Ahror Qo‘shmatov kasalligi sabab “Xafa bo‘lish yo‘q” ayblanmoqda: u vaziyatga izoh berdi (video)

Ahror Qo‘shmatov kasalligi sabab “Xafa bo‘lish yo‘q” ayblanmoqda: u vaziyatga izoh berdi (video)
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Ijtimoiy tarmoqlarda Ahror Qo‘shmatovning 2019 yildagi "Xafa bo‘lish yo‘q" ko‘rsatuvidagi ishtiroki uning qandli diabet bilan kasallanishiga sabab bo‘lgani haqidagi taxminlar tarqalmoqda.
  • Ahror Qo‘shmatov o‘z kasalligiga ko‘rsatuvning aloqasi yo‘qligini, loyihada hamma narsa kelishilgan bo‘lishini va ko‘rsatuv ijodkorlari Sanjar hamda Abrorning aybi yo‘qligini ta’kidladi.
  • Ko‘rsatuv ijodkorlari ham loyiha yakunlanganini ma’lum qilib, tomoshabinlardan rozilik so‘radi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Ahror Qo‘shmatov ishtirokidagi eski videolar yana keng muhokama qilinmoqda. Xususan, 2019 yilda efirga uzatilgan “Xafa bo‘lishi yo‘q” ko‘rsatuvidan olingan lavhalar qayta tarqalib, foydalanuvchilar orasida turli fikrlarni keltirib chiqardi.

Ayrim foydalanuvchilar Ahror Qo‘shmatovning turli yillarda tasvirga olingan videolaridagi ko‘rinishini o‘zaro solishtirib, uning salomatligidagi o‘zgarishlarni muhokama qilmoqda. Hatto uning qandli diabet bilan kasallanishiga aynan ushbu ko‘rsatuvdagi ishtiroki sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi haqida ham taxminlar bildirilmoqda.

Shu munosabat bilan “Xafa bo‘lish yo‘q” ko‘rsatuvi ijodkorlari Ahror Qo‘shmatovning yoniga borib, tarqalayotgan gap-so‘zlarga oydinlik kiritdi.

Suhbat davomida ko‘rsatuv ijodkorlari loyihadagi voqealar oldindan rejalashtirilishi, ishtirokchilar bilan kelishilishi va muayyan ssenariy asosida tashkil etilishini ta’kidladi.

Ahror Qo‘shmatov ham o‘z kasalligiga ko‘rsatuvning aloqasi yo‘qligini aytib, Sanjar va Abrorni ayblamaslikka chaqirdi.

“Bu kasalligimga sabab ko‘rsatuvdagi ishtirokim emas. Bu yerda ko‘rsatuv ijodkorlari Sanjar va Abrorning hech qanday aybi yo‘q. Hech kim hech kimni kasal qilgani yo‘q. O‘zim ham hijolat bo‘laman: sal biror narsa bo‘lsa yoki ozib ketsam, darrov 'Xafa bo‘lish yo‘q' ko‘rsatuvini aybdor qilishadi. Lekin hozirgi kasalligimda ularning hech qanday aybi yo‘q. Shouda hamma narsa kelishilgan bo‘ladi.

'Yigitlar xabar olmayapti, pul bermayapti', degan gaplarni ham aytibsizlar. Lekin ular har kuni holimdan xabar olib turishibdi. 'Xafa bo‘lish yo‘q"ning aybi yo‘q. Yigitlarni ayblamanglar”, — dedi Ahror Qo‘shmatov.

Video yakunida ko‘rsatuv ijodkorlari ham murojaat bilan chiqdi. Ular loyiha orqali kimnidir xafa qilgan, asabiylashtirgan yoki vaqtini olgan bo‘lsalar, tomoshabinlardan uzr so‘rab, rozilik bildirishlarini so‘radi. Shuningdek, ijodkorlar ko‘rsatuv o‘z faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar