Mikelanjeloning unutilgan chizmasi 23 millionga baholandi!

Nyu-York shahridagi Christie's auksionida buyuk italyan rassomi Mikelanjeloga tegishli bo‘lgan, ilgari noma’lum bo‘lgan chizma 23 million dollarga sotildi. Bu sum aniqlangandan deyarli 10 baravar yuqori bo‘lib chiqdi.
Mutaxassislar chizmaning boshlang‘ich bahosi atigi 2 million dollar atrofida bo‘ladi deb taxmin qilgan edi. Ammo 5-fevral kuni o‘tgan “Eski ustalar asarlari” kimoshidida asar misli ko‘rilmagan narxga sotilib ketdi.
Chizma Mikelanjelo tomonidan 500 yil avval ishlangan bo‘lib, Vatikan Siktin kapellasining shiftini bezash jarayonida chizilgan Liviya Sivilasi (bashorat qiluvchi ayol)ning oyog‘i uchun tayyorlangan etyud deb baholandi.
Eng qizig‘i — bu durdona tasodifan topilgan. Rasmning egasi Christie's’ga uni shunchaki baholash uchun yuborgan va uning asl qiymatidan mutlaqo bexabar bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, chizma unga buvisidan meros qolgan, rasm esa XVIII asrdan beri oilada saqlanib kelinayotgan edi.
Christie’s vakili Endryu Fletcher bu voqeani o‘z faoliyatidagi eng hayajonli va unutilmas hodisalardan biri deb atadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!