Buxoroda ota-onasini yoqib yuborishga uringan erkak 15 yil 6 oyga qamaldi

Buxoro shahrida 29 yoshli erkak oilaviy mojarodan so‘ng ota-onasi bo‘lgan xonadonga o‘t qo‘ydi. Hodisa 2026 yil 15 may kuni sodir bo‘lgan. Sud hukmiga ko‘ra, u 15 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi.
Ma’lum qilinishicha, erkak turmush o‘rtog‘i va farzandi bilan ijarada yashagan. Uning onasi Buxorodagi hovlisini sotib, o‘rniga ko‘p qavatli uydan xonadon xarid qilgan. O‘g‘il ushbu uyni ta’mirlashda yordam bergan va oilasi bilan shu yerda yashashni rejalashtirgan. Biroq onasi kelini bilan munosabatlari yaxshi emasligi sababli bunga qarshilik bildirgan.
15 may kuni ona va o‘g‘il o‘rtasida yana janjal kelib chiqqan. Mojaro vaqtida erkak uydagi televizorni sindirgan, shundan so‘ng onasi ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Tomonlar profilaktika inspektori huzurida yarashgan bo‘lsa-da, uyga qaytgach, kelishmovchilik yana davom etgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, erkak yoqilg‘i quyish shoxobchasidan benzin, do‘kondan esa gugurt sotib olgan. Soat 23:20 atrofida uyga qaytib, ota-onasi yotoqxonada bo‘lgan paytda xona eshigini tashqaridan qulflagan va yo‘lakka benzin sepib, o‘t qo‘ygan. Shundan keyin u voqea joyidan qochib ketgan.
Ota-onasi eshikni buzib ochib, qo‘shnilar va yong‘in o‘chiruvchilar yordamida tashqariga chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Ular kuyish jarohatlarini olgan, biroq o‘z vaqtida ko‘rsatilgan tibbiy yordam tufayli hayotlari saqlab qolingan. Yong‘in ko‘p qavatli uyning yo‘lagi va yuqori qavatlariga ham tutun tarqalishiga sabab bo‘lgan.
Sudda erkak ota-onasini o‘ldirish niyati bo‘lmaganini bildirgan. Biroq sud uning aybi dastlabki ko‘rsatmalar, ekspertiza xulosalari, telefon suhbatlari va boshqa dalillar bilan tasdiqlanganini qayd etgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi erkakni qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish hamda o‘zganing mulkini xavfli usulda qasddan yo‘q qilishda aybli deb topgan. Unga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish orqali 15 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Mahkum jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘taydi.






























Izohlar 0
…