Xonzoda Do‘stova: “Brend va brilliyant mavzusi menga qiziq emas”

Xonzoda Do‘stova: “Brend va brilliyant mavzusi menga qiziq emas”
Qisqacha

Xonzoda Do‘stova brend kiyim, brilliant va tillalarga unchalik qiziqmasligini aytdi. U 5 ming dollarga sumka olishdan ko‘ra, ehtiyojmand odamga yordam berishni afzal ko‘rishini bildirdi. Xonanda davralarda faqat brilliant, sumka va kiyimlar haqida gaplashilishini yoqtirmasligi, ijodiy suhbatlardan zavq olishini ta’kidladi. Do‘stova uchta komplekt tillasi va dugonalari farzandli bo‘lganida sovg‘a qilgan bitta brillianti borligini ma’lum qildi.

Xonanda, aktrisa va bloger Xonzoda Do‘stova “Navo mehmonda” dasturida brend kiyimlar, brilliant va tillalarga unchalik qiziqmasligini ochiq aytdi.

Suhbat davomida boshlovchi:

— “Faqat brend kiyim kiyadigan san’atkorlarga qanday qaraysiz?” — degan savolni berdi.

Xonzoda Do‘stova bunga javoban:

— “To‘g‘ri, san’atkor chiroyli va zamonaviy, brend kiyimlarda yurishi kerak. Mening ham endi davrim keldi, zo‘r uslubda, brend kiyinishim mumkin,” — dedi.

Shundan so‘ng boshlovchi:

— “Bitta brend kiyim uchun bitta mashina pulini sarflash to‘g‘rimi?” — deya yana savol berdi.

Xonzoda esa bunga qat’iy fikr bildirdi:

— “Yo‘q, bunaqasi to‘g‘ri emas. Ko‘rpangga qarab oyoq uzat, deyishadi-ku. Masalan, hozirgi paytda 5 ming dollarga bitta sumka olishga ichim achiydi. Qachonki bir kunda 5 ming dollar topadigan darajaga yetsam, balki o‘shanda olarman. Lekin men uchun ehtiyojmand odamga yordam berish yaxshiroq. Sumkasi yo‘q odamga sumka olib berib, xursand bo‘lish menga yoqadi. Albatta, brend kiyim olaman desam, imkonim bor, olaman. Ammo davralarda blogerlar yig‘ilib, brilliantini, olgan sumkasi va kiyimlarini maqtashadi. Zo‘r brenddan oldim, deydi, lekin o‘sha gapirayotgan odam ba’zan bir tiyinga ham qimmat bo‘lmaydi. Ko‘p davralarda ko‘rdim — mavzu faqat brilliant. Menga bunaqa suhbatlar qiziq emas. Men ijodiy suhbatlardan zavq olaman. Shuning uchun ham ko‘p davralarga bormayman,” — dedi u.

Suhbat davomida Xonzoda Do‘stova boshlovchidan:

— “Masalan, siz mening nechta tillam bor deb o‘ylaysiz?” — deb so‘radi.

Boshlovchi esa:

— “Bilmayman,” — deb javob berdi.

Shundan so‘ng xonanda:

— “Menda uchta komplekt tilla bor. Bu gaplar bilan o‘zimni pastga urmoqchi emasman, shunchaki bunga qiziqmayman. Bitta brilliantim bor, uni ham dugonalarim farzandli bo‘lganimda sovg‘a qilishgan,” — deya qo‘shimcha qildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar