O‘zbekiston Davlat konservatoriyasining estrada yo‘nalishi bo‘yicha professori, taniqli bastakor Dilorom Omonullaeva aktrisa va dizayner Shahzoda Muhammedovaning ayblovlariga javob qaytardi.
“Sayyod.com”ga bergan intervyusida professor shunday deydi:
—Birinchidan men imtihon olayotgan paytim xonaga bir yigit bilan bostirib kirib kelib u yigit o‘zini ‘O‘zbeknavo’danman dedi, qaysidir bir bo‘limi boshlig‘idir debman, shu uchunam mayli tez qo‘yib yuborarman, deb gaplashuvdim. Oqibatda u qiz judayam madaniyatsiz ekan. Avvalo men uni tinglab ko‘rdim, ovozingizni ham tinglay dedim, u esa ‘Men mashhur aktrisaman, meni butun Respublika taniydi, men judayam mashhurman!’ deydi. Haligi birga kelgan yigit ham ‘Men ham mashhurman 50 ta qo‘shig‘im bor, 30 tasi klip bo‘lgan’ degan gaplar. To‘g‘risini aytsam men bularni tanimadim ham. Qo‘rs muomala ular tarfidan bo‘ldi, ‘O‘zbeknavo’danman deb kirib kelishidan to o‘zini katta tutishigacha. U ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha Konservatoriyaga o‘qishga kirmoqchi, lekin uning musiqadan umuman bilimi yo‘q! Konservatoriyaga doir qonun mavjudligi va musiqadan o‘rta maxsus ma’lumoti bo‘lmaganlar qabul qilinmaydi, deb tushuntirdim. Gapga quloq solmay iltimos qila boshladi. Keyin meni xohlamayaptganlikda ayblashni boshlashdi, axir bu narsalarni men hal qilmaymanku, bu allaqachon davlat tarafidan Konservatoriya ochilayotgan paytiyoq faqat musiqadan o‘rta maxsus bilimi borlar qabul qilinishi ko‘rsatilgan, bu butun dunyoda Konservatoriya bilan bog‘liq tartib! Shu taraflama ham Koservatoriya eng oliy o‘quv dargohi sanaladi. Boshqa o‘quv yurtlari bilan taqqoslash mumkinmas, umuman boshqa oliygoh va alohida maxsus yondoshuvni talab etadigan oliygoh bu.
“Uspenskiy " maktablari bekorga ochilmaganku. 12 yil musiqa savodini olib keyin Konservatoriyaga kirasiz. Notani bilmagan va musiqadan bilimi bo‘lmagan odam Konservatoriyada qanday o‘qiydi? ‘Ovossilaku!’ dedi haligi yigit, tartibdan tashqari ikki holat bo‘lganini tushuntirdim. Bu Sardor Rahimxon O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olganida Madaniyat vaziri tavsiyasiga binoan olingan. U olingan payti men yo‘q edim, mensiz qabul qilingan. Yana bir holat esa Kaniza bilan bo‘lgan, u ‘Nihol’ mukofoti sovrindori bo‘lgan va bu mukofotni olgan odam istagan oliygohga kirishi mumkin ekanligi Prezidentning bu mukofot bilan bog‘liq qarorida ko‘rsatilgan. Lekin Sardor Rahimxon negadir o‘qishga kelmadi va hattoki to‘lovlarni amalga oshirmagani uchun yarim yilda dargohni tark etdi.
Kaniza esa muntazam ravishda avvaliga muqobil tarzda ikki yil shug‘ullandi, shundan bir yilidagi tayyorlash kursini tugatdi. Shundan so‘nggina uni birinchi kursga qabul qildik. Yaxshi o‘qidi va bitirdi chunki o‘z ustida ishlab shug‘ullanardi.
Xullas Muhammedovadan musiqiy biliming bormi, deb so‘radim , yo‘q deydi mutlaqo boshqa sohaga aloqador oliygohni bitirgan ekan. Yaxshi unda kuylab ber, kimni qo‘shig‘ini kuylaysan desam Rayhonning qo‘shig‘ini deydi. Bu erda Rayhonning qo‘shiqlari ketmaydi, ular juda yengil, biz bu erda murakkab qo‘shiqlar kuylaymiz, dunyo miqyosidagi estradadan, o‘zimizdan Botir Zokirov, Yulduz Usmonova, o‘zimning qo‘shiqlarim ya’ni professional qo‘shiqlar. Axir Konservatoriyaku! Keyin Kumush Razzoqovaning "Yomg‘ir" qo‘shig‘ini tavsiya etdim va u kuyladi. Ochig‘i uning umuman ovozi yo‘q. Kichkinagina ovozcha xolos. Ancha shug‘ullansa ham undan xonanda chiqmaydi.
Ovozingiz yo‘q ekan desam haligi yonidagi bola menga qo‘rslik qildi. ‘Qo‘rqvottide sizdan’ unaqade, bunaqade... Tabiiyki uning bunday muomalasidan ciz o‘zi ‘O‘zbeknavo’da kim bo‘lib ishlaysiz?, deb so‘rasam , ‘Yo‘q men u erda ishlamayman, men xonandamanku’ deydi. Ana shundan keyin jahlim chiqdi. Men qizni tinglab ko‘rdim, qo‘limdan kelgan bor imkoniyat taraflama vaqt ajratib, musiqani chalib turdim, kuylaganini tingladim va maslahat ham berdim. Ya’ni unga boshqa yo‘lini tushuntirdim, Konservatoriya qoshida tayyorlash kursi borligi o‘sha erda o‘qisa keyin qabul qilinishini aytdim. Yana nima qilishim kerak edi u mashhurga? Agar tinglamaganimda va maslahat bermaganimda mendan shikoyat qilsa arzirdi. Imtihonga yolg‘on aytib bostirib kirib vaqtimni olishdi , yana o‘zini katta tutib urishib ham norozi bo‘larkan va men aybdormi? Tushuntirib turibman, Konservatoriyaga musiqiy ma’lumotsiz abiturientlar olinmaydi deb baloga qoldim. Shundan boshlandi ‘Yo‘q olasiz! Meni hamma taniydi!’ deb, u hoziroq shu Konservatoriyaga kirishni istayotgandi.
