09:53 / 17.03.2021
1 005

Huquqbuzarlarga qarshi kurashuvchilar sotqin bo‘lsa – mendirman o‘sha yoxud deputat qonun ustuvorligi yo‘lida xizmat qilmasa jamiyat qayerga boradi?

Huquqbuzarlarga qarshi kurashuvchilar sotqin bo‘lsa – mendirman o‘sha yoxud deputat qonun ustuvorligi yo‘lida xizmat qilmasa jamiyat qayerga boradi?
Barcha qonunlar jamiyatdagi hammaga ham yoqavermaydi, kimdir baribir qaysidir sohadagi qonun-tartiblardan rozi bo‘lmaydi, talabini ortiqcha deb hisoblaydi, bo‘ysunishga istamaydi, erinadi, bahona topadi, qoralaydi-oqlaydi. Chunki shu qonunlar uning manfaatiga, yashash tarziga, odatlariga, kayfiyatiga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.

Lekin har bir inson o‘zi tanlab, o‘zi istagan qonun va tartibiga rioya etib, qolganlarini e’tiborga olmasa, bizni jamiyat sifatida qanday oqibatlar kutayotganini tasavvur qilish qiyin emas: tez va so‘zsiz inqirozga uchraymiz. Shuning uchun ham, qonun barcha uchun barobar, hamma qonun oldida teng degan ulug‘ g‘oyalar asosida jamiyatlar rivojlangan.

O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida hali talay ishlar qilinishi, ko‘p masalalar yechilishi kerak. Bu muammolar hammamizni qiynaydi, chunki mazkur holat rivojlanishimizga jiddiy to‘siqligini barcha tushunadi.

Qonun ustuvorligi kerak, ammo uni ta’minlash faqat davlatning ishimi?

Faqat davlat qonun qo‘riqchisi, tartiblarning ta’minlovchisi bo‘lishi, birinchidan, kutilgan natija uchun yetarli bo‘lmaydi, ikkinchidan, ko‘p resurs talab qiladi, uchinchidan, fuqarolik jamiyati rivojlanishiga rag‘bat uyg‘otmaydi. Bironta davlat jamiyatning ko‘magisiz va hamkorligisiz, ya’ni jamoatchilik nazoratisiz qonun ustuvorligiga erisholmaydi, hatto bu yo‘nalishda harakat qila olmaydi. Qanchalik katta davlat xizmatchilari armiyasi yoki huquqni muhofaza qiladigan tizim yaratilishidan qat’i nazar, faqat shuning o‘zi bilan qonun ustuvorligiga erishishning iloji yo‘q.

Bu oddiy haqiqat fuqarolarimiz tomonidan to‘g‘ri tushunib, qo‘llab-quvvatlab kelinayotgandi, ayniqsa, ekologiyaga zarar, qorrupsiya, litsenziyasiz faoliyat yuritayotganlar yuzasidan xabar berganlarni rag‘batlantirish tashabbuslari olqishlanayotgan edi.

Masalan, Davlat ekologiya qo‘mitasining internet tarmog‘idagi maxsus axborot tizimiga ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi yozuvlarni yuborgan shaxslar jarima miqdorining o‘n besh foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Xuddi shunday, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslar bir martalik pul mukofoti (BHMning 3 baravaridan 25 baravarigacha) bilan rag‘batlantiriladi. Shuningdek, shaxs korrupsiyaga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shganligi uchun davlat mukofotiga ham tavsiya etilishi mumkin.

Lekin yo‘l harakati xavfsizligi sohasiga xuddi shu mexanizmlarni tatbiq qilishga kelganda, ijtimoiy tarmoqlarda fikrlar qutblanishi, muhokamalar paydo bo‘lib, aholining ma’lum qatlami, ayniqsa, haydovchilar tomonidan ko‘p e’tiroz bildirila boshlandi.

Eng achinarlisi, qonun ustuvorligining ramzlaridan bo‘lgan, qonunlarni qabul qiluvchi oliy organ vakilining bu mavzudagi fikrlari jamiyatimizga umuman kutilmagan teskari signal yubordi. (Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev yo‘llardagi qoidabuzarliklar haqida xabar berganlarni “xoin”, “vatanni ham sotadi” deb ta’rifladi https://t.me/deputat_kusherbayev/1419)

Bunday yondashuv, yumshoq qilib aytganda, kutilmagan edi. Qonunlarni buzganlarning aybini yashirish kerakmi? Nega boshqa sohalarda normal qabul qilingan g‘oya yo‘l harakatida ishlatilmasligi kerak? Yoki bu sohada muammo yo‘qmi, axir, gap insonlarning hayoti, xavfsizligi, salomatligi bilan bog‘liq-ku. O‘zbekistonda bu soha shunchalik tartiblimiki, biz avval unday qilinsin, keyin... deb shart qo‘yib o‘tirsak? Aslida zudlik bilan choralar ko‘rish kerak!

