Madaniyat vaziri 10 nafar san’atkor haqida ma’lumot beruvchi portal yaratishga salkam yarim mlrd so‘m sarflamoqda
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 10 nafar san’atkor haqida ma’lumot beruvchi portalni yaratish va amaliyotga tatbiq etish uchun salkam yarim milliard so‘m mablag‘ sarflamoqda. Bu haqda vazir 2023 yilning 15 sentyabr kuni buyruq chiqargan.
Ta’kidlanishicha, mazkur portalda davlat mukofotlari bilan taqdirlangan madaniyat va san’at sohasi vakillari haqida ma’lumotlar jamlanadi.
Vazir buyrug‘iga ko‘ra, loyiha pasporti va konsepsiyasini ishlab chiqishga 30 million so‘m sarflansa, loyiha texnik topshirig‘ini ishlab chiqish uchun 40 million so‘m ajratilgan. Vazirlik portalning axborot tizimi dasturiy qismini ishlab chiqish uchun 30 kun vaqt berib, bu mehnat uchun 165 million so‘m mablag‘ atagan.
Shuningdek yana bir katta xarajatlardan biri 85 million so‘m bo‘lib, evaziga axborot tizimi arxitekturasini ishlab chiqish mas’uliyati yuklatiladi. Axborot tizimini boshqa tizimlar bilan integratsiya qilishga 60 million so‘m beriladi.
Vazirlikning uzil-kesil tan olishicha xizmat ko‘rsatishning umumiy qiymati QQSni hisobga olmaganda 488 million so‘mni tashkil qilmoqda.
Ozodbek Nazarbekov rahbarligidagi Madaniyat vazirligi budjet pullaridan katta xarajatlar qilishga o‘rganib qolgan. Avvalroq vazirlik tomonidan 15 milliard 514 million 900 ming so‘mga 2 ta maxsus avtomobil xarid qilingani jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgani xabar berilgandi. Vazirlik bunga izoh berar ekan, mazkur xarid prezident qaroridan kelib chiqqan holda amalga oshirilgan degandi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring