Ozoda Nursaidova 10 kunlik konsert dasturiga start berdi

Taniqli xonanda Ozoda Nursaidova o‘zining Instagram sahifasi orqali muxlislari bilan yana bir quvonchli yangilikni bo‘lishdi. San’atkor 13 maydan katta konsert dasturi boshlanishini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, 13–22 may kunlari "Xalqlar Do'stligi" san'at saroyida 10 kun davom etadigan konsert dasturi bo‘lib o‘tadi. Mazkur loyiha xonandaning muxlislari uchun unutilmas musiqiy kechalarga boy bo‘lishi kutilmoqda.
Ozoda Nursaidova kecha joylagan video postida jamoasi bilan konsertga puxta tayyorgarlik ko‘rayotganini ham ta’kidlagan:
“13–22 may kunlari "Xalqlar Do‘stligi" san’at saroyida 10 kunlik konsert dasturimiz bo‘lib o‘tadi. Biz tayyormiz! Ko‘rib turganingizdek, katta jamoamiz bilan qizg‘in tayyorgarlikdamiz. Bugun repetitsiya jarayonlari davom etmoqda, ertadan esa konsertlarimiz start oladi. Shuningdek, bugun yangi klipimiz ham premyera qilindi — albatta tomosha qilinglar.”
Mazkur e’lon muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Izohlarda san’atkorga omad tilab, konsertlarga borishni rejalashtirayotganlar soni tobora ortmoqda. Ko‘pchilik ushbu 10 kunlik konsert dasturi yilning eng shov-shuvli musiqiy voqealaridan biriga aylanishini ta’kidlamoqda.