21:43 / 08.04.2021
1 073

«Kinoteatrlar tizimi mutlaqo izdan chiqib ketganini hammamiz yaxshi bilamiz» — Shuhrat Rizayev

«Kinoteatrlar tizimi mutlaqo izdan chiqib ketganini hammamiz yaxshi bilamiz» — Shuhrat Rizayev
Shu yilning 7 aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan kino san’ati va sanoati taraqqiyotiga xizmat qiluvchi bir yo‘la ikkita muhim hujjat — «Kino san’ati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi Farmon hamda «Kinematografiya sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish hamda soha vakillarining ijodiy faoliyati uchun munosib sharoit yaratish to‘g‘risida»gi qaror imzolandi.

Xo‘sh, mazkur tarixiy hujjatlar milliy kino san’atimiz rivojiga qanday o‘zgarish va yangiliklarni olib kiradi?

«O‘zbekkino» Milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Rizayev shular haqida intervyu berdi.

— Odatda katta-katta hodisalarning mohiyatini, ahamiyatini, ko‘lamini birdaniga his qilib, uni idrok etish oson kechmaydi. Kuni kecha davlatimiz rahbari imzolagan — kino san’ati va sanoati istiqbolidagi ezgu maqsadlarni belgilab bergan hujjatlar ana shunday jiddiy bir hodisa sifatida hammamizni nihoyatda mamnun qildi. Chunki Farmon va qaror bilan juda katta vazifalar qo‘yilyapti, ulkan marralar va maqsadlar belgilanyapti.

Bugun biz xohlaymizmi-yo‘qmi jahon taraqqiyotining g‘ildiragi nihoyatda shitoblanib ketyapti. Mana shu jarayonda bizning taraqqiyotimizga to‘siq bo‘ladigan muammolardan xolos bo‘lib, yangi zamon talabi asosidagi islohotlarni amalga oshirishimiz kerak edi. Prezidentimizning sohaga oid qabul qilingan hujjatlari mana shu yo‘lda bizga muhim dasturilamal bo‘ladi.

Kinemotografiya sohasini rivojlantirishda biz uchun eng muhim omillardan bo‘lgan kinoteatrlar tizimi mutlaqo izdan chiqib ketganini hammamiz yaxshi bilamiz. Bugun o‘sha tizim ishlamas ekan, kino sohasini rivojlantirish bo‘yicha davlat tomonidan qilinadigan yordam va boshqalar aynan kinoni rivojlantirishga xizmat qilmaydi, degan masala qo‘yilyapti. Shundan kelib chiqib, kinoteatrlar tarmog‘iga alohida ahamiyat qaratilyapti. Davlatimiz rahbarining Farmon va qaroridan keyin kinoteatrlar tarmog‘i butunlay bir boshqa o‘zanga tushib, samarali harakatlar boshlanadi.

Afsuski, yillar davomida mavjud kinoteatrlardan unumli foydalanmadik, uni tanazzulga keltirib qo‘ygan edik. O‘z vaqtida qabul qilingan hujjatlar ushbu katta yo‘nalishni izga solish va tamomila o‘zgartirish yo‘lidagi katta qadamdir. Sohada bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangi tartiblar talab darajasida ishlashimiz uchun imkoniyat ham yaratadi.

Qolaversa, Prezident qarori bilan Kinematografiya agentligi huzurida O‘zbekiston kinematografiya akademiyasi oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladigan bo‘ldi. Bu esa kelgusida soha uchun malakali kadrlar tayyorlashda ayni muddao. Agar belgilangan vazifalar ijrosini hamjihatlikda amalga oshirsak, o‘ylaymanki, yaqin kelajakda milliy kinomiz yangi nafaslar bilan, yangi kadrlar — rejissyor va operatorlar, ssenaristlar bilan boyiydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Madaniyat » «Kinoteatrlar tizimi mutlaqo izdan chiqib ketganini hammamiz yaxshi bilamiz» — Shuhrat Rizayev