Oxirgi 5 yil ichida O‘zbekiston hududida yo‘l-transport hodisalari oqibatida 10 000 dan ortiq inson halok bo‘lgan, tan jarohati olib majruh bo‘lganlar soni ikki barobar ko‘p. Bu raqam qanchalik qo‘rqinchli: kimningdir farzandi, jigari, otasi yo onasi, sevgan insoni... bevaqt hayotdan ko‘z yumyapti, majruh bo‘lyapti, bir soniyada umrlar barbod bo‘lib, oilalar, fuqarolarning taqdirlari o‘zgarib ketmoqda.

Yangi tizimga qarshi huquqbuzarlar mana shu tinch davrdagi oldi olinishi mumkin bo‘lgan qurbonlar uchun vijdoni qarshisida nima deb javob berishini o‘ylayaptimi? Ertaga o‘z yaqini shu qurbonlar qatorida bo‘lsa, albatta fikri o‘zgaradi, chunki har kim o‘z tanida his etgan og‘riqdan kelib chiqib xulosa qiladi.

Yana bir narsani bilish kerakki, yo‘l harakati ishtirokchilari yoki xalqimiz faqat haydovchilardan iborat emas.
Qonunni buzgan haydovchilarning bu tarzda yonini olish ob’ektiv qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarni ochiqdan-ochiq javobgarlikdan qochirishga bo‘lgan chaqiriq sifatida qabul qilinishi baho berilishi kerak. Davlat yaratgan qonunlardan foydalanib, huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar berganlar, ya’ni hech bir qonun buzmasdan harakat qilsayu – xalq vakilining o‘zi tomonidan “sotqin” deb haqoratlansa, ular nima deb xulosa qilishi kerak.

O‘zi bitta holat meni juda qiynab kelayotgandi: qachondan beri Vatan deganda biz qonunbuzuvchilarni tushunadigan darajaga yetib keldik? Qoidalarga rioya qilmaydiganlarning manfaatlari vatanga tenglashtirib ifoda etilishi kerakmi? Bu “mantiq” qayerdan chiqdi? O‘z manfaatini ilgari surish uchun ulug‘vor Vatan g‘oyalarini aralashtirish shartmi?

Aslida, huquqbuzarlarga nisbatan “sotqinlik” jamiyatga va Vatanga sadoqat deb qaralishi kerak. Shu axloqdan bo‘ladi!

Qoida buzmaslik mas’uliyatini har bir haydovchi ich-ichidan his qilishi kerak, lekin bir yilda millionlab huquqbuzarliklar sodir bo‘lmoqda, mas’uliyat chekinmoqda, kamchilikni yashirish olqishlanmoqda. Demak, qonun buzilishlarga qarshi kurash usullari ko‘p bo‘lishi kerak – minglab, millionlab. Ushbu kurashga barcha kuch va vositalarni safarbar qilish lozim: pul berib, ilhomlantirib, rag‘batlantirib, imtiyoz berib – har qanday usul biz uchun foydali.

Jarima to‘lashni istamasangiz – qoida buzmang, xulosa qiling, rejalashtiring. Qoidani buzdingizmi – mard bo‘lib, jazo muqararrligiga qarshi chiqmang.

Qoidabuzarlik haqida xabar berganlarni rag‘batlantirish amaliyoti bugun biz o‘ylab topgan yangilik emas, u butun dunyoda juda samarali qo‘llanib kelinmoqda, ya’ni vaqt va turli davlatlar tajribasidan o‘tgan.

Buyuk Britaniyada “crimestoppers” tashkiloti tomonidan huquqbuzarlik haqida xabar bergan shaxslarni 50 funtdan 1000 funtgacha rag‘batlantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Avstraliyada ham huquqbuzarlik haqida xabar berganlar rag‘batlantiriladi.

Yaponiyada “Anonymous Report Dial” tizimi ishga tushirilgan, tizim orqali huquqbuzarliklar haqida xabar berganlarga qilmishdan kelib chiqib mukofot puli beriladi.

Kimlarningdir kayfiyatini ko‘tarish uchun ma’lum toifaga yoqadigan fikrlarni aytish juda oson, albatta. Ayniqsa, bugungi ochiqlik sharoitida bu avj olmoqda. Bir-birimizga yoqadigan gaplarni aytib yurishda davom etaverishimiz mumkin. Lekin, bunda har bir qadam bizni qonun ustuvorligidan yanada uzoqlashtiraveradi.

Xulosam shu: huquqbuzarlikning oldini oluvchilarga “sotqin” deya tamg‘a bosiladigan bo‘lsa, men ularga qarshi “sotqin” bo‘lishga tayyorman va bundan g‘ururlanaman.

Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat
boshqarmasi boshlig‘i Shoxidaxon Yuldasheva


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Huquqbuzarlarga qarshi kurashuvchilar sotqin bo‘lsa – mendirman o‘sha yoxud deputat qonun ustuvorligi yo‘lida xizmat qilmasa jamiyat qayerga boradi?