“Imarat Development” rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Toshkent shahar IIBB Sergeli tumanidagi “Imarat Development” qurilish kompaniyasi rahbariyatiga nisbatan firibgarlik va mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
- Kompaniya mijozlari Quyichirchiq tumanida qurilishi rejalashtirilgan uylar uchun to‘langan pullar qaytarilmayotganidan norozi bo‘lib murojaat qilgan.
Toshkent shahar IIBB Sergeli tumanidagi “Imarat Development” qurilish kompaniyasi rahbariyatiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatni suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Kompaniya qurmoqchi bo‘lgan ko‘p qavatli uylar Toshkent viloyati Quyichirchiq tumanida joylashgan. Ayrim fuqarolar bundan norozi bo‘lib, xonadonlar uchun to‘lagan pullarini qaytarishni so‘ragan, ammo mablag‘lar qaytarilmagan. Hozirda tergov harakatlari IIBB rahbari va prokuratura nazoratida olib borilmoqda.
Kompaniya asoschisi sifatida tanilgan Marat Hamdamov Instagram sahifasidagi ikki videomurojaatida o‘ziga bosim va tahdidlar bo‘layotganini, kompaniyani tortib olishga urinishlar mavjudligini bildirgan.
Uning aytishicha, so‘nggi bir oyda ayrim shaxslar kompaniyani egallashga harakat qilgan. Hamdamov mijozlar oldidagi majburiyatlarini bajarish, uylarni qurib bitkazib, egalariga topshirishini aytganidan keyin bosim kuchaygan. Tadbirkor o‘zi va oilasiga tahdid qilingani, o‘lim bilan qo‘rqitilgani, xorijga chiqib ketish va ijtimoiy tarmoqlardan yo‘qolish talab qilinganini, ofisiga kirishiga to‘sqinlik yaratilganini da’vo qilgan.
Hamdamovning ma’lum qilishicha, ayrim shaxslar kompaniyani uchinchi tomonga sotish, qurib bitkazilgan uylarni bankka garovga qo‘yib, kredit olishni rejalashtirgan. U bunga qarshi chiqqan va mijozlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.
Ikkinchi videomurojaatida tadbirkor kompaniya nomi “Imarat Development”dan “Imtiyaz”ga o‘zgartirilishi va ichki nizo sabablarini tushuntirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sentyabr oyida xorijda bo‘lganida kompaniyaning bosh moliyachisi Jasur Azizov qo‘ng‘iroq qilgan. Hamdamovning ta’kidlashicha, Azizov ta’sischi bo‘lmasa-da, moliyaviy jarayonlarni boshqargan. Telefon suhbatida u kompaniyaga yetkazilgan, hisob-kitoblar bo‘yicha bir necha million dollarlik zararni bank krediti orqali qoplashni taklif qilgan. Hamdamov bunga qarshi chiqqanidan keyin kompaniya nomi uning roziligisiz o‘zgartirilganini bildirgan.
Shuningdek, tadbirkor ofisga kelgan mijozlar orasida uni firibgar sifatida ko‘rsatuvchi ma’lumotlar tarqatilayotganini aytgan va o‘z bayonotlarini tasdiqlash uchun audio hamda video yozuvlarni namoyish etgan.
Hamdamovning murojaatlaridan so‘ng bir qator savollar paydo bo‘ldi. Agar u kompaniya ta’sischisi bo‘lsa, uning roziligisiz kompaniya nomi va boshqaruvini o‘zgartirish qanday amalga oshirilgan?






























Izohlar 0
…