moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlar “Ayollar daftari”ga kiritilib, ularning har qanday masalalari to‘liq hal etib kelinmoqda. Berilayotgan imtiyozlardan foydalanmay halol mehnat qilish evaziga o‘g‘rilikka qo‘l urib, o‘zini va oila a’zolarining taqdirini ayanchli ahvolga tushirib qo‘ygan ayollarimiz ham oramizda bor.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburligi belgilab qo‘yilgan.

Jamiyatimizda bu norma talabini to‘liq anglab, vijdonan yondashayotgan ota-onalarimiz bisyor albatta, biroq hali voyaga yetmagan bolalarini ona mehriga muhtojligini bila turib, jinoyatga qo‘l ursa?

Axir qonunchilikda har bir shaxs ijtimoiy xavfli qilmishi uchun javobgarlikka tortilishi shartligi ko‘rsatilgan, ozodlikdan mahrum etilgan onaning farzandlariga bu holat qanday ta’sir qilishini bir o‘ylab ko‘raylik?

D.M uch farzandning onasi, uy bekasi edi. U 2020 yilning yanvar oyida A.Tning yashash xonadoniga farzandlariga qarab turish maqsadida kirib, xonadon egalarining yo‘qligidan foydalanib, jami 34 mln. so‘mlik ancha miqdordagi tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlab, talon-toroj qilganidan so‘ng, takroran 2020 yilning yanvar oyining oxirlarida N.Kning yashash xonadonidan narxi 1 mln. 200 ming so‘mlik “Redmi5” rusumidagi qo‘l telefon apparatini, 2020 yilning iyun oyining oxirlarida S.Sning yashash xonadonidan jami 6 mln. 200 ming so‘mlik tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlaydi.

Sud hukmiga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan aybli deb topilib, shu moddaga asosan JK
57-moddasini qo‘llanilib, 2 (ikki) yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Hukmda jabrlanuvchilarga yetkazilgan zarar undirilishi ko‘rsatildi. D.M oilaviy sharoitini yaxshi bo‘la turib, nega endi takror o‘g‘rilik jinoyatiga ko‘l urgan?

D.Mning turmush o‘rtog‘i sudda bergan ko‘rsatuvida, ishlashi bois oilasini moddiy jihatdan ta’minlashiga qurbi yetayotganligi, turmush o‘rtog‘i D.M nima sababdan bu jinoyatga qo‘l urganligini bilmasligi, o‘g‘irlangan ashyolarning pulini oilasiga ishlatmagani, u ilgari ham shu kabi qing‘ir ishlarni qilib yurganligi bois, unga qattiq tanbeh berib, tuzalish yo‘liga o‘tmasa u bilan ajrashishi to‘g‘risida ogohlantirgani, turmush o‘rtog‘ini to‘g‘ri yo‘lga sola olmayotgani, bu holat esa farzandlarining tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirdi.

Farzandlarning komil inson bo‘lib yetishishida mas’ul bo‘lgan shaxslardan biri, ona ozodlikdan mahrum qilindi, farzandi uchun bundan-da ayanchli ahvol bo‘lmasa kerak, farzandlarimiz ma’naviy barkamol bo‘lib yetishishida har bir ota-ona o‘z mas’uliyatini his qilishi darkor.

Chunki, bugun ma’naviyatni o‘rgangan yosh avlod ertaga ulg‘ayib, ma’naviyatli jamiyatni barpo etishadi va bunday jamiyat esa yuksak taraqqiy etadigan davlatning asosini tashkil etadi.

O‘z nafsini jilovlay olmay, tubanlik botqog‘iga tushib qolgan onaning qilmishi, “Oila” deb atalmish muqqaddas dargohni parchalanishiga olib keldi.

Aziza Ro‘ziyeva
Navoiy viloyat sudi jamoatchilik va
OAV bilan aloqalar bo‘yicha
bosh konsultanti


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Qo‘shnisining ishonchiga kirgan ayol takroran o‘g‘rilikka qo‘l urdi