6 570
Madaniyat vazirligi, “O‘zbekkino”, Bastakorlar uyushmasi, konservatoriya, “O‘zbekkonsert” Muhammedova va Omonullaeva masalasiga panja ortidan qarayapti...mi?
Saytimiz orqali aktrisa Shahzoda Muhammedova va Dilorom Omonullaeva o‘rtasida chiqqan muammo haqida batafsil ma’lumot berib bormoqdamiz. Aslida bu mashmashani Muhammedova va Omonullaeva o‘rtasida chiqdi, deyish biroz mubolag‘adek. Boisi Muhammedova ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifasi orqali Dilorom Omonullaevani haqoratlab chiqdi. Omonullaeva esa bularga nisbatan javob qaytarmadi, haqorat ham qilmadi. Aksincha, og‘ir-bosiqlik bilan yo‘l tutib, bu vaziyatni hal etishni jamoatchilikka, ziyolilarga va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga qo‘yib berdi.
O‘zbekiston Respublikasining qator qonunlariga ko‘ra, shaxsni haqoratlash, unga tuhmat qilib, el orasida obro‘sizlantirish, ma’naviy zarar etkazish taqiqlanadi. Qolaversa, Shahzoda Muhammedova o‘z yozganlarida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi sha’niga ham qator haqoratlarni keltirgan. Qiziq, nima uchun bu vaziyatga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi mutasaddilari, O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi, “O‘zbekkino” milliy agentligi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi va O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rahbariyati panja ortidan qarayapti? Axir Shahzoda Muhammedovadan ko‘ra Dilorom Omonullaevaning o‘zbek san’atiga qo‘shgan hissasi kattaroq emasmi? Bu o‘rinda biz Shahzoda Muhammedovani qoralash, uni ayblash va kamsitish fikridan yiroqmiz. Aksincha, tegishli davlat tashkilotlari Shahzoda Muhammedovani to‘g‘ri yo‘lga chaqirsa bo‘lmaydimi, demoqchimiz.
Biz ushbu masalada yuqoridagi nomlari keltirilgan tashkilotlarga bir necha bor murojaat qildik. Ammo shu vaqtga qadar hech qanday aytarli javob olganimiz yo‘q. Tegishli tashkilotlar mazkur masalaga panja ortidan qarab, quruq tomoshabin bo‘lib turishda davom etmoqda. Go‘yo ular ijtimoiy tarmoqlarni kuzatmaydi, OAVda yoritilayotgan voqealar esa shunchaki shov-shuv. Ikki ijodkorni yarashtirish, yoshlarga kattalarga hurmatni o‘rgatish, kerak bo‘lsa, nazoratni kuchaytirib, madaniyat vakillari orasidagi bunday madaniyatsizliklarga barham berish ularning vazifasi emasdek.
Shahzoda Muhammedova o‘z yozganlarida adolatni talab qilyapti, qonunni o‘rtaga qo‘yyapti. Aktrisaning to‘ylarda boshlovchilik qilishi ko‘pchilikka ayon. U to‘ylarda boshlovchilik qilayotgani tasvirlangan suratlarni ijtimoiy tarmoqlarga bir necha marotaba joylashtirgan. Ammo shu vaqtgacha to‘y va tadbirlarda faoliyat olib borayotgan san’atkorlarga lisenziya olishni talab qilgan “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi Shahzoda Muhammedovaga kelganda, tilini tiygan, go‘yo uni nazardan qochirgan. Aslida to‘y va tadbirlarda faoliyat olib borayotganlarning “O‘zbekkonsert” davlat muassasidan konsert-tomosha faoliyatini olib borishi uchun maxsus guvohnoma (lisenziya)si bo‘lishi kerak-ku. Bu qonun-qoida ham Muhammedovaga kelganda o‘z kuchini yo‘qotgandek. Xo‘sh, adolatni talab qilayotganlar aslida boshqalarga nisbatan ham adolatli bo‘lishi kerak emasmi?
O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi ishlayotganini, bunday tashkilot mavjudligini loaqal ayni vaziyatda ko‘rsatib qo‘ysa bo‘lmaydimi? Dilorom Omonullaeva taniqli, o‘zbek estrada san’atiga juda katta hissa qo‘shgan bastakor. Nahot, necha kundan buyon bastakorlar uyushmasidagilar bo‘layotgan voqealardan xabar topmagan bo‘lsa? Nahot, ular tashkilotga a’zo bastakorni himoya qilishni o‘z vazifalari deb bilishmasa?
“O‘zbekkino” doimgidek chetda. Bu tashkilotdagilar go‘yo aktrisaning xatti-harakatlaridan bexabar. Nima uchun kino orqali tanilib, xalqqa yuz tutganlar kun kelib, xalq oldiga chiqib istagan gaplarini gapirishlari, xohlagan qiliqlarini qilishlari mumkin. “O‘zbekkonsert” bunday holatlarga zudlik bilan javob qaytarib, kerakli choralarni ko‘radi. Xo‘sh, “O‘zbekkino”dagilarga nima to‘sqinlik qilyapti? Yo Muhammedovaning yozganlari kimlargadir moydek yoqib tushdimi?
O‘zbekiston davlat konservatoriyasidagi mashvarat esa hamon davom etmoqda. Go‘shakni ko‘targan rektor yordamchisi maslahatlashuvlar shanba kundan buyon davom etayotganini aytdi. Hanuz natija yo‘q. Aslida ular konservatoriya binosida bo‘lgan mashmashaga birinchilardan bo‘lib oydinlik kiritishlari, tafsilotlarni aniqlashtirishlari, o‘qituvchiga va ta’lim dargohiga bo‘lgan haqoratga javob qaytarishlari kerakmasmi? Holbuki, konservatoriyada kim o‘qishini ham, kim haydalashini ham Omonullaeva hal etmaydi, bunga huquqi ham yo‘q. Muhammedovaning Omonullaeva pora olishi haqidagi sha’malari esa nafaqat o‘qituvchining, balki butun konservatoriyaning yuziga tushgan dog‘ emasmi?
Yuqorida nomlari keltirilgan tashkilotlarning faoliyati bo‘yicha nazorat O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi gardanida turadi. Ammo tashkilotda hamon sokinlik hukm surmoqda. O‘tgan haftaning shanba kuni qator madaniyat va san’at sohasi vakillari ishtirokida Madaniyat vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchieva hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi dosenti Oydin Abdullaeva so‘zga chiqib, mavjud holat bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish kerakligi, yosh aktrisaning professor Dilorom Omonullaevani haqorat qilishiga jim qarab turmaslik bo‘yicha o‘z munosabatlarini bildirishgan. Hozircha ular ham natijani kutishmoqda.
San’atkorlarni tartibga chaqirib, ular o‘rtasidagi oshkora janjal, tortishuv va hurmatsizliklarni bartaraf etish kimning vazifasi o‘zi? Vaziyat shu holatda, qolaversa, ertaga Muhammedovaning o‘rnini boshqa xonanda yoki aktrisa egallashi tayin. Bundan keyin san’atkorga, uning kino va spektakldagi roliyu aytayotgan qo‘shig‘iga kim ishonadi, kim ularni madaniyat vakili deb biladi? Maktab, akademik lisey va kasb-hunar kolleji o‘quvchilari bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda odob-axloq, Vatanga muhabbat, ota-onaga va kattalarga hurmatdan so‘z ochadigan san’atkorlarga yosh avlod ishonadimi? So‘ngi xulosa yuqoridagi nomlari keltirilgan tashkilotlardan.
Manba: Qalampir.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...