
Xonanda va aktrisa Manzura 21 fevral kuni 47 yoshni qarshi oldi. Shu munosabat bilan muvaffaqiyatga erishguniga qadar katta qiyinchiliklarni boshdan kechirgan ijodkorning hayot yoʻllariga nazar tashlaymiz, deb yozadi Daryo nashri.
Rassom oilasida tugʻilgan Manzura
Xonanda Manzura intervyularida toʻkis oilada ulgʻaygani va bolaligi goʻzal xotiralarga boy oʻtgani uchun ota-onasidan minnatdor ekanligini ta'kidlaydi.
— Bolaligim haqiqatan goʻzal oʻtgan. Oʻzim ham yuzlari doʻmboq, begʻubor qiz boʻlganman. Juda kichikligimdan boshlab san'atga qiziqardim. Dadamning ustaxonasidagi jarayon ham menga zavq ulashardi, deydi xonanda Manzura.
Manzuraning otasi oʻz davrining taniqli rassomlaridan biri boʻlgan. Shu boisdan ham Muborak Yoʻldoshev qizlaridagi san'atga boʻlgan mehrni erta payqaydi. Besh yoshidayoq qizidagi noyob iste'dodni sezgan ota, doʻsti Karimxoji bilan maslahatlashib, uni Uspenskiy nomidagi musiqa maktabiga oʻqishga beradi. Yosh xonanda “Neymer” orkestri bilan “Karubina” ariyasini mahorat bilan kuylaydi. Uning ovoz diapazoni tengdoshlariga nisbatan ancha kuchli ekani ustozlarini ham hayratlantiradi.
Uzoqqa bormagan “Sebonu”
Oʻzbek estradasida uchlik guruhni “Setora” bilan bogʻlashadi. Undan avval oʻzbek estradasida “Sebonu” nomli guruh tashkil etilgandi. Uch qizdan iborat guruhni ilk bor Manzura opasi Nigina va dugonasi Nargiza bilan birga 1996 yil tuzadi. Iqtidorli xonanda Ravshan Zokirov boshchiligida trio 2 ta qoʻshiq yozib, “Ofarin-96” koʻrik tanlovida 2-oʻrinni egallaydi. Kutilmagan burilish har uch ijodkorni ham quvontirdi. Natijada solist Manzura shu yili Uspenskiy nomidagi musiqa maktabini tugatib, Toshkent Davlat Konservatoriyasida oʻqishni davom ettiradi. U paytga kelib guruhdagi Nargiza oʻzini san'ashunoslikka bagʻishlaydi. Omadli trio esa “Osiyo” duetiga aylanadi.
Opasi san'atkor boʻlishni istamadi
Opa-singillardan tashkil topgan “Osiyo” guruhi avvaliga sermazmun ijod qildi. Bir yildayoq “Yolgʻizim” nomli albomni taqdim etib, ikki qoʻshigʻi ommalashdi. Ammo opa-singillar ijodda koʻp bor moliyaviy qiyinchiliklarga uchrardi. Qoʻshiq va klip yaratish uchun firmalardan yordam soʻrar, daromadlari haminqadar boʻlsa-da, borini ijodga sarflashardi. Afsuski, 2000 yilga borib Manzura ijodda yolgʻizlanib qoldi. Opasi Nigina kelajagini bu sohada koʻrolmay, oʻzini dizaynerlik sohasida sinab koʻrish uchun “Osiyo”ni tark etdi. Shundan soʻng u klipmeyker, hozirda esa taniqli rejissyor boʻlgan Rustam Sa'diyev bilan hamkorlik qilishni boshladi. Prodyuser bilan hamkorlik xonandaga katta omad va mashhurlik olib keldi.
Prodyuseri uni aktrisaga aylantirdi
Manzuraning tanilishini koʻpchilik “Tohir va Zuhra” filmidagi “Manzura” qoʻshigʻi va unga ishlangan klip bilan bogʻlaydi. Noodatiy imij va qoʻshiq Manzuraning odamlar yodida qolishiga sabab boʻldi.
2002 yili xonanda uchun omadli keldi. U “Nihol” nomidagi davlat mukofotini qoʻlga kiritdi. Prodyuseri Rustam Sa'diyev uning aktrisalik mahoratini payqab, oʻzi suratga olgan “Muhabbat sinovlari” filmiga taklif etdi. Xonanda ijro etgan rol ham, unga kuylagan saundtrek ham tomoshabinlar orasida ommalashdi. Shundan soʻng aktrisani film saundtreklariga va syomkalariga koʻp taklif etadigan boʻlishdi. Albatta, bunda prodyuseri Rustam Sa'diyevning hissasi katta.
“Sevginator” filmining muvaffaqiyati
2007 yilda xonandani texnologik film boʻlgan “Sevginator”ga taklif etishadi. 3 yil davomida Munavvara Abdullayevadan aktyorlik mahoratidan saboq olgan Manzura ikkita obrazni gavdalantirishi kerak edi.

Foto: Instagram
— “Sevginator”da rol ijro etishni unchalik istamaganman. Hatto ertasi kuni syomka deyilganda ham “Oʻrnimga xonanda Lolani olinglar” deganman. Shunda rejissyor yonimga kelib, “Sizdek sovuq yuz boshqa yoʻq-da” degan, — deydi xonanda Manzura.
Asirga olishgani haqida...
Xonanda intervyularining birida jamoasiga qilingan suiqasd, jiddiy shikast etkazishgani va asirga olingani haqida aytib oʻtgan.
— Bundan yigirma yilcha avval toʻyda jamoadagi bolalarni urmoqchi boʻlib, pichoq bilan kelib, oʻldirib yubormoqchi boʻlishgan. Men ham juda “duxi” baland qiz edim. Otdan tushsam ham, egardan tushmaganman. Ular nima degan boʻlsa, xuddi shunday javob qaytarganman. Har xil gap-soʻzlardan soʻng, ular bizni qoʻyib yuborgan. Ular bizni oʻrab olishgan, ma'murimni tepishgan edi. Bunday holatlarni eslasak, koʻp chiqaveradi, — deydi xonanda.
Biznesda omadi chopmagani haqida
Xonanda Manzura opasi Nigina bilan birgalikda “Manzura” liboslar butigi faoliyatini yoʻlga qoʻygandi. U liboslar dizayni va ularning reklamalari ustida ishlab, maxsus fotosessiyalar ham oʻtkazgandi. Ayniqsa, turk fotografi Tayfun bilan Bali orolida oʻtkazilgan maxsus fotosessiyasi koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgan.

Foto: Instagram
— Ba'zida qoʻshiqchilarning boshqa biznesi boʻladi. Bir xillarining ota-onasi boy boʻladi. Biz opam bilan boshqa biznes qila olmaganmiz. Kliplarimga, reklamalarga oʻzim pul toʻlaganman. Bular uchun ham katta pul sarflaganman. Masalan, toʻydan pulni olib, televideniyega beraman, shu pulni olib rejissyorga, ovoz yozishga, xullas, oʻzimda kundalik xarajatlar uchun pul qolgan, xolos. Biz ham har bir oʻzbekka oʻxshab sekin-sekin uyning pulini boʻlib-boʻlib toʻlashga sotib olganmiz. Birdan sotib olishga imkonimiz etmagan, — deydi xonanda.
“Depressiyaga tushdim”
Xonanda intervyularining birida keyingi yillarda hayot tarzidan tortib, fikrlari ham butunlay oʻzgargani haqida aytib oʻtgan.

Foto: Instagram
— 5-6 yil avval qattiq depressiyaga tushdim. Bunga odamlarning “Qachon oila qurasiz? Farzandli boʻlolmay qolasiz? Hayotingizning mazmuni yoʻqoladi”, degan gaplari sabab boʻldi. Shunda internetga “Hayot mazmuni nima?” deya qidiruv berdim. Bir ma'lumot e'tiborimni tortdi. “Musulmonlar uchun iymon va itoat” degan gapni oʻqib, yuragim junbishga keldi. Shundan keyin fikrlarim ham, hayotga boʻlgan qarashlarim ham oʻzgardi. Nasib etsa, oila qurib, farzandli boʻlarman, — deydi xonanda Manzura.
“Turmush oʻrtogʻim oʻzimdek rus tabiatli boʻlsin, ammo”
Xonanda qanday erkak bilan oila qurishni istashi va qaysi toifadagilari bilan yasholmasligi haqida ham aytib oʻtgan.

Foto: Instagram
— Koʻp tilni biladigan, dinimizni qattiq emas, yumshoq qabul qiladigan, ayollarga mehribon erkaklarni hurmat qilaman. Ayollarga zulm qilib, faqat uyda oʻtirasan, deyish yaramaydi. Ayol kishi ham emotsional inson, uning ruhiyatini sindirib qoʻyish oson. Turmush oʻrtogʻim oʻzimga oʻxshagan rus tabiatli inson boʻlsa-da, musulmon boʻlsa va qiziqishlarimni hurmat qilsa, deb niyat qilaman. Faqat mol-dunyo va kerakmas qadriyatlar bilan yashaydigan insonlarni unchalik tushunmayman. Masalan, Ilon Mask milliarder inson boʻlsa-da, oddiy kvartirani ijaraga olib yashaydi. Ammo uning maqsadlari juda ulkan. U Mars sayyorasiga borib, oʻsha erda yashashni orzu qiladi. U ba'zi odamlarga oʻxshab, umrini dangʻillama uy-joy qurishga sarflayotgani yoʻq. U yaratgan qanchadan qancha texnikalar insonlarning ogʻirini yengil qilyapti. Aytmoqchi boʻlganim, erkak kishining dunyoqarashi keng boʻlsa, ayol kishi ham unga qarab intiladi. Ayol degani faqat bitta mebelni artib, qozon-tovoqni tozalash bilan umri oʻtib ketmasligi kerak. Men ham barcha ayollar singari uy ishlarini qilib zerikib ketaman. Aytmoqchi boʻlganim, erkak va ayol bir-birini toʻldirishi, oliy maqsadlar sari intilishi kerak, — deydi xonanda Manzura.
“Ota-onamdan birin-ketin ayrildik”
Manzura ota-onasini yoʻqotganidan keyin tushkunlikka tushgani va qiyin kunlarni boshdan kechirgani haqida aytib oʻtdi.

Foto: Instagram
— Ota-onamni yoʻqotganimdan keyin hech narsaga qiziqishim qolmadi, depressiyaga tushib qoldim. Bir uyda toʻrt kishi yashardik. Ota-onam, opam va men. Tasavvur qiling, toʻrt oy ichida ikkita inson vafot etdi.
Otam rahmatli Yangi yil bayrami dasturxoniga qoʻyiladigan olive salati va norinni yaxshi koʻrardi. Dasturxon tuzab, oila davrasida televizor koʻrishni yaxshi koʻrardik. 2018 yilning yozida ota-onamdan ketma-ket ayrildik va Yangi yil dasturxonida Nigina opam bilan yolgʻiz oʻtiribmiz. Bu holat inson ruhiyatiga juda qattiq ta'sir etarkan. Hatto shunday kunlar ham boʻldiki, uyni ta'mirlatish kerak boʻlganida shu ishni ham qilishni istamadik. Chunki uyning har burchagidan ota-onamning yuz-koʻzlari koʻrinardi. Uydagi har bir narsa ular bilan bogʻliq xotiralarni eslatardi.
Ota-onam bilan 40 yoshimga qadar birga yashadim. Ba'zan hatto ularni nabiralik qilolmadim, deb oʻksinardim. Ammo Yaratganning xohishi bilan inson turmushga chiqadi, farzandli boʻladi. Samodan nikoh tushmagunicha bir erkakka yaqinlashib boʻlmaydi. Demak, shunday boʻlishi kerak edi, deb oʻzimni yupataman.
Ota-onam bilan sayohat qilishni, ayniqsa, Antaliyadagi dengiz sohillariga borishni yoqtirardim. Ammo ota-onamni yoʻqotganimdan keyin sayohatga borish ham koʻnglimga sigʻmay qoldi. Inson hayotida ota-onaning oʻrni katta, afsuski, ularni yoʻqotgandan keyin buni yanada kuchliroq his qilarkansiz, — deydi xonanda Manzura.
“Yosh koʻrinishimning siri farzand koʻrmaganimda”
Xonandaning doimo yosh koʻrinishiga sabab nima? Bu savolga u quyidagicha javob berdi.

Foto: “Daryo”
— Yosh koʻrinishimning birinchi siri — turmushga chiqmaganim. Farzand koʻrmaganim, chunki bilaman, farzand katta qilish ham juda mashaqqatli mehnat. Shu narsa ham qaritib yuboradi. Menda bu ne'mat hozircha yoʻq. Xudo xohlasa boʻladi. Keyin kosmetologga muntazam boraman. “Oʻzim shunaqa chiroyliman”, desam yolgʻon boʻladi, — deydi xonanda.
“Yolgʻizlikdan charchamadingizmi?”
Xonanda intervyularining birida yolgʻizlikdan zerikkani va taqdirga ishonishi haqida aytib oʻtgan.

Foto: Instagram
— Bunaqa savollarni oxirgi paytda menga juda koʻp berishadi. Bu savol ayol kishining dilini juda ogʻritadi. Lekin men koʻnikib ketdim. Yolgʻizlikdan hamma zeriksa kerak. Men ham oddiy ayolman, albatta yolgʻizlikdan zerikaman. Lekin bu qazoyi qadar. Alloh bergan taqdir. Shu qazoyi qadarni men qabul qilib, shukr qilib yashashim kerak. Chunki biz bilmaymiz, Alloh bizni qandaydir musibat, mushkulotlardan asrayotgandir, kuydirgi turmush oʻrtoq, kuydirgi farzanddan asrayotgandir. Shu uchun hayotdan bahra olib, shukr qilib yashashim kerak, — deydi xonanda Manzura.
Xonanda intervyularidan birida nogiron mushukchani parvarishlashi haqida soʻzlab bergan.
“Facebookda koʻchada qolgan nogiron mushukchani koʻrib qolib, topib parvarishladim. Agar uni topshirib yuborsam. Darhol evtanaziya qilishadi. Kechasi yuzini yuzimga bosib, “Meni berib yuborma” deb yalinayotgandek boʻladi. Gimnastika qilsam, kelib gilamchaga yotib, oʻz qiliqlari bilan meni kuldiradi”, — degan edi xonanda.
Oʻzidan 20 yosh kichik aktyorning turmush qurish taklifi
Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda yosh aktyor Murod Yoʻldoshevning Manzuraga oshiq ekanligi haqidagi gap-soʻzlar tarqaldi. Hatto aktyor Manzuraning qoʻlini soʻragani aks etgan videolar ham Instagram sahifalariga joylashtirildi. Videoda qoʻlida gul bilan turgan Murod Yoʻldoshevni Manzura urishib berganini ham koʻrish mumkin. “Nima qilganingiz bu, onangiz tengi ayol boʻlsam?”, — deydi xonanda Murod Yoʻldoshevga qarata.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar