Nega Kubayeva? Dilnoza Kubayeva familiyasi ortidagi qiziq voqeani so‘zlab berdi (video)

“Bolajon TV” kanalidagi “Bu kim?” ko‘rsatuvining navbatdagi mehmoni aktrisa Dilnoza Kubayeva bo‘ldi. Suhbat davomida unga familiyasi nega aynan “Kubayeva” ekani haqida savol berildi.
“Voy, to‘g‘risi, bu savolni juda ko‘p olardim. Qarang, bilasizmi, qadimda farzandlarga ota-onaning niyatini ifodalovchi ismlar qo‘yilgan. Masalan, oilada o‘g‘il farzand tug‘ilishini umid qilib, qizlariga Umidaxon, qiz farzand tug‘ilishini umid qilib, o‘g‘illariga Umid kabi ismlar berishgan.
Ba’zan qiz farzandlar ketma-ket tug‘ilaversa, keyingisi o‘g‘il bo‘lsin degan niyatda O‘g‘iloy deb ism qo‘yishgan. Farzandlari ko‘p kasal bo‘lib, yashamay qolgan oilalarda esa “shu bolam omon qolsin” degan niyat bilan Tursin kabi ismlar berilgan.
Mening bobojonimning ham ko‘plab aka-opalari tug‘ilib, yashamagan ekan. Keyin bobojonim tug‘ilganlarida, ota-onasi “o‘zidan ko‘payib ketsin, farzandlari ko‘paysin” degan niyatda ularga Ko‘paysin deb ism qo‘yishgan.
Avvalgi paytlarda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalarni yozishda xatolar bo‘lib ketgan. Shu sababli ko‘plab ismlar ham o‘zgarib qolgan. Ko‘paysin ham hujjatlarda noto‘g‘ri yozilib, “Kuba”, “Kubay” shakliga o‘zgarib ketgan.
Shuning uchun men aslida Ko‘paysinova Dilnoza, Ko‘paysinova bo‘lishim kerak edi. Ammo familiyam hujjatlarda “Kubay”dan kelib chiqib, Kubayeva bo‘lib qolgan”, — deya tushuntirdi Dilnoza Kubayeva.






























Izohlar 0
…