09:03 / 11.04.2021
2 713

Emlash ro‘zani buzadimi? O‘zbekiston musulmonlari idorasi javob berdi

Emlash ro‘zani buzadimi? O‘zbekiston musulmonlari idorasi javob berdi
Koronavirusga qarshi emlangan ro‘zadorning ro‘zasi buziladimi, degan savolga O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati javob berdi. Idoraning yuqoridagi savolga bergan javobi matnini to‘lig‘icha taqdim qilamiz.

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bugungi kundagi to‘rt mazhab ulamolari teri osti, mushaklar orasi yoki yonboshga ukol qilish bilan ro‘za buzilmasligiga ittifoq qilishgan. Chunki ro‘zani yeb-ichish ma’nosidagi narsalar buzadi. Yeb-ichish esa odatiy yo‘llar orqali bo‘ladi. Teri teshiklaridan yoki noodatiy yo‘llardan terining orasiga biror narsa kirishi, masalan, ilon chaqib olishi (tomirdan chaqsa ham), sovuq suvda g‘usl qilish natijasida badan orasidan ichkariga suv o‘tishi ro‘zani ochmasligiga barcha ulamolar ittifoq qilishgan.

Bu haqda «Al-Fatovo al-hindiya» kitobida shunday deyiladi:

«Terining orasidan ichkariga yog‘ kabi narsalarning kirishi ro‘zani ochmaydi. ‘Sharhul Majma’da shunday keltirilgan». Iqtibos tugadi.

Endi aynan koronavirusga qarshi emlashga kelsak, u ham teri osti va mushakka qilinadigan ukollardan biri. Buning ustiga oziqlantiruvchi emas. Yuqoridagi fatvolarga binoan ro‘zador holda ham uni olish joiz, bu ish ro‘zani buzmaydi.

Ramazon oyida emlashga to‘g‘ri kelishi sababli bu masalada bir qancha fatvo uyushmalari o‘z fatvolarini e’lon qilishdi.

Jumladan, Kuvayt vaqf vazirligi, Iordaniya fatvo uyushmasi, Saudiya umumiy muftiysi va katta ulamolar hay’ati raisi Shayx Abdulaziz Oli Shayx, Azhar xalqaro elektron fatvo markazi, «Dorul ifto» (Misr) fatvo markazi ro‘zador kishi emlash olishi ro‘zani buzmasligiga fatvo berdi. Chunki ro‘zani buzuvchi narsalar odatiy yo‘llardan kirib, oshqozonga yetib boradi. Emlashda esa yeb-ichish ma’nosi yo‘q va u odatdagi yo‘llardan tanaga kirmaydi. Balki noodatiy bo‘lgan teri ostidan kirib boradi. Bu ro‘zani buzmaydi. Vallohu a’lam.


Eslatib o‘tamiz, aholini koronavirusga qarshi emlash tadbirlari 1 apreldan boshlandi. Emlash dastlab qariyalar, sog‘liqni saqlash xodimlari, OAV vakillarida ko‘ngilli tarzda o‘tkaziladi. 9 aprel holatiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 18 224 kishi koronavirusga qarshi emlangan edi.

Ular AstraZeneca va O‘zbekiston—Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi bilan emlanmoqda. Bunda emlanuvchi birinchi emlanishni qaysi vaksina bilan boshlasa, ikkinchisini ham aynan o‘sha vaksina bilan yakunlaydi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 10 aprel holatiga ko‘ra mamlakatda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan fuqarolar soni 108 283 nafarga yetdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Emlash ro‘zani buzadimi? O‘zbekiston musulmonlari idorasi javob berdi