Qozog‘istonda eridan kaltaklanayotganini aytgan 28 yoshli ayol ertasi kuni vafot etdi

Qozog‘istonda eridan kaltaklanayotganini aytgan 28 yoshli ayol ertasi kuni vafot etdi

Qozog‘istonning Qarag‘anda shahrida 28 yoshli Dinara Minbayeva vafot etgan. Ayol o‘limidan bir necha soat avval politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, eri tomonidan kaltaklanayotganini bildirgan. Bu haqda «Azattyq» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Dinara 2025 yil 3 iyul kuni vafot etgan. Uning o‘limidan bir necha soat avval 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilgani va operatorning «Nima bo‘ldi?» degan savoliga «Erim meni uryapti», deb javob bergani qayd etilgan. Shundan so‘ng politsiya xodimlari voqea joyiga borib, ayolning turmush o‘rtog‘ini olib ketgan. Biroq u taxminan uch soatdan keyin qo‘yib yuborilgan.

Ertasi kuni Dinaraning jasadi uyidan topilgan. Tergov hujjatlarida uning eri janjal vaqtida xotinini urganini bildirgani qayd etilgan. Marhumaning yaqinlari esa uning o‘limi o‘z joniga qasd qilish bilan bog‘liq degan dastlabki versiyaga shubha bilan qarab, ayol zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Dastlab o‘lim holati bo‘yicha ish yopilgan. Biroq Dinaraning yaqinlari murojaatidan so‘ng tergov qayta boshlangan va hozirda uning o‘limi bilan bog‘liq holatlar yana o‘rganilmoqda. Tergov yakuniga yetmaguncha voqeaning barcha tafsilotlari hamda biror shaxsning huquqiy aybdorligi haqida yakuniy xulosa chiqarish erta.

Dinaraning ortida ikki nafar yosh farzandi qolgan. U 28 yoshida vafot etgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar