To‘yidan oldin Teylor Svift xayriyaga 26 million dollar ajratdi

Jahonga mashhur xonanda Teylor Svift va amerikalik futbolchi Trevis Kelse kutilayotgan to‘y marosimi arafasida AQSH bo‘ylab xayriya tashkilotlariga 26 million dollar ajratdi. Bu haqda juftlik vakili ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, mablag‘ mamlakatning turli hududlarida faoliyat yurituvchi 20 ta xayriya tashkiloti o‘rtasida taqsimlangan. Ular orasida bolalar shifoxonalari, oziq-ovqat banklari, ta’lim dasturlari va ijtimoiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlovchi tashkilotlar bor. Shuningdek, Neshvill, Kanzas-Siti va Nyu-York kabi juftlik hayoti bilan bog‘liq shaharlardagi tashkilotlar ham ro‘yxatdan o‘rin olgan.
Rasmiy bayonotda to‘y haqida to‘g‘ridan to‘g‘ri gapirilmagan. Biroq xayriya aksiyasi ommaviy axborot vositalarida Nyu-Yorkdagi Madison Square Garden majmuasida o‘tkazilishi aytilgan to‘y arafasiga to‘g‘ri kelgani e’tiborni tortmoqda.
E’lon qilingan ro‘yxatga City Harvest, Food Bank For NYC, New York Cares, Los Angeles Regional Food Bank, Harvesters, Feeding America, ASPCA, Dolly Parton's Imagination Library, Grammy In The Schools, Education Through Music va boshqa qator xayriya tashkilotlari kiritilgan.

Teylor Svift xayriya ishlari bilan avvaldan mashhur. Masalan, Eras Tour gastrol safari yakunlanganidan keyin u jamoasi a’zolariga katta miqdordagi mukofot pullari va shaxsiy minnatdorlik xatlarini taqdim etgan edi.
Avvalroq xonanda The Graham Norton Show dasturida bo‘layotgan to‘yi haqida gapirib, uni keng ko‘lamli va unutilmas tarzda o‘tkazishni rejalashtirayotganini aytgandi.
Ayni paytda Nyu-Yorkda maxsus tadbir uchun ruxsatnoma rasmiylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Hujjatlarga ko‘ra, avval 100 nafar mehmon ishtirokida tantanaoldi uchrashuvi o‘tkazilishi, asosiy tadbir esa juma kuni kechqurun boshlanib, tonggacha davom etishi rejalashtirilgan.
Muxlislar esa juftlik tomonidan xayriya qilingan 26 million dollar raqamiga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Ular bu son Teylor Sviftning omadli raqami hisoblangan 13ning ikki baravari ekanini ta’kidlab, buni ramziy ishora sifatida baholamoqda.






























Izohlar 0
…