Lekin boshida muomalasi yaxshiydi keyin mashhurligini pesh qilib olasan shu oliygohga deb majburlay boshladida. ‘Professional aktrisamisiz? Qaerni bitirgansiz?’ desam boshqa oliygohni aytyapti. Unda boring ‘O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga topshiring, aktyorlik fakulteti bor desam, yo‘q mening orzuim konservatoriya, deydi. U desam, bu deydi, ishim esa judayam ko‘p vaqtim yo‘q, qisqa gapiraman. Odam ko‘p kelgan, eshik oldida odamlar turibdi . Bo‘ldi, chiqinglar desam chiqishmadi keyin men xonadan chiqib ketdim. Mashhurligini pesh qilganiga ortimdan koridorga chiqqach, talabalardan so‘rasam ular ham tanimaymiz deyishdi. Shundan keyin jahli chiqib ketib ‘Siz kim bo‘psiz, yoshlarni oyog‘iga bolta urasiz , men Prezident bilan uchrashganman, Islom Abdug‘anievich mening qo‘limni ushlagan " deb baqiryapti. Tavba, kabinetimda birinchi Prezidentimiz menga "San’at arbobi" unvonini topshirayotgan surati bor, bu esa qo‘limdan ushlagan deydi. Men haliyam indaganim yo‘q, mening guvohlarim bor, talabalar va ularning ota-onalari turishgandi. Bir ayol unga tanbeh berdi ‘Ey qizim, o‘qishni xohlasang muomalangni to‘g‘irlagin, bu professor, dunyoga mashhur bastakor, professor bilan ham shunaqa gaplashasanmi? Muomalangni to‘g‘irlagin nega unga baqiryapsan!’ deb uni urishib berdi. Birdan baqirib, isterika qilib, yig‘lashga tushib ketdi. Kechirasizu, bu hunarlarini ko‘rib o‘zini tuta olmas, erka, betarbiya va sal telbaroq qiz ekan degan fikrda qoldim. O‘zimni behuzur xis qilib xonamga kirib ketdim va o‘sha erdagi ayollar uni ‘Tur betdan ketgin!’ deb xaydab yuborishdi.
Keta turib ‘Ko‘rasiz, men hali xalq artisti bo‘laman, ana o‘shanda siz bilan gaplashaman!’ deb baqirib ketdi. U o‘zi bu erda baqirib isterika qilib yana meni ruhiy kasal deb xaqoratlayaptimi? Men uni ijtimoiy tarmoqlarda yozgan xaqoratlarini yuristimga ko‘rsatay, sudga beraman menda guvoxlar bor u o‘zini qanday tutganini ko‘rishgan. Yoshlar shu qadar betarbiya , qo‘rs bo‘lib ketganmi? Bitta savol bor, nimasi bilan u mashhur? Qanday bir ajoyib obraz yarata olgan? Kino sohasi professionallari unga yuqori baho qo‘yganmi? Qaysi roliga u nima mukofot olgan? Nima karomat ko‘rsatib qo‘ygan? Nima hissa qo‘shdi va qaysi bir nufuzli kinotaqdimotlarida taqdirlanganki gapini mashxur aktrisaman deb boshlasa? Avval kino soxasida katta bir yutuqqa erishib xalqaro tan olinib mukofotlansinda keyin aktrisaman deb baqirsin. Qanchasi axmoqcha qiliq qilib mashhurlikka erishyapti, mashhur bo‘lsa nima qilibdi? Mashhurlik bilan o‘lchanarkanmi? Hozir televidenieda hamma narsa mumkin! Hammasiga ruxsat berilyapti! San’atni rasvosi chiqib ketdi! Oldingidek professional san’at bilan xavaskorona san’atni ajratib qo‘yish kerak. Har biriga o‘ziga xos maxsus yondoshuv shart. Masalan, Gulsanam Mamazoitova va Yulduz Turdievalar professional xonandalar, ular Konservatoriyaning magistraturasini tugatishgan.
Mana bunaqa aktrisalar esa san’at va madaniyatdan ta’lim olmagani uchunam kelib istagan odamni boshida yong‘oq chaqib ketmoqda. Imtihonimni buzib ketishdi. Shuncha odam turibdi. O‘zini ko‘rsatib ketgani qoldi, xamma talabalar ustidan kuldi ketidan. U ketgach talabalar meni tinchlantirib "Asabiylashmang, ha u qandaydir rollarni ijro qiladi lekin u iqtidorli emas, shunchaki puli bor, hamma erga pul berib chiqadigan qiz" deb tushuntirishdi. Haligi birga kelgan yigitniyam tanimayman va tanishniyam istamayman, 30 ta klipim bor mashhurman deb menga baqiryapti”.
Eslatib o‘tamiz, Shahzoda o‘zining Instagram sahifasida Dilorom Omonullaevani “ruhiy kasal”, “manqurt” deb atagan edi.
Manba: Darakchi.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...