Jaloliddin Ahmadaliyev: «Men kibrli ham emasman, mug‘ombir ham emasman» (video)

Jaloliddin Ahmadaliyev: «Men kibrli ham emasman, mug‘ombir ham emasman» (video)

Xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev Kun.uz'ga bergan intervyusida muxlislar bilan suratga tushish borasida duch keladigan turli munosabatlar haqida gapirdi.

San’atkor ayrim holatlarda odamlar bilan suratga tushmasa, uni «kibr bo‘lib ketibdi» yoki «mug‘ombirlik qilyapti», deb o‘ylashlaridan xafa bo‘lishini aytdi. Shu munosabat bilan u hayotida yuz bergan bir voqeani esladi.

Xonandaning aytishicha, bir kuni o‘g‘li qattiq betob bo‘lib qolgan. U farzandini zudlik bilan shifoxonaga olib borgan va shifokor ko‘rigidan o‘tkazgan.

«O‘g‘limni qattiq mazasi qochib qoldi. Infeksion kasalliklar shifoxonasiga olib borib, ichkariga kirib ketganimni ko‘rgan odamlar bor ekan. Shifokor dori-darmon yozib berib, “tez olib keling”, dedi.

Dori olish uchun chiqsam, atrofimni o‘rab olib, “Rasmga tushaylik”, deyishdi. “Ey insonlar, men bolamni olib keldim. Hozir emas, ozgina bolam tuzalib, ko‘nglim yorishsin. Keyin nima desangiz ham qilaman, rasmga tushaman, xohlasangiz qo‘shiq ham aytib beraman. Men ham otaman-ku”, dedim», — deya xotirladi Jaloliddin Ahmadaliyev.

Xonanda bunday vaziyatda ham uning xatti-harakatini «kibr» deb baholaganlar bo‘lganini aytdi.

«Shunda ham atrofimda “kibrlanma”, “bunday qilma”, degan gaplar bo‘ldi. Bu kerak emas. Biz ham hamma qatori odammiz-ku. Shuning uchun shunday noto‘g‘ri o‘y va tushunchalarni olib tashlash kerak. Kayfiyat har doim ham yuqori bo‘lavermaydi. Lekin shunday paytlarda ham kulib yurishga majburmiz.

Aytmoqchimanki, men kibrli ham emasman, mug‘ombir ham emasman», — dedi xonanda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar