17:17 / 20.02.2023
709

Xonanda Malik to‘ylarda pul tergani va Yulduz Usmonova bilan qanday tanishgani haqida gapirdi

Xonanda Malik to‘ylarda pul tergani va Yulduz Usmonova bilan qanday tanishgani haqida gapirdi
Foto: “Daryo”
“Daryo”ning YouTube'dagi kanalida yosh xonanda Malik bilan suhbat tashkil etildi. Yulduz Usmonova bilan kuylagan duetlari bilan mashhurlikka erishgan Malik futbolchi bo‘lish orzusi amalga oshmagani, bir necha bor institut imtihonlaridan “yiqilgani” va Yulduz Usmonova bilan qanday tanishgani haqida so‘zlab berdi.

Bolaligimdan nafaqat san’atga, balki futbolga ham qiziqishim yuqori bo‘lgan. Chapaqay bo‘lsam ham olg‘ir hujumchi edim. Maktab termasida yaxshi o‘ynaganim uchun tuman termasiga ham taklif etishgan. Ammo san’at va futbolni birdek olib ketolmasligimni o‘ylab, ikkisidan birini tanlashimga to‘g‘ri kelgan. Bir paytlar futbolchi bo‘lishni chin dildan orzu qilgandim. San’atkor bo‘lish haqidagi qarorim dadamga yoqmagan. U kishi muhandis bo‘lgani uchun shu sohani egallashimni istardi.

Birinchi yili Navoiy davlat konchilik institutiga hujjat topshirdim. Eng past ball to‘plab, kirish imtihonidan “yiqildim”. Undan keyin arxitektura va politexnika institutlariga hujjat topshirdim. Mana shunday keyin dadam san’at institutiga hujjat topshirishimga qarshi bo‘lmadi.

Bir urinishdayoq san’at institutiga qabul qilindim. Angladimki, inson o‘zi istagan ishni qilsa unga hammasi oson bo‘ladi
, — deydi xonanda Malik.

Xonanda talabalik paytida ham ishlashga majbur bo‘lgani, ustoz san’atkorlar bilan to‘y-hashamlarga borganda ularga havas qilgani haqida so‘zlab berdi.

Toshkentga kelganimda ko‘p qiyin kunlarni boshdan o‘tkazganman. U paytlari Toshkentda hovli va challar marosimlarini o‘tkazish rosa avj olgan paytlar edi. Muxtor aka Saida Rametova bilan to‘ylarga borardi. Men ham ularning jamoasi bilan to‘ylarga borib, pul teruvchilik vazifasini bajarardim. Undan keyin Sharof Muqimov bilan to‘ylarga bordim. Pul terib yoki sozandalarning asbob-uskunalarini tashib pul topgan kunlarimni hech qachon unutmayman. Mashhur san’atkorlarga havas qilib, shunday kunlarga erishishni orzu qilganman, — deydi xonanda Malik.

Bastakor Malik Jasur Umirovga “Atirgul” qo‘shig‘i yoqib qolgani va uni 500 AQSH dollarigi evaziga sotgani haqida so‘zlab berdi.

Arxitektura institutiga kirolmagan yilim sobiq Mirzo Ulug‘bek bog‘ida karoeke xonada ishlardim. Ertalabdan borib qo‘shiq kuylardim, mijozlar kelsa ularga musiqa qo‘yib berardim. Fahriddin degan yigit oldimga kelib yurardi. Taqdir taqozosi bilan u Jasur Umirovga ma’mur bo‘ldi. O‘sha paytda unga “Atirgul” degan qo‘shiqni eshittirgan ekanman. “O‘sha qo‘shiqni hech kimga bermadingizmi siz bilan bitta odam uchrashmoqchi”, dedi. Qo‘shiqlarim yozilgan diskni har doim kurtkamning ichki cho‘ntagida saqlardim. Ho‘p deb kelishilgan joyga bordim. Borsam yonimga Jasur Umirov keldi. Xonandaga qo‘shiq ma’qul bo‘lib, 500 AQSH dollari berdi. Bu men qo‘limga olgan ilk katta gonorar edi, — deydi xonanda Malik.

Malik O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bilan qanday tanishgani va unga yozib bergan ilk qo‘shig‘i haqida ham so‘zlab berdi.

Foto: Instagram / @malik_singer1
Hamdam Sobirov bilan bir necha yillik qadrdonmiz. U bilan Moskvaga konsert bergani borganimizda Iskandar ismli aka bilan tanishib qolganmiz. Suhbat paytida bastakor ekanligim va ko‘plab xonandalar bilan hamkorlik qilishim haqida aytib qolganman. U Yulduz Usmonovaning turmush o‘rtog‘i Mansur Agaliyev bilan yaqin ekan. “Opaga ham yaxshi qo‘shiq yozing, tavsiya qilib kuramiz”, dedi. Yulduz Usmonovaga qo‘shiq yozaman degan o‘y xayolimdan ketmadi.

Shoir Abdusaid Salomiy bilan birga “Sevgi” degan qo‘shiqni yozdik. Kechki soat birda uni Iskandar akaga yubordik. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay telefonim jiringladi va Otabek degan yigit bilan bog‘lanishimni aytdi. Yulduz Usmonova ma’muri Otabek aka bilan gaplashganimda uyga kelishimni va opa men bilan suhbatlashmoqchi ekanligini aytdi. Otabek aka darvoza yonida kutib olib, juda omadli ekanligimni aytdi. Hayajonim ikki hissa oshib ichkariga kirsam, Yulduz Usmonova jamoasi bilan konsertga tayyorgarlik ko‘rayotgan ekan.

“Sevgi” qo‘shig‘imni eshitib, “Yana qanday qo‘shiqlaring bor”, dedi. “Yor biyo”ni eshittirsam “Hech qayerdan o‘g‘irlamagansan-a?” dedi. “Sevgi”ni yakka holda, “Yor biyo”ni esa duet tarzida aytishni eshitganda, hayajonim ikki hissa oshdi. Chunki qishloqda qo‘llarim qovarib, jo‘xori poyasi qo‘limni kesib yuborgan paytida primadonna bilan duet kuylash hayolimga ham kelmagandi
, — deydi xonanda Malik.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Xonanda Malik to‘ylarda pul tergani va Yulduz Usmonova bilan qanday tanishgani haqida gapirdi