01:21 / 02.08.2021
5 185

Qashqadaryo viloyat Moliya boshqarmasi boshlig‘i Koson tumani moliya mudirini haqorat qildi


Fayzulla Yusupov / Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi
Qashqadaryo viloyati Moliya boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Yusupov Zoom orqali o‘tkazgan yig‘ilishida o‘ziga e’tiroz bildirgan Koson tumani moliya bo‘limi mudirini haqorat qilgan. Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, F.Yusupov bu xatti-harakati yuzasidan qat’iy ogohlantirilgan. Shuningdek, Moliya vazirligiga taqdimnoma kiritilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Moliya boshqarmasi boshlig‘i Fayzulla Yusupov xodimlari bilan Zoom orqali o‘tkazgan yig‘ilishida Koson tumani moliya bo‘limi boshlig‘i Sh.Safarovni haqorat qilgani yozilgan audioyozuv tarqaldi. Unda F.Yusupov Sh.Safarovga «Yig‘ilishga tayyorgarlik ko‘rib kel, sen noinsof, eshak» degan. So‘ng uning ushbu haqoratiga «Bir eshak deb yuboryapsiz, bir hayvon. Kim hayvon?» deb e’tiroz bildirgan Sh.Safarovga boshliq «Sen hayvonsan. To‘xtab tur, sen bola. Sen faksogramma olmasdan turib moliya mudiri bo‘lib o‘tiribsanmi hali? Chiqib ket yig‘ilishdan. Chiqar bu noinsofni», deb battar haqorat qilgan.

Majlis davomida F.Yusupov xodimlaridan biriga Koson tuman hokimiga o‘zi nomidan moliya mudirini ishdan olishini so‘rab xat yozishni, nusxasini viloyat hokimiga yuborishni buyurgan. Bundan tashqari, u xodimni «Hayvon dedingiz», deb likillaydi. Hayvondan nima farqi bor bu eshakning?! Hayvon bu, «naturalniy», deb yana haqorat qilgan. Bundan tashqari, yana bir nechta tuman moliya mudirlariga po‘pisa qilgan.

Ma’lum qilinishicha, holat viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari N.Erkayev rahbarligida F.Yusupov va Sh.Safarov ishtirokida viloyat hokimligida muhokama qilingan. Muhokama davomida F.Yusupov ish faoliyatida xodimlarga nisbatan odob-axloq normalariga amal qilgan holda munosabatda bo‘lish hamda masalalarni qonun doirasida ko‘rib chiqish yuzasidan qat’iy ogohlantirilgan.

Bundan tashqari, bu kabi holatlar viloyatning boshqa tashkilotlari rahbarlari ish faoliyatida qaytarilishining oldini olish hamda rahbarlarning mas’uliyatini oshirish maqsadida, viloyat Moliya boshqarmasi boshlig‘i F.Yusupovning mas’uliyatini ko‘rib chiqish yuzasidan Moliya vazirligiga taqdimnoma kiritilgan.

«Viloyat hokimligi kelgusida shu kabi holatlarning oldini olish maqsadida viloyat tashkilotlarining barcha rahbarlari bilan xodimlar va fuqarolar bilan munosabatda bo‘lishda odob-axloq normalariga rioya qilishi to‘g‘risida profilaktik suhbatlar o‘tkaziladi», deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati xabarida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qashqadaryo viloyat Moliya boshqarmasi boshlig‘i Koson tumani moliya mudirini haqorat qildi