3 yoshli qizni urib o‘ldirgan onadan boshqa farzand olib qo‘yildi

Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida 3 yoshli bolaning o‘limi bilan bog‘liq holatdan so‘ng oiladagi boshqa voyaga yetmagan farzand ham qarovsiz qoldirilmadi. Uning xavfsizligini ta’minlash maqsadida bola yaqin qarindoshining vasiyligiga topshirildi.
Avvalroq mazkur oilada 3 yoshli o‘gay qiz og‘ir tan jarohati olgani va keyin vafot etgani haqida xabar berilgan edi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 26 sentyabr kuni oiladagi kelishmovchilik ortidan sodir bo‘lgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda Qashqadaryo viloyati prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Hodisaning barcha tafsilotlariga tergov yakunlari asosida huquqiy baho berilishi aytilgan.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qilishicha, oiladagi boshqa bolaning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda xavfsizligini ta’minlash uchun u yaqin qarindoshiga vasiylikka berilgan.
Mutaxassislar tomonidan bolaning yashash sharoiti va mavjud xavf omillari baholanmoqda. Unga zarur psixologik yordam ko‘rsatilmoqda va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.
Bola endi boshqa manzilda yashashi inobatga olinib, uning ta’lim olishini uzluksiz davom ettirishi uchun ham tegishli choralar ko‘rilmoqda. Shuningdek, ijtimoiy xodim tomonidan bola bo‘yicha alohida ijtimoiy keys ochilgan.
Agentlik vakillarining ta’kidlashicha, bolaning xavfsizligi, farovonligi va unga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar muntazam nazorat qilib boriladi.






























Izohlar 0
…