Sevinch Mo‘minova: “Yolg‘on — eng yomon ko‘radiganim” (video)

Xonanda Sevinch Mo‘minova Mirsadikova bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida nimaga “allergiyasi” borligini, shuningdek, eng yomon ko‘radigan va nafratlanadigan narsasi nima ekanini ochiqchasiga ma’lum qildi.
Xonandaning aytishicha, u yolg‘on gapiradigan odamlarga nisbatan mutlaqo toqat qila olmaydi.
“Yolg‘on gapiradigan odamlardan mening allergiyam bor. Men yolg‘onni juda yomon ko‘raman, hatto nafratlanaman. O‘zim ham iloji boricha yolg‘on gapirmaslikka harakat qilaman. Agar biror narsani aytgim kelmasa, umuman gapirmayman. Gapdan qochishim mumkin, ammo yolg‘on gapirmayman”, — deydi u.
Sevinch Mo‘minova, ayniqsa, ko‘zingizga tik qarab yolg‘on gapiradigan odamlarni yomon ko‘rishini ta’kidladi.
“Eng yomoni — yolg‘on gapirayotganini bilib turasiz. Men o‘zimni ishonayotgandek tutaman, aslida esa hammasini bilib turaman. Ular esa go‘yoki aldab qo‘ydim, bilmayapti deb o‘ylashadi. Ba’zan sharmanda bo‘lmasin yoki hijolat bo‘lib qolmasin deb, ishongandek tutaman. Ha, rostdanmi, shunaqami? deb turaman, gapini davom ettiraveradi. Keyin esa oxirida: Axir besh daqiqa oldin boshqacha aytganding-ku, deb yolg‘onini fosh qilaman”, — deya fikr bildirdi xonanda.