"Kaniza men uchun qo‘shiqchi emas" — xonanda Yagona san’atdagi dushmanlari va biznes bilan shug‘ullanayotgani haqida
“Zero” guruhidagi ishtiroki bilan shou-biznesga kirib kelgan Yagona keyinchalik yakkaxon xonanda sifatida o‘zini sinab ko‘rdi. U YouTube’dagi “Shok.uz” kanaliga bergan intervyusida guruhni tark etgach, taqiqlarga uchragani, kim bilan duet kuylashni istamasligi va bugungi kunda nega kamnamoligi haqidagi savollarga javob berdi.
— “Zero” guruhi mashhurlikka erishib, odamlar og‘ziga tushayotgan paytlar edi. Oladigan pulimiz kamligi uchun u bu yerga boradigan bo‘lsam jamoat transportidan foydalanardik. Odamlar tanib qolishganida, baribir odam hijolat bo‘ladi. Shunda guruhning boshqa a’zolari bilan kelishib, prodyuser bilan ochiqchasiga gaplashib olamiz deganmiz. Men pulni oshiring deb ochiqchasiga talab qilganman, ammo boshqalar jim bo‘lib qolgan. Go‘yoki hammasi yaxshi-yu, faqatgina menga pul kerak bo‘lgandek ko‘ringan.
Guruh tarqalganidan keyin Samandar bilan duet kuylaydigan bo‘lganman. Qo‘shiq zo‘r chiqqan ammo tayyor bo‘lishi kerak bo‘lgan kuni studiyadagilar uzr so‘rab, qo‘shiq o‘chib ketganini aytgan. Rosa alam qilgan. Eng qizig‘i, studiyadigilar ham buning sababini bilishmaydi. Ana shundan keyin juda ko‘p dushmanchiliklarni sezganman. Qayerga borsam “Uzr sizni chiqarolmaymiz, qo‘shig‘ingizni berolmaymiz”, deb uzr so‘rashar edi, — deydi xonanda Yagona.
Boshlovchi xonandaga “Kaniza bilan duet aytgan bo‘larmidingiz?” degan muxlis savolini o‘qib berdi. Xonanda savolga “Yo‘q” deya javob berdi.
— Kaniza xafa bo‘lmasin-u, u o‘zi qo‘shiqchimi? Hatto, Kanizaning ma’nosi nima ekanligini ham bilimayman. U men uchun qo‘shiqchi emas, — deydi xonanda Yagona.
Yagona san’atda avvalgidek faol emasligi va asosiy e’tiborini ishlab chiqarish sohasiga qaratganining sabablarini tushuntirib berdi.
— Ikki marta oila qurdim, ammo turmush o‘rtoq borasida omadim kelmadi. Ikki nafar farzandim bor, ular uchun yetarli sharoitni yaratib berishim kerak. Afsuski, odamlar o‘ylagindek shou-biznesda pul yo‘q. Shuning uchun ko‘p xonandalar san’atdan tashqari, tadbirkorlik bilan ham shug‘ullanishadi. Onam aslida tikuvchi, bu soha aslida oilamizga begona emas. Ishlab chiqarish bilan shug‘ullanishni ikkinchi qizimning otasi tavsiya qilgandi. Ammo birov maslahat bergani bilan u biznesni yo‘lga qo‘yish nihoyatda qiyin. Hozirgi kunda tekstil brendiga egaman, nafaqat mahalliy, balki import uchun ham mahsulotlar ishlab chiqaramiz.
San’atdan ketganim yo‘q, shunchaki uni rivojlantirish uchun ham biznes qilishimga to‘g‘ri kelyapti. San’at moliyaviy jihatdan o‘z-o‘zini qoplashi qiyin, — deydi xonanda Yagona.