“Besh baravar ko‘p berishsa ham bormayman” — Munisa Rizayeva (video)

Xonanda Munisa Rizayeva “IntervyuTV”ga bergan intervyusida unga ayrim tadbirlarda qatnashish uchun odatdagidan bir necha baravar ko‘p haq taklif qilinganini, biroq istagi bo‘lmasa, bunday takliflarni rad etishini aytdi.
Xonandaning so‘zlariga ko‘ra, bir safar uni Qatarga taklif qilishgan va ertasi kuniyoq uchib borishi uchun 500 ming pul berishlarini aytishgan. Biroq Munisa Rizayeva bu taklifga rozi bo‘lmagan.
“Qatarga taklif qilishgan. 'Ertaga uchib kelsangiz, 500 ming beramiz', deyishgan. Yo‘q, bormadim”, — dedi xonanda.
Boshlovchi buning sababini so‘raganida, Munisa Rizayeva shunchaki borgisi kelmaganini aytdi.
“Borgim kelmayapti, dedim. Bu 500 ming kerak bo‘lganida, albatta, chopib ketardim”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Boshlovchi bunday holatlar ko‘p bo‘lgan-bo‘lmaganiga qiziqdi. Xonanda esa unga bir necha baravar ko‘p pul taklif qilib, o‘ziga og‘dirishga urinadiganlar ko‘pligini ta’kidladi.
“Juda ko‘p. Ayniqsa, menda juda ko‘p. Ko‘pchilik: 'Hozir ko‘rasan, bitta telefon qilaman, pulini aytaman. Uch baravar beraman desam, kelib shu yerda ertalabdan kechgacha qo‘shiq aytadi', deb gapirishini eshitganman. Lekin men bormaganman. Besh baravar ko‘p berishsa ham bormayman”, — dedi Munisa Rizayeva.






























Izohlar 0
…