382
Madaniyat vazirligi xorijda kontsert qoʻyayotgan oʻzbekistonliklarni hamkorlikka chaqiryapti

Madaniyat vazirligi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi imidjini saqlash maqsadida chet elga kontsert berishga chiqmoqchi boʻlayotgan xonanda va sozandalar bilan yaqin hamkorlik qilmoqchi. Bu haqda 24 dekabr kuni AOKAda oʻtkazilgan matbuot anjumanida vazir Ozodbek Nazarbekov ma'lum qildi.
«Oʻzbekkontsert» davlat muassasasi san'atkorlarga Oʻzbekistondan tashqarida kontsertlar oʻtkazishdan avval tashkilotni yozma ravishda xabardor qilish shartligini eslatib, talablarni buzganlarning litsenziyasi muddatidan avval toʻxtatilishi mumkinligidan ogohlantirgan edi. Tadbirda «Gazeta.uz» muxbiri madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovdan mazkur tartib nima sababdan yoʻlga qoʻyilganiga izoh soʻradi.

«Hozir ijodkorlarga oʻtgan davrga nisbatan deyarli mutloq erkinlik berilgan. Lekin biz qandaydir profilaktik normalar qabul qilayotgan boʻlsak, bu tsenzura yoki taqiq degani emas. Biz faqat Oʻzbekistonning xalqaro maydonda shakllanib borayotgan imidjini saqlash ma'nosida, chet elga [kontsert berishga] chiqmoqchi boʻlayotgan xonanda va sozandalar bilan hamkorlik qilmoqchimiz, xolos. Ehtimol, ular boradigan joyda Oʻzbekiston manfaatiga xizmat qiladigan takliflarimiz bordir.
Ammo biz ularning qaerga borayotgani va nima qilayotganini bilmay qolyapmiz. Vaholanki, bugun hurmatli prezidentimizning siyosatlari soyasida biz ham xalqaro maydonda respublika imidjiga xizmat qilishimiz shart. [Xorijga kontsert berishga chiqayotganlarni] qandaydir qat'iy roʻyxatga olib, nimaga chetga chiqib kelding, nega borib kelyapsan, deb [ish tutmoqchi emasmiz]. Buni oldingi [oʻtmishdagi] shakllarga bogʻlamasliklaringizni iltimos qilaman», — dedi vazir.
Ozodbek Nazarbekovning soʻzlariga koʻra, Madaniyat vazirligining xalqaro maydonda oʻz oldiga qoʻygan maqsadi, rejasi va strategiyasi bor. «Xususiy shaklda xorijga chiqib kelayotganlar rejalarimizga xalal qilmasligi yoki rejalarimizga mutlaq teskari ishlarni qilmasligi kerak. Biz shu ma'noda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni maqsad qilganmiz», — deya qoʻshimcha qildi u.
«Biz koʻzimiz etgan, oʻzimiz ishonadigan san'atkorlarning viza masalalarida doim yonida turganmiz, bugun ham turibmiz va bundan keyin ham yordam beramiz. Lekin bir-ikki shunday holatlar borki, hatto Madaniyat vazirligiga nota kelishigacha sabab boʻlyapti. Mana shunaqa masalalar ham bor. Ya'ni, boshqa davlatlarga borib, har xil noqonuniy hatti-harakatlar qilish yoki kontsert qoʻyib, oʻsha mamlakatga soliq toʻlamay ketish holatlari [ham boʻlyapti]. Ular uchun Madaniyat vazirligi javob berishiga toʻgʻri kelyapti. Chet elga xususiy shaklda chiqib kelayotgan san'atkorlar biz bilan hamohang boʻlishini istaymiz, xolos. Imidj — bu respublikaning obroʻsi, degani. Biz uni tiklashga harakat qilayotganimizda, kimdir borib uni sindirishiga yoʻl qoʻymoqchi emasmiz. Hamkorlikda ishlaylik, fikrimiz bir joydan chiqsin, xalqimizga manfaat boʻlsin. Maqsadimiz shu», — dedi vazir.
Avvalroq, Ozodbek Nazarbekov madaniyat sohasida davlat regulyator boʻlmasligi haqidagi fikrlarga munosabat bildirib, sohani qushga qiyoslagan va uni mahkam ushlash zarurligini ta'kidlagandi. «Erkinlik berilgan joyda san'atkorlar hamma erni rasvo qilyapti», — deya qoʻshimcha qilgandi u. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar