10:17 / 12.08.2021
2 193

O‘zbekiston musulmonlari idorasi vaksina olishning hukmini tushuntirdi


O‘zbekistonda ayni paytda vaksina olishga targ‘ibot ketmoqda. Xususan, juma namozini o‘tkazishga ham masjidlarning barcha ishchi va xodimlari vaksinaning kamida 2 ta dozasi bilan emlanganligi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lgan taqdirda o‘tkazishga ruxsat berildi, bunda masjidga tashruf buyuruvchilar ham koronavirusga qarshi vaksina bilan emlangan bo‘lishi kerak. Islom dini bunga qanday munosabat bildiradi? Vaksina olishning hukmi qanday? O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’atining ushbu savollarga bergan javobi quyida to‘lig‘icha taqdim etildi.

Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ma’lumki, sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari qariyb ikki yillik kuzatishlar va izlanishlardan keyin koronavirus — COVID-19 kasalligidan saqlanishning eng samarali vositasi vaksina olish ekani to‘g‘risida xulosaga keldilar.
Dinimizda insonning joni, e’tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim ko‘rsatmalardir. Mana shu jihatlarga zarar yetadigan holatlarda shariatimiz zararni daf qilish sabablarini qo‘llashga buyuradi. Shunday ekan vaksina olish zarurati bir necha jihatlar bilan ta’kidlanadi.

Birinchidan, dinimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra, Alloh taolo har bir dardning shifosini ham bergan. Bu haqda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:
‘Alloh taolo har bir kasallikka shifosini tushirgandir’ (Imom Buxoriy rivoyati).

Boshqa hadisda shunday bayon qilinadi:
Payg‘ambarimiz alayhissalomdan a’robiylar: ‘Ey Allohning Rasuli, davolanaylikmi?’, deb so‘rashdi. U Zot alayhissalom: ‘Ha, ey Allohning bandalari, davolaninglar. Chunki Alloh har bir kasallikka davo yaratgandir’, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Ikkinchidan, ba’zi kishilar kasal emasligini ro‘kach qilib, vaksina olishga beparvo bo‘ladilar, vaholanki, shariatimizda bemorlikdan avval undan saqlanishga buyurilgan. Bu haqda ulamolarimiz shunday deganlar:
‘Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir’ (‘Al-Fiqhul islomiy va adillatuhu’ kitobi).
Demak, bemor bo‘lmagan kimsalar ham kasallik tegishining oldini olishi va shunga sabab bo‘ladigan muolajalarni qilishi dinimiz talabidir.

Uchinchidan, dinimizdagi asosiy qoidalardan biri o‘ziga ham, o‘zgaga ham zarar bermaslikdir. Bu haqda Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
‘Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q’, deganlar (Imom ibn Moja rivoyati).
Demak, vaksinani olishimiz birinchi navbatda o‘zimizning sog‘lig‘imiz, qolaversa, yaqinlarimizning sog‘lig‘ini saqlashga sabab bo‘ladi.

To‘rtinchidan, hozirgi kunda Haj va Umra ziyorati safarini rejalashtirayotgan kishilardan ham birinchi navbatda vaksina bilan emlangan bo‘lishi talab qilinmoqda. Qolaversa, dunyoning har qanday davlatiga bormoqchi bo‘lgan kishidan vaksina bilan emlanganlik so‘ralmoqda.

Xulosa shuki, hozirgi kunda davlatimiz tomonidan fuqarolarimizga yetkazib berilayotgan vaksinalarni olishimizga dinimiz ruxsat beradi. Emlanish shar’an joiz, chunki bu davolanishning bir ko‘rinishidir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston musulmonlari idorasi vaksina olishning hukmini tushuntirdi