Manchester Siti boʻyicha qaror joriy mavsum oxirigacha chiqarilishi talab etilmoqda

Angliya Premer-ligasi klublari rahbarlari moliyaviy qoidalarni buzgani uchun aybdor deb topilgan Manchester Siti jamoasiga nisbatan jazo choralari joriy mavsum yakunigacha qatʼiy qoʻllanilishini talab qilmoqda. 900 million funt sterlingdan ortiq daromadlarni sunʼiy ravishda oshirib yuborish bilan bogʻliq shov-shuvli ayblov xulosasidan soʻng, raqib klublar rasmiylari sanksiyalarning kechiktirilishi joriy chempionat poygasini shubhali holatga keltirib qoʻyishidan xavotir bildirmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Goal.com nashrining xabar berishicha, Premer-liga seshanba kuni klub 2009/10 va 2017/18-yilgi mavsumlar oraligʻidagi moliyaviy qoidabuzarliklarga oid barcha ayblovlar boʻyicha aybdor deb topilganini tasdiqlagan. Agar Manchester Siti jamoasiga nisbatan oqibatlar oʻz vaqtida belgilanmasa va ular yana chempionlikni qoʻlga kiritsa, bu turnirda keskin noaniqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Hozirda mustaqil komissiyaga tezkor harakat qilish uchun bosim kuchaymoqda. Mustaqil hayʼat klub "soxta" homiylik bitimlari orqali oʻz daromadlarini 900 million funt sterlingdan koʻproqqa sunʼiy ravishda oshirganini aniqlagan. BBC Sport nashriga ismini oshkor qilmasdan intervyu bergan klub rasmiylaridan biri vaziyat imkon qadar tezroq hal etilishi barcha uchun foydali ekanini taʼkidlagan.
Sanksiyalar va apellyatsiya jarayoni
Ushbu jarayon tez fursatda yakunlanishi real yoki real emasligi haqidagi savolga javob berar ekan, rasmiy shaxs xavflar yaqqol koʻrinib turganini va ularning oldini olish zarurligini qoʻshimcha qildi. Manchester Siti esa oʻziga qoʻyilgan barcha ayblovlarni qatʼiyan rad etib, shu hafta oxirigacha rasmiy apellyatsiya shikoyatini kiritish niyatida ekanini maʼlum qildi.Premer-liga qoidalariga koʻra, apellyatsiya shikoyati berilganidan keyin koʻpi bilan 12 hafta ichida yakunlanishi kerak. Biroq, Manchester Siti bosh direktori Ferran Soriano mazkur jarayon uzoq vaqt talab qilishini aytgan. Shunga qaramay, liganing rasmiy bayonotida sudma-sud yurishlarning oldini olish maqsadida ishni imkon qadar tezroq yakunlash istagi borligi taʼkidlangan.
Taʼkidlash joizki, Manchester Siti oʻz ishini Sport arbitraj sudiga (CAS) olib chiqa olmaydi, shuning uchun ularning oxirgi chorasi Oliy sudga murojaat qilish boʻlishi mumkin. Tez orada mustaqil komissiya tomonidan sanksiyalar boʻyicha maxsus eshituvlar oʻtkaziladi va bu klubning kelgusidagi taqdirini hal qiladi.






























Izohlar 0
…