Onasi o‘g‘liga saboq bermoqchi edi, ammo rejasi teskari natija berdi

Xitoyning Chjetszyan provinsiyasida yashovchi Den ismli ayol o‘qishga qiziqishi pasayib, baholari yomonlashayotgan 17 yoshli o‘g‘li Shenga hayotda pul topish oson emasligini ko‘rsatishga qaror qildi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.
2024 yil sentyabrida xabar berilgan voqeaga ko‘ra, ona Szyasin shahrida uch yildan ortiq vaqtdan beri qovurilgan tovuq va turli gazaklar sotadigan ko‘cha savdo shoxobchasini yuritgan. U o‘g‘lini ham ushbu ishga jalb qilib, mehnatning mashaqqatini his qilishini istagan.
Shen o‘sha paytda oshpazlik va kasb-hunar maktabida tahsil olgan. Uning o‘qishdagi natijalari pasayib ketgani sabab onasi unga savdo qilib ko‘rishni taklif etgan. Denning maqsadi — o‘g‘liga pul topish qanchalik qiyin ekanini anglatib, o‘qishga jiddiyroq yondashishga undash edi.
Biroq onaning rejasi kutilmagan natija berdi. Shen ishdan qo‘rqish o‘rniga savdoga tez moslashib, mijozlar bilan ishlash va taom tayyorlashni o‘zlashtirdi. U elektr velosipediga savdo qilish uchun kerakli jihozlarni o‘rnatib, ko‘chma savdo nuqtasi tashkil qildi.

Yigit har kuni soat 09:00 dan mahsulotlarni tayyorlashni boshlagan, soat 16:00 atrofida savdo joyiga borgan va tungacha ishlagan. Uyiga ko‘pincha soat 03:00 da qaytgan. Savdo joyiga borish uchun taxminan 13 kilometr yo‘l bosgan.
Natijada Shen atigi 10 kun ichida 10 ming yuan, ya’ni taxminan 1400 dollar miqdorida daromad qildi. Uning muvaffaqiyatida mehnati bilan bir qatorda doimiy mijozlarning qo‘llab-quvvatlashi ham muhim bo‘lgan.
Kutilmaganda, bu natija yigitning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini yanada pasaytirdi. U maktabni tashlab, savdo bilan shug‘ullanishga qaror qildi. Onasi uni o‘qishni davom ettirishga ko‘ndirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, Shen o‘z tanlovida qat’iy qoldi.
Onasi esa o‘g‘lini majburlashdan ko‘ra, uning tanlovini qo‘llab-quvvatlashga qaror qildi. Denning aytishicha, eng muhimi — farzandi sog‘lom, baxtli bo‘lishi va qonunga xilof ish qilmasligi.






























Izohlar 0